Jahon | 13:28 / 16.04.2025
6042
10 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda tinchlikka yangi umid, Turkiya ta’siridan xavotirga tushgan Isroil va Trampdan Putinga so‘nggi muhlat - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azoda tinchlikka yangi umid

14 aprel kuni Isroil G‘azodagi urushni to‘xtatish bo‘yicha yangi taklifni HAMASga yetkazdi. Harakat hujjatni ko‘rib chiqmoqda va yaqin kunlarda javob berishi kutilmoqda. Ammo kelishuvga umid hali past.

Isroilning asosiy talabi — HAMASning to‘liq qurolsizlanishi va 11 nafar isroillik asirni topshirish. Bunga javoban Tel Aviv 45 kunlik urushni to‘xtatishga rozi. HAMAS buni «millionta qizil chiziq» deb atadi va rad etdi.

Siyosiy va harbiy tortishuvlar Qohira va Parijdagi muzokaralarni to‘xtatdi. 18 martdagi so‘nggi kelishuv buzilgandan so‘ng Isroil qaytadan hujumni boshladi. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, 7 oktyabrdan buyon 51 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan.

Isroil hozirda G‘azoning atrofiga bufer zona qurmoqda va Rafah–Xon Yunus orasidagi uylarni buzmoqda. Tinchlik uchun imkoniyat juda zaif ko‘rinmoqda.

Isroil Turkiya ta’siridan xavotirda

Isroil rasmiylari Turkiya va Qatarning yangi gaz loyihasi orqali Yevropaga ta’sirini oshirishidan xavotirda, deb yozadi Yediot Ahronot. Gap Qatar gazini Suriya va Turkiya orqali Yevropaga yetkazish rejasi haqida bormoqda. Loyiha 2009 yilda muzlatilgan, ammo hozir qayta jonlanmoqda.

Tel Aviv avvalroq o‘z uglevodorodlarini Hayfa porti orqali sotishni rejalashtirgan edi. Biroq Suriyadagi urush va Turkiya-Damashq aloqalarining tiklanishi bu rejani murakkablashtirdi. Isroil diplomatlari Anqara bilan aloqalarni mustahkamlashni tavsiya qilmoqda, chunki Turkiya Suriyadagi asosiy o‘yinchiga aylangan.

Gazetada Isroilning Suriyaga nisbatan aniq strategiyasi yo‘qligi, urush davomidagi aviahujumlar ortidan yangi nizolar kelib chiqishi mumkinligi qayd etilgan. Loyiha amalga oshsa, Isroil bir vaqtning o‘zida G‘azo, Livan va ehtimol Turkiya frontida muammolarga duch kelishi mumkin.

AQSh Sumiga hujumni qoralashdan bosh tortdi

Vashington G7 ittifoqchilariga Rossiyaning Sumiga qilgan raketa hujumini qoralovchi bayonotga qo‘shilmasligini ma’lum qildi. Bloomberg manbalariga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bu qarorni Rossiya bilan tinchlik muzokaralari uchun «imkon saqlash» zarurati bilan izohlagan.

G7’ning joriy raisi sifatida Kanada bayonotni AQSh roziligisiz qabul qilishni bema’nilik deb atagan. Bayonotda hujum Rossiyaning urushni davom ettirish niyati borligini ko‘rsatishi ta’kidlanishi kerak edi.

Sumiga 13 aprelda qilingan zarba oqibatida 36 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ziyod inson yaralangan. Ukraina prezidenti Zelenskiyning aytishicha, hujumdan so‘ng 50 ga yaqin davlat va tashkilotlar Ukrainaga hamdardlik bildirgan.

Tramp esa Patriot tizimlari sotilishiga oid savolga javoban «Ukrainadagi urushga mening daxlim yo‘q», degan va urush boshlanishida Bayden hamda Zelenskiyni ayblagan.

Tramp Putinga muhlat belgiladi

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putin uchun Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralari bo‘yicha «psixologik dedlayn» belgilaganini ma’lum qildi. U Truth Social sahifasida «Rossiya tezroq harakat qilishi kerak», deya yozdi. Axios manbasiga ko‘ra, Tramp ma’muriyati aprel oxirini kelishuv uchun so‘nggi imkoniyat sifatida ko‘rmoqda.

Agar Moskva tinchlikka intilish belgisini namoyon etmasa, Tramp yanada qattiq sanksiyalar joriy etishini va’da qilgan. 20 aprel — Pasxa ehtimoliy muddat sifatida tilga olinmoqda.

Siyosiy muzokaralar fonida Rossiya Zaporijjya va Xarkivda hujumni davom ettirmoqda. Ukraina armiyasi yetishmovchiliklarga duch kelayotgani, mayda yangi bosqich boshlanishi mumkinligi qayd etilmoqda.

AQSh Ukrainadan besh hududni talab qilmoqda

AQShning maxsus vakili Stiv Uitkoff Rossiya bilan tinchlik kelishuvi faqat «besh hudud»ni Rossiyaga topshirish shartida imzolanishi mumkinligini bildirdi. Gap Qrim, Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson haqida ketmoqda.

Fox News efirida Uitkoff «tarixiy kelishuv» yaqin ekanini aytdi. Unga ko‘ra, kelishuv orqali AQSh va Rossiya munosabatlari ham qayta tiklanishi mumkin. Reuters yozishicha, prezident Donald Tramp ushbu ssenariyni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Biroq The Wall Street Journal ma’lum qilishicha, AQShdagi yuqori lavozimli amaldorlar, xususan, davlat kotibi Marko Rubio bunday yo‘l tutishga qarshi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoffning «beshta hudud» to‘g‘risidagi bayonotiga javoban, hech qanday yerni Rossiyaga berishni qabul qilmasligini bildirdi. Unga ko‘ra, mamlakat hududiy yaxlitligi — muzokaraning emas, xalqning o‘z qarashlari bilan hal etiladigan masala.

«Alaloqibat, kimdir o‘z vakolatidan tashqaridagi masalalarni muhokama qilayotganini ko‘ryapmiz. Biz uchun vaqtincha okkupatsiya qilingan hududlarni Rossiyaniki deb tan olish — qabul qilish imkonsiz bo‘lgan «qizil chiziq», — dedi Zelenskiy NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan Odessadagi uchrashuvda.

9 may uchun Kiyev va Moskva talashmoqda

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Yevropa Ittifoqi yetakchilarini 9 may kuni Kiyevga taklif qildi. Bu sanada Moskvada an’anaviy harbiy parad o‘tadi. Kiyev tashabbusi Yevropa bilan diplomatik birdamlikni namoyon etish va Rossiya tantanalariga muqobil tadbir nishonlash maqsadini ko‘zlaydi.

Sibiga bu taklifni Lyuksemburgdagi uchrashuvda bildirgan. Politico nashrining yozishicha, Kiyevga may oyida Germaniyaning bo‘lajak kansleri Fridrix Mers tashrif buyurishi mumkin. «Ko‘ngillilar koalitsiyasi» deb nomlangan guruh doirasida Ukraina xavfsizligiga kafolatlar muhokama etiladi.

Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas 9 mayda Moskvadagi paradda ishtirok etishdan voz kechishga chaqirdi. Rossiya esa Xitoy, Hindiston, Braziliya, Serbiya va Slovakiya yetakchilarini Moskvaga taklif qildi. Rossiya parlamenti spikeri Volodin Kallasni tanqid qilib, uni vazifasidan chetlatishni talab qildi.

Ukraina dronlar bilan Kurskka hujum qildi

Sumi shahriga pravoslav nasroniylar uchun muqaddas bo‘lgan yakshanba kuni qilingan raketali hujumdan so‘ng, Ukraina Rossiyaning Kursk oblastiga 100 dan ortiq dron bilan zarba berdi. Bu Rossiyadagi eng yirik dron hujumlaridan biri sifatida qayd etildi. Kurskda 85 yoshli ayol halok bo‘ldi, to‘qqiz kishi jarohat oldi, bir nechta uy va «tez yordam» mashinalari zarar ko‘rdi.

Rossiya tomoni Sumiga uyushtirilgan aviahujumni ukrain harbiylari yig‘iniga qilingan zarba deb baholadi. Kiyev esa buni tinch aholiga qasddan qilingan hujum, deb hisoblamoqda. Ukraina hujumda 36 nafar tinch fuqaro halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Rossiya tinchlik emas, urushni davom ettirishni istayotganini ta’kidladi. Moskva esa «janjal sabablari bartaraf etilsa», tinchlikka tayyor ekanini bildirmoqda.

Grenlandiya Trampga qanchaga tushadi?

Donald Trampning Grenlandiyani xarid qilish rejasi AQShga kamida 2,2 mlrd dollarga tushishi mumkin, deb yozmoqda Newsweek. Bu mablag‘ nafaqat birinchi to‘lov, balki Grenlandiya aholisiga har yillik subsidiyalarni ham o‘z ichiga oladi.

Grenlandiya — Daniyaga qarashli muxtoriyat bo‘lib, strategik joylashuvi va tabiiy resurslari bilan AQSh uchun muhim hudud hisoblanadi. 1946 yilda Garri Trumen bu orol uchun 100 mln dollar taklif qilgan, bu inflatsiya hisobida hozirgi 1,6 mlrd dollarga teng.

2019 yilda Tramp ma’muriyati «milliardlab dollarlik investitsiya» va’da qilgan. Endi esa Tramp grenlandiyaliklarning ishonchini qozonish maqsadida Daniyaning 600 mln dollarlik yillik yordamiga nisbatan ko‘proq mablag‘ va’da qilmoqchi.

Agar Kopenhagen muzokaradan bosh torsa, Tramp Daniya dori-darmonlariga 25 foizlik boj joriy etishni ko‘rib chiqmoqda. Yevropa Ittifoqi esa bu rejalarga keskin qarshi chiqmoqda.

Fransiya qamoqxonalariga qo‘rqinchli hujumlar

15 aprel kuni Fransiyada bir necha qamoqxonalarga bir vaqtda hujum qilindi. Avtomobillar yoqib yuborildi, avtomatlardan o‘q uzildi. Bu jinoiy harakatlar narkotik savdosiga qarshi qo‘yilgan qattiq choralarga javob sifatida baholanmoqda.

Tulondagi qamoqxona darvozalariga Kalashnikovdan o‘q uzilgan, Lyuin va Valanseda turma yonidagi mashinalar yoqib yuborilgan. Parij yaqinidagi Nanter, Vilpent va Nim shaharlarida ham jazoni ijro etish muassasalariga shikast yetkazilgan. Marselda esa «Fransiya mahbuslari huquqlari uchun» degan yozuv qoldirilgan.

Fransiya Adliya vaziri Jyerald Darmanen turma xodimlariga tahdid qilinganini tasdiqlab, hukumat narkomafiyalarini butunlay yo‘q qilish choralarini ko‘rayotganini aytdi.

BFMTV manbalari hujumlar yaxlit va oldindan rejalashtirilganini ma’lum qildi. Ularga ko‘ra, bu hujumlar narkotrafikchilar uchun maxsus rejimdagi qamoqxonalar qurish rejalariga javob bo‘lgan.

Mavzuga oid