Ukrainalik grossmeyster g‘irromligi uchun 3 yilga diskvalifikatsiya qilindi
Turnir vaqtida u tez-tez hojatxonaga chiqib turgan, keyinroq u yerda mobil telefonlar topilgan.

Foto: Reuters
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Ruminiya terma jamoasida 2023 yildan buyon o‘ynab kelayotgan ukrainalik grossmeyster Kirill Shevchenkoni g‘irromligi uchun uch yilga (1 yili shartli) diskvalifikatsiya qildi.
2024 yil oktyabrida Shevchenko Ispaniya jamoaviy chempionatidan chetlatildi va unga ikkita mag‘lubiyat yozildi. Shubhalar grossmeysterning hojatxonaga tez-tez borib turishi sababli paydo bo‘ldi. U yerda ikki marta mobil telefonlar topildi, ulardan birida ukrainalikning dastxati bor edi. Shaxmatchining o‘zi avvaliga barcha ayblovlarni rad etdi, biroq keyinroq telefondan foydalanganini tan oldi.
FIDE axloq va intizom bo‘yicha komissiyasi (EDC) qarorida Shevchenkoning telefonni hojatxonaga yashirib, Lichess platformasiga kirish uchun foydalangani qayd etilgan. Shu bilan birga, shaxmatchi g‘irromlik qilganini yoki harakatlari o‘yinlarga ta’sir qilganini rad etadi. Jazoni yengillashtiradigan omillar sifatida Shevchenko huquqbuzarlikni o‘z vaqtida tan olgani, pushaymon ekani va o‘ldirish tahdidi tufayli ruhiy holati yomonligi ko‘rsatilgan.
Shevchenko Ukraina chempionatlari sovrindori va Ukraina terma jamoasi tarkibida 2021 yilgi Yevropa jamoaviy chempionati g‘olibi.
Mavzuga oid

13:54
G‘arbiy sohildagi quvg‘inlar, Falastin uchun kurashayotgan Harvard va portlatilgan rus generali - kun dayjesti

11:31
Tramp o‘tgan juma Rossiya-Ukraina muzokaralari uchun yaxshi kun bo‘lganini aytdi

19:59 / 25.04.2025
Ukraina 5 ming tonna bug‘doy ortilgan Rossiya kemasini hibsga oldi

18:33 / 25.04.2025