Jahon | 16:28 / 08.03.2024
27300
10 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat. Rossiya armiyasi Avdiyivkadan keyin qayerni nishonga olishi mumkin?

Donetsk yaqinidagi uzoq va qonli janglardan keyin Rossiya qo‘mondonligi tanaffus qilishi haqidagi taxminlar o‘zini oqlamadi.

Foto: Reuters

Ukraina qurolli kuchlarining Maryinka va Avdiyivkadagi kuchli istehkomlarini egallab olgan Rossiya armiyasi g‘arbiy yo‘nalishda hujum amaliyotlarini davom ettirib, ayrim uchastkalarda asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, ilgarilashga erishmoqda. OAVda shiddatli janglar olib borilayotgan yoki tez orada janglar boshlanishi kutilayotgan aholi yashash manzillari nomlari tilga olnmoqda.

BBC harbiy sharhlovchisi Ilya Abishev Donetsk frontidagi vaziyatni tahlil qildi.

«Ukraina faqat oldinga siljishni ko‘zlagandi»

Avdiyivka egallanganidan keyin Rossiyaning «Markaz» qo‘shinlari guruhi qo‘mondonligi o‘z muvaffaqiyatini rivojlantirdi va g‘arb tomon siljishda davom etdi. Hozirda front chizig‘i Berdichi — Semyonovka — Orlivka — Tonenke qishloqlari chizig‘i bo‘ylab o‘tmoqda, ushbu aholi yashash manzillari atrofidagi janglarda goh u tomonning, goh bu tomonning qo‘li baland kelmoqda.

Bu hududdan g‘arbroqda Pokrovsk shahri joylashgan, Rossiya qismlarining yurishi shu shahar yo‘nalishida olib borilmoqda. Shahar vaqti-vaqti bilan o‘qqa tutib turilibdi, 6 martga o‘tar kechasi yo‘llangan zarbalar oqibatida ko‘p qavatli va xususiy uylar, ma’muriy binolar shikastlangan.

Pokrovskka qadar masofa taxminan 30 kilometrni tashkil etadi. Hozirgi urushda ilgarilash sur’atlari hisobga olingan taqdirda, bu ancha katta masofa sanaladi. Ammo front chizig‘i va Pokrovsk oralig‘i — deyarli tabiiy to‘siqlarsiz kengliklar va qal’a sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan aholi yashash punktlaridan iborat. Raqib bir hamlada ancha ichkarilashga erishsa, bunday geografik joylashuv mudofaalanayotgan tomon uchun falokatga aylanishi mumkin.

So‘nggi kunlarda Ukraina qurolli kuchlari Berdichi — Tonenke uchastkasida faollashdi. Gap qandaydir qarshi hujum amaliyoti haqida gap ketmayapti — ko‘rinib turibdiki, ukrainlar birinchi navbatda o‘z pozitsiyalarini ushlab turishi hamda yangi mudofaa marralarini tayyorlash uchun vaqtdan yutishi muhim.

Avdiyivkadan g‘arbdagi hududlarning sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlarini o‘rgangan New York Times gazetasi 2 mart kungi maqolasida ukrainlarning istehkomlari «hayratlanarli darajada kuchsizligi», xandaqlar liniyasi — «siyrak va ibtidoiy» ekani, unda rus qo‘shinlari harakatini sekinlashtirishi kerak bo‘lgan qo‘shimcha inshootlar yo‘qligi haqida yozgan.

«Rossiyaliklar Ukraina qurolli kuchlarining yurishidan yarim yil oldin mudofaa chizig‘ini qurishni boshlagandi, Ukraina esa bu masala haqida faqat uch oy oldin qayg‘ura boshladi, chunki ular faqat oldinga yurishni ko‘zlashgan. Bundan tashqari, mablag‘ va ishchi kuchi yetishmagan», — deya fikr bildiradi NYT mualliflari.

Frontning boshqa uchastkalaridagi ukrain askarlari ham jangovar pozitsiyalar yetarlicha mustahkamlanmaganidan shikoyat qilishadi

Ukrainadagi manbalar ham shunday zaiflikka, ba’zida esa ishonchli himoya chizig‘i yo‘qligiga ishora qilmoqda. «2023 yil 1 dekabr. Oliy bosh qo‘mondon V. Zelenskiy frontda mudofaa inshootlari qurishni boshlash to‘g‘risida buyruq berdi. Ammo rasmiylar haligacha quruq so‘zdan boshqa amalda hech ish qilishmadi. Ayni vaqtda qurilishi rejalashtirilgan ko‘plab obektlarda muhandislik ishlari ham boshlanmagan, ishlar boshlangan joyda esa faqat boshlang‘ich ishlar qilingan. Birorta obekt yakunlanmagan. Ish sur’ati shunchaki nochor ahvolda», — deya yozgan Tsenzor.Net nashri muharriri Yuriy Butusov.

«Yengil sayr bo‘lmaydi»

Donetsk atrofidagi Rossiya qo‘shini uchun yana bir istiqbolli hudud dekabr oyi oxirida bosib olingan Maryinka bo‘ldi. Hozirda ular asosiy uch yo‘nalish — shimol, g‘arb va janubga yurish qilish orqali shahar atrofidagi nazorat zonasini kengaytirishga harakat qilmoqda.

Shimolda Rossiya bo‘linmalari Krasnogorovkaning janubiy chekkalarini shturm qilishga harakat qilmoqda (Ukrainada bu nomdagi aholi yashash punktlari ko‘p, bu o‘rinda gap Donetskdan g‘arbda joylashgan va hozirda Kiyev nazoratida bo‘lgan shaharcha haqida ketmoqda). Uning kuchli istehkom sifatidagi ahamiyatini Maryinka bilan solishtirish mumkin va Ukraina qurolli kuchlari uni yo‘qotishni istamaydi.

«Dushmanning Krasnogorovkaga kirish uchun urinishlari muvaffaqiyatli to‘xtatilmoqda», — deya tasdiqlagan ukrainlarning DeepState portali.

Rossiyaliklarning Rybar telegram-kanali esa Rossiya bo‘linmalari bu yerda ham yutuqlarga erishgani haqida yozgan: «RF qurolli kuchlari Krasnogorovkaning janubiy chekkasini shturm qilish davomida Geologicheskaya ko‘chasi bo‘ylab temiryo‘lga o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Hozirda rossiyalik harbiy xizmatchilar Lermontov va Jyeleznodorojnaya ko‘chalari chekkalarida mustahkam o‘rnashib olishga muvaffaq bo‘lgan».

«Ammo shimolga keyingi harakatlanish yengil sayr bo‘lmaydi. Krasnogorovkaning markaziy qismini chindan ham shturm qilish qiyin bo‘lgan yirik sanoat zonasi deb hisoblash mumkin. Sharqdan yurish qilayotganlarning qo‘llab-quvvatlovi bo‘lmasa, ukrainlarga himoyalanish ancha osonroq bo‘ladi», — deya yozgan militar kanal muallifi.

Maryinkadan g‘arbda rus qo‘shini Kuraxovoga olib boruvchi N15 trassasi bo‘ylab yurish qilmoqda. Bu yo‘nalishda ular yo‘ldan chiqqan Georgiyevka qishlog‘ini janubdan aylanib o‘tishga harakat qilmoqda, ammo muvaffaqiyatsiz.

Rossiya zarbasining janubiy yo‘nalishi Suxiye Yali daryosi bo‘ylab Maryinka va Vuhledar oralig‘ida joylashgan qishloqlar zanjiri — birinchi navbatda, Novomixaylovka, Paraskoviyevka va Konstantinovkadir. Bu hududda shiddatli janglar ketmoqda, rossiyalik askarlar Novomixaylovkadagi vayronalarga o‘rnashgan. «Bunday to‘qnashuv chizig‘i bilan ularni u yerdan siqib chiqarish deyarli imkonsiz bo‘ladi», — deya qayd etgan DeepState.

Kuraxovoning ehtimoliy boy berilishi yoki Rossiya shturm bo‘linmalari shahar janubiga yetib kelishi Ukraina qurolli kuchlariga Zaporijjya yo‘nalishidagi chap qanot — Vuhledar bo‘rtig‘i egallab olinishi bilan xavf soladi. Bu muhim istehkom bo‘lib, rossiyaliklarning logistik tizimini qiyinlashtirib turadi va kelgusida ukrain armiyasi ko‘p yo‘nalishlar — Mariupolga ham, Volnovaxa yoki Donetskni aylanib o‘tgan holda Dokuchayevskka hujum qilishi uchun platsdarm vazifasini o‘tashi mumkin.

Rossiya armiyasi bir necha bor janub va sharqdan berilgan zarbalar bilan Vuhledar bo‘rtig‘ini ukrainlarning asosiy hududidan uzib qo‘yishga harakat qilgan, ammo bu urinishlarning barchasi muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Ammo agar unga shimoldan yaqinlashib kelinsa, ushbu istehkom ham Avdiyivka bilan bo‘lgani kabi yarim qurshov holatida qolishi mumkin.

Hozirgi bosqichdagi harbiy harakatlar qanday xususiyatlarga ega?

Fevral oyi oxirida Donbassda ukrainlarning HIMARS tizimlari bir necha bor to‘planib turgan rus bo‘linmalariga zarbalar yo‘lladi

Rossiya armiyasi «Vagner» guruhi taktikasidan tobora ko‘proq foydalanmoqda — bu turli yo‘nalishlarda kichik shturmchi guruhlar bilan hujumlar to‘lqinini uyushtirishni nazarda tutadi. Bunda kichik yutuqlarga erishilganida uni rivojlantirish uchun jangga yirik tuzilmalarni tashlash talab etilmaydi, balki egallangan pozitsiyalarda mustahkam joylashib keyingi maqsadlar uchun tayyorgarlik ko‘riladi.

Bunday uslubda yo‘qotishlar yuqori bo‘lib, har qanday yurish amaliyotining asosiy vazifasi — raqib kuchlarini butkul tor-mor etish — bajarilmasa ham, hududiy yutuqlar bo‘ladi. Ukrainlarning navbatdagi qishlog‘i egallangani to‘g‘risidagi xabar Rossiya propagandasining axborot fonini hamda amaliyot uchun javobgar bo‘lgan harbiy boshliqlarning holatini yaxshilaydi.

Raqib zirhli texnikalar ishtirokisiz kichik piyoda guruhlarga bo‘linib harakatlanishi ukrain artilleriyasi samaradorligini pasaytiradi. Ukraina qurolli kuchlari ko‘pincha o‘t ochish bilan qo‘llab-quvvatlash yetarli emasligidan shikoyat qilishadi. Bu holatning sababi faqatgina snaryadlar taqchilligi bo‘lib qolmay (bu ham muhim), balki kichik va tarqoq holatdagi nishonlarga qarshi o‘q-dorilarni behuda sarflamaslik zaruratidir.

Front chizig‘i beqaror bo‘lganida kichik shturmchi guruhlarning harakati nisbatan samarali bo‘lishi mumkin va hatto raqibning o‘t ochish vositalari samarasizligi holatida yo‘qotishlar ham ko‘p bo‘lmaydi. Ammo, umuman olganda, eshelonli himoyaga qarshi bunday «to‘p yemi shturmlari» eng yaxshi holatda taktik yutuqlarga imkon beradi. Jiddiy yorib o‘tish bo‘lmaydi - rivojlantirish mumkin bo‘lgan natija ham.

Kuch va vositalarning ochiq osmon ostida to‘planishi xavfi hamon dolzarbligicha qolmoqda. Piyodalar va texnikalar to‘planib turgan nuqtaga darhol zarba yetib keladi. Shu bilan birga, frontda jonli kuch va qurollar bilan to‘yinganligi darajasi yuqoriligicha qolmoqda — Rossiya armiyasi ham, Ukraina armiyasi ham hozircha muhim uchastkalarga zaxiralarni olib kelishda jiddiy muammoga uchramayapti.

Mavzuga oid