O‘zbekiston | 12:05 / 15.03.2023
9401
4 daqiqa o‘qiladi

“Shaxsiy sir, mulk va hayot daxlsizligi kafolatlanadi” – deputat 

Yangi tahrirdagi konstitutsiyada har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lish, o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga egaligi mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Bugungi kunda telekommunikatsiya tarmoqlari va axborot texnologiyalari rivojlangani sari axborot va ma’lumotlarni uzatish, tarqatish jarayonlari osonlashib, xalq ichida ommalashib bormoqda. Hozirda 30 milliondan ortiq yurtdoshimiz mobil aloqadan foydalanadi. Afsuski, ijtimoiy tarmoq hamda internet saytlarida shaxsning shaxsiy va oilaviy siriga oid ma’lumotlari uning roziligisiz olinishi, tarqatilishiga guvoh bo‘lyapmiz. Buning oqibatida ko‘pchilik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘z shaxsiy hayotiga, shaxsiga doir ma’lumotlarning tarqalishiga oid huquqbuzarlikdan jabr ko‘rishyapti. 

Bunday sharoitda fuqarolarning shaxsiy va biometrik ma’lumotlarini, yozishmalarini saqlash va tarqatilishida tashqi ta’sirlardan himoya zarurati yuzaga kelmoqda. Shu nuqtai nazardan konstitutsiyada daxlsizlik huquqi sifatida shaxsiy, oilaviy sir va ma’lumotlarning noqonuniy to‘planishi va tarqalib ketishi cheklanmoqda.

Shuningdek, yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar, pochta, elektron xabarlar sir saqlanishi huquqi berilyapti. Bu huquqning cheklanishiga esa faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi. 

Endilikda har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarni himoya qilish, shuningdek, noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, hech kimning uy-joyiga unda yashovchi shaxslarning ruxsatisiz kirish mumkin emasligi ham konstitutsiyaviy norma sifatida mustahkamlanmoqda: uy-joyga kirishga, tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi. Buni uy-joyga bo‘lgan huquq daxlsizligi deyish mumkin.

 Bir necha yillardan buyon jamiyatimizda “snos” bilan bog‘liq muammo dolzarblik kasb etayotgandi. Bunga oqilona yechim sifatida hech kim sudning qarorisiz uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi hamda uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanishi ham mustahkamlanmoqda.

Nima uchun tintuv o‘tkazish va telefon so‘zlashuvini eshitishga sanksiya berish vakolati prokurordan sudga o‘tkazilmoqda? Inson tug‘ilganidan boshlab hayoti davomida u haqidagi ma’lumotlar biror-bir joyda “iz” qoldiradi: shifoxonada, FHDYo bo‘limlarida, bog‘chada, maktabda, qaysidir tashkilotlarda, kundalik foydalanadigan ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda, ma’lumotlar bazalarida shaxsning foto, video, audio, yozma yoki elektron shaklidagi shaxsga doir ma’lumotlari mavjud. Shu sababli ham tergov organiga fuqaroning shaxsiy hayotiga aralashib, uning telefon so‘zlashuvini eshitish bo‘yicha o‘zi mustaqil qaror qabul qilish vakolatini berib bo‘lmaydi. Albatta, tiyib turuvchi mexanizmlar kerak. Endilikda bu tartibga solinib, tintuv va telefon so‘zlashuvini eshitish doirasi sud tomonidan belgilanishi, bunga qay darajada zaruriyat borligi sudya tomonidan baholanishi belgilanmoqda.

Yangilanayotgan konstitutsiyaning 31-moddasi bilan insonning shaxsiy sir, mulk va hayot daxlsizligi to‘liq kafolatlanadi. 

Zafar XUDOYBeRDIYeV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, iqtisodiyot fanlari doktori.

Mavzuga oid