G‘arb Ukraina qarshi hujumining yangi bosqichi alomatlarini payqadi. Rossiya buni tasdiqlaydi
Payshanba kuni bir qancha tahliliy markazlar va g‘arb nashrlari bir vaqtda ukrain qo‘shini qarshi hujumning yangi bosqichini boshlagani haqida xabar berishdi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin harbiy harakatlar sezilarli darajada faollashganini aytib, amalda bu ma’lumotni tasdiqladi.

Foto: Getty Images
Xususan, Bloomberg agentligi anonim qolishni so‘ragan amerikalik mulozimga tayangan holda, Ukraina janubda yurish harakatlarini faollashtirgani, shu bilan birga umuman qarshi hujum jadal tus ola boshlaganini yozdi.
New York Times Pentagondagi ikki manbaga asoslanib, Ukraina qo‘mondonligi Vashingtonni asosiy zarba yo‘nalishida – Zaporijjya oblastida Orixiv shahridan janubda qarshi hujumning yangi bosqichi boshlanganidan xabardor qilganini xabar qildi.
Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina QK qarshi hujum uchun maxsus tayyorlangan va shu vaqtgacha zaxirada ushlab turilgan yangi tuzilmalarining bir qismini jangga tashlagan.
Qarshi hujumning yangi bosqichi boshlangani haqida Amerika urushlarni o‘rganish instituti (ISW) ham yozgan. Institut mutaxassislari hisoblashicha, ukrain qo‘shini Rossiya mudofaasining birinchi chizig‘ini buzishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Shu vaqtga qadar ukrain armiyasi frontning bir necha uchastkalarida yurish amaliyotlari o‘tkazmoqda, kuzatuvchilar buni Rossiya mudofaasidagi zaif joylarni qidirish yoki dushman zaxiralarini asosiy zarbadan uzoqlashtirishga qaratilgan aldamchi manyovrlar sifatida talqin qilishgan.
Barcha yo‘nalishlarda ukrain armiyasining harakati sekin kechgan, buni Ukraina qo‘mondonligi ham tan olgan. Ukraina qurolli kuchlariga zich minalangan maydonlar va havo kengliklari yopilmagani to‘sqinlik qildi.
Zaporijjyadagi zarba
26 iyul kuni Ukraina QK Zaporijjya oblasti g‘arbida mexanizatsiyalashgan qarshi hujum amaliyotini boshladi va aftidan, Rossiyaning Orixivdan janubdagi alohida tayyorlangan mudofaa pozitsiyalarini yengib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi, deya qayd etgan ISW tahlilchilari.
Ukraina Bosh shtabining janubdagi vaziyat bo‘yicha payshanba kuni tongda bergan hisobotida Ukraina mudofaa kuchlari hujum amaliyotlarini davom ettirayotgani va erishilgan marralarda mustahkam o‘rnashayotgani haqida kamtargina xabar qilingan.
Rossiyalik harbiy muxbirlarga ko‘ra, ukrainlar Orixivdan 10 km janubdagi Rabotine qishlog‘ining shimoli-sharqidagi mudofaa chizig‘ini yorib o‘tgan. Tarqalgan videoyozuvlarga ko‘ra, ukrain qo‘shini Rabotine qishlog‘idan 2,5 km sharqdagi nuqtaga yetib kelgan, keyin Rossiya qo‘shini elastik mudofaaning standart taktikasini qo‘llagan va ukrainlar chekingan, ammo o‘zining boshlang‘ich pozitsiyalariga qaytib kelmagan.
Ukraina asosiy zarbani Orixiy yo‘nalishida berishga qaror qilganini boshqa bir qancha manbalar ham bilvosita tasdiqlaydi: New York Times muxbiri Karlotta Goll chorshanba kuni bu hududda Ukrainaning G‘arbda o‘qitilgan yangi tuzilmalarini uchratganini aytgan.
Rossiya mudofaa vazirligi rasmiysi Igor Konashenkov xuddi shu hududda «tanklar bilan kuchaytirilgan uchta batalon kuchlari yoppasiga hujum qilgani»ni aytgan (uning so‘zlariga ko‘ra, bu hujum qaytarilgan).

Ehtiyotkorona baholar
ISW mutaxassislari qayd etishicha, qarshi hujumning yangi bosqichi belgilari yaqqol ko‘rinib turibdi, ammo bu endi hujum tezroq rivojlanishini anglatmaydi.
Qolaversa, ba’zi jihatlar Orixiv hududidagi «asosiy zarba» haqidagi xabarlarga ehtiyotkorlik bilan yondashishga undaydi. Rossiya manbalarida bu joyda oldinga siljigan kuchlar soni va ular ko‘rgan yo‘qotishlar bo‘yicha jiddiy tafovutlar mavjud. Ukrainaning oldingi hujumi vaqtida bunday ziddiyat kamroq edi.
Bundan tashqari, ISW tabiiy yong‘inlarni, shuningdek faol harbiy harakatlar belgilarini aniqlovchi NASA FIRMS sun’iy yo‘ldosh sensorlari tomonidan qayd etilgan sezilarli miqdordagi termal anomaliyalarni payqamagan.
Bu hududda harakatlanayotgan ukrain qo‘shinlari maksimal soni uchta batalonga baholanmoqda (bu Rossiya mudofaa vazirligi bahosi). Uch batalon – bu atigi bitta brigada degani, Ukraina esa bir qancha yangi brigadalarni zaxirada ushlab turgandi.
ISW Ukraina kuchlari katta hududlarni qaytarib olishga qodirligini prognoz qilishda davom etmoqda, ammo bu yurish katta ehtimol bilan uzoq davom etishi, muvaffaqiyatlar esa sukunat yoki yanada qiyin hamda sekin ilgarilashlar bilan almashib turishini ta’kidlagan.

Britaniya razvedkasining payshanba kuni e’lon qilgan kunlik hisobotida ham ukrain kuchlarining Zaporijjya oblastidagi yurishi tilga olingan, ammo hisobot asosan Rossiya bu hududda Ka-52 vertolyotlarini qo‘llayotganiga bag‘ishlangan.
Ekspertlar avvalroq ukrainlar qarshi hujumi sekin sur’atlarda kechayotgani sabablari qatorida aynan aviatsiya va havo hujumidan mudofaa tizimlari yetishmovchiligini sanashgandi.
Wall Street Journal g‘arblik harbiylarga asoslanib, havodagi ustunliksiz murakkab yurish amaliyoti o‘tkazish shunchaki imkonsizligini yozgan.
Shu bilan birga, chorshanba kuni BBC muxbiri Gordon Korrea bilan gaplashgan g‘arb maxsus xizmatlaridagi manba suhbat davomida qarshi hujum mavzusiga to‘xtalgan bo‘lsa-da, asosiy zarba haqida hech narsa demagan. U yurish hamon uch yo‘nalish bo‘ylab rivojlanayotganini ta’kidlagandi.
Taktikaning o‘zgarishi
Financial Times gazetasi qayd etishicha, qarshi hujumning birinchi bosqichidagi muvaffaqiyatsizlik Ukrainani taktika o‘zgartirishga majbur qilgan.
FT jurnalistlari gaplashgan harbiylar Ukraina qarshi hujumining ilk kunlarini «xaos» deb ta’riflaydi.
Harbiylarning oldinga siljishi o‘z bo‘linmalarini o‘qqa tutish holatlari bilan birga kechadi, hujum qilishga urinishlar esa tezda rossiyaliklarning minalangan maydonlari, tankka qarshi raketalari va Ka-52 vertolyotlariga to‘qnash kelgan ilg‘or bo‘linmalarni qutqarish amaliyotiga aylanadi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, birinchi bosqichda Ukraina NATO mamlakatlari tomonidan taqdim etilgan qurollarning taxminan beshdan bir qismini yo‘qotgan.
Yakunda Kiyev taktikani o‘zgartirgan va bu, ukrain komandirlarining so‘zlariga ko‘ra, aftidan, jang maydonida natijaga erishish imkonini bermoqda.
Shturm harakatlari o‘rniga ukrain harbiylari rossiyaliklarnikidan uzoqlik va aniqlik borasida ustun turuvchi artilleriyasidan yoppasiga foydalanishga o‘tgan. Bu ilg‘or guruhlarning ilgarilashi va katta yo‘qotishlarsiz taktik yutuqlarga erishishini ta’minlagan.
Ammo g‘arblik ittifoqchilarda bu strategiyaga ham savollar bor – Ukraina buni yetarlicha uzoq davom ettira oladimi yoki Moskvani muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur qiladigan harbiy muvaffaqiyatga erisha oladimi?
Shunday xavotir ham borki, Ukraina qurolli kuchlari artilleriya snaryadlari zaxiralarini tezlik bilan sarf qilmoqda va yurish sekin ketayotgani Rossiyada yangi mudofaa chiziqlarini barpo etish va yangi kuchlarni tayyorlash uchun vaqt paydo bo‘lishi mumkin.
Mavzuga oid

22:48 / 12.05.2025
Zelenskiy Putinni yuzma-yuz gaplashishga chaqirdi. Rossiya nega otashkesimni cho‘zyapti?

16:55 / 12.05.2025
Rossiya va Ukraina 2022 yildan buyon ilk muzokaralarga tayyorlanmoqda. Otishmalar davom etmoqda

14:54 / 12.05.2025
Rossiya TIV: Avval Istanbuldagi muzokaralar, keyin - sulh mavzusi

14:24 / 12.05.2025