Jahon | 12:11 / 29.02.2024
2439
2 daqiqa o‘qiladi

Tadqiqot: Dunyoda tabiiy ofatlardan ko‘rilgan zarar 200 mlrd dollarga teng

Iqlim o‘zgarishi natijasida kelajakda tabiat hodisalaridan ko‘rilgan zarar miqdori oshishi mumkin, deb xabar bermoqda Swiss Re Insitute.

Foto: Getty Images

Suv toshqinlari, tropik siklonlar, dovullar va konvektiv bo‘ronlar natijasida global iqtisodiy yo‘qotishlar yiliga 200 milliard dollarni tashkil qilishi mumkin. Ushbu baho 28 fevral, chorshanba kuni Shveytsariyaning Swiss Re qayta sug‘urta kompaniyasi tahliliy bo‘limi - Swiss Re Insitute tadqiqotchilari tomonidan e’lon qilindi

Hisobot mualliflari 2022 yildagi ma’lumotlarga asoslanib, yuqorida qayd etilgan to‘rt turdagi tabiiy ofatlarning ehtimoliy iqtisodiy oqibatlarini 36 mamlakat uchun tahlil qilib, ular Filippin uchun eng jiddiy hisoblanishini aniqladi. Bu yerda yillik yo‘qotishlar mamlakat YaIMning 3 foizigacha yetishi mumkin.

Davlat iqtisodiyoti hajmiga nisbatan tabiiy ofatlardan ehtimoliy zarar hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda YaIMning 0,38 foiz darajasi bilan Qo‘shma Shtatlar turibdi. Keyingi o‘rinlarda Tailand, Avstriya va Xitoy. Germaniya ushbu ro‘yxatda 14-o‘rinda, unda bu ko‘rsatkich yalpi ichki mahsulotning 0,14 foizini tashkil etishi mumkin. 

Mutlaq ko‘rsatkichlar nuqtayi nazaridan, tabiiy ofatlardan eng katta iqtisodiy zarar AQShga tegishli. U yiliga 97 milliard dollarga baholanmoqda. Tahlilda Rossiya uchun ma’lumotlar yo‘q. 

Tabiiy ofatlar ta’sirida iqlim o‘zgarishi roli 

«Iqlim o‘zgarishi og‘ir ob-havo hodisalari sonining ko‘payishiga olib keladi va shuning uchun tobora jiddiy iqtisodiy yukka aylanmoqda», dedi Swiss Re bosh iqtisodchisi Jyerom Jan Xegeli. 

Ta’kidlanishicha, zararni baholashda sug‘urtalangan mulkka yetkazilgan zarar emas, balki uning to‘liq hajmi ham hisobga olingan. Shu bilan birga, faqat to‘rtta tabiiy ofatning oqibatlari ko‘rib chiqildi. Swiss Re Insitute ekspertlari fikricha, iqlim o‘zgarishi natijasida kelajakda tabiat hodisalaridan yetkaziladigan zarar miqdori oshishi mumkin.

Mavzuga oid