Jahon | 13:55 / 17.04.2025
5005
10 daqiqa o‘qiladi

Insonparvarlik yordamisiz qolgan G‘azo, urushdan milliardlarni ishlayotgan KXDR va sulh imzolashga tayyor Armaniston - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Isroil G‘azo yerlarini butunlay egallab olmoqchi

Isroil mudofaa vaziri Israel Katsga ko‘ra, G‘azoda egallangan yerlarni endi Isroil armiyasi tark etmaydi. Uning bayonotiga ko‘ra, «o‘nlab foiz» hudud bufer zonalariga qo‘shib olingan.

Kats bu hududlarda harbiylar har qanday vaziyatda qolishini aytdi. Bu vaqtda 2 mln falastinlik yanada tor hududlarga siqib chiqarilmoqda. Janubdagi Rafah shahri va Morag koridori ham Isroil nazoratiga o‘tgan.

HAMAS buni «siyosiy tuzoq» deb atab, urushni to‘xtatishning shartlari sifatida to‘liq chiqish va qamalni bekor qilishni talab qilmoqda.

Muxolifatdagi «Israel Beytenu» partiyasi rahbari Avigdor Liberman mudofaa vaziri Israel Katsning G‘azoga humanitar yordam o‘tkazilishini boshlash haqidagi bayonotini «taslim bo‘lish» deb atadi.

Katsning bayonotini Isroil milliy xavfsizlik vaziri, ultrao‘ng millatchi Itamar Ben-Gvir ham tanqid qildi va buni «tarixiy xatolik» deb atab, «bunga to‘sqinlik qilish uchun qo‘limdan kelgan hamma narsani qilaman», deya bayonot berdi.

Kuchli tanqidlardan so‘ng Isroil mudofaa vaziri Israel Kats o‘z so‘zlari noto‘g‘ri talqin qilinganini bildirdi.

«Men o‘z bayonotimda ta’kidlaganimdek, Isroilning siyosati aniq — G‘azoga hech qanday yordam yetkazilmaydi. Hozirgi sharoitda yordam yuborish yoki uni qabul qilish rejasi yo‘q», — dedi u.

Meta Isroil talablarini so‘zsiz bajarmoqda

2023 yil 7 oktyabridan buyon Meta kompaniyasi Isroil hukumatidan kelgan kontentni o‘chirish so‘rovlarining 94 foizini bajargan, deb xabar qilmoqda Drop Site News.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Facebook va Instagram’dagi postlar mazmuniga qaramay, ular bir xil shablon bo‘yicha o‘chirilgan. Meta bu jarayonda odatdagi moderatsiya emas, sun’iy intellekt orqali avtomatik filtr qo‘llagan.

Isroil asosan arab va musulmon foydalanuvchilarga tegishli kontentni o‘chirtirgan. Bu davlat kontent o‘chirilishi bo‘yicha dunyoda yetakchiga aylangan.

Meta’ning ichki tekshiruvlari Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi postlarda qoidabuzarlik topmagan.

Falastinlik faollar va jamoalar yillar davomida Meta’ni senzurada ayblab keladi. Ular buni Isroil manfaatini himoya qilish va genotsidni yashirish, deb baholaydi.

Ukraina Sumiga zarba uchun intiqom oldi

16 aprel kuni ertalab Ukraina dronlari Rossiyaning Ivanovo oblastidagi Shuya shahriga hujum qildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hujumda ikki fuqaro yengil tan jarohati olgan. Rossiya Mudofaa vazirligi yettita dron urib tushirilganini ma’lum qildi.

Astra tahliliga ko‘ra, portlashlar Rossiya armiyasining 112-gvardiya raketa brigadasi bazasiga juda yaqin sodir bo‘lgan — 200 metrgacha masofada. Boshqa portlash harbiy shaharchadan 1 km uzoqda qayd etilgan. Rossiyalik rasmiylar bazaga zarbani tasdiqlamadi.

Ukraina bu hujum haqida izoh bermagan. Ammo ukrain razvedkasi rahbari Kirill Budanov avvalroq 112-brigada Sumiga raketa hujumida ishtirok etganini aytgandi. Shuningdek, 448-brigada joylashgan Kurskka ham hujum qilingan.

13 apreldagi Sumiga zarbada 35 kishi halok bo‘lgan, jumladan ikki bola. Rossiya bu hujumda Ukraina harbiy qo‘mondonlarini nishonga olganini aytmoqda.

KXDR urush ortidan milliardni ishlamoqda

Janubiy Koreyaning Mudofaa tadqiqotlari instituti ma’lumotiga ko‘ra, KXDR Ukrainadagi urush sabab Rossiyaga qurol yetkazib berib, taxminan 20 milliard dollar foyda ko‘rgan. Eng katta daromad — 19,2 mlrd dollar — o‘q-dori va qurollar sotuvidan tushgan.

Pyongyang, shuningdek, texnologiyalar berish orqali 630 mln dollar, Rossiyaga yuborilgan 11 ming harbiy xizmati uchun 280 mln dollar ishlab olgan. Biroq bu pullarning ma’lum qismi Shimoliy Koreya davlat xazinasiga tushmoqda.

Tadqiqotchilar KXDR Rossiyaga dengiz orqali yuborgan 21 ming konteyner haqidagi ma’lumotga asoslangan. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi oylarda Rossiyada ishlatilayotgan o‘q-dorilarning yarmi KXDRdan kelgan.

Yevropa: G‘arb endi avvalgiday emas

Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyenning ta’kidlashicha, Donald Tramp siyosati G‘arbning an’anaviy modelini vayron qilmoqda. Die Zeit nashriga bergan intervyusida u: «Biz bilgan G‘arb endi yo‘q», — deya qayd etdi.

Fon der Lyayyenga ko‘ra, AQSh dunyo savdosining faqat 13 foizini tashkil qiladi. Shu sababli Yevropa yangi strategik yo‘nalishga ega bo‘lishi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyo «global beqarorlik» davriga kirgan va bu holatda Yevropa o‘z manfaatlarini mustaqil himoya qilmog‘i lozim.

U shuningdek, Trampning iqtisodiy va tashqi siyosatdagi noaniq pozitsiyasi Yevropaga bo‘lgan qiziqishni oshirganini qayd etdi. «Bugun dunyoning ko‘plab yetakchilari biz bilan yangi tartib o‘rnatishni xohlayapti», — dedi fon der Lyayyen.

Indoneziya Rossiyaga aviabaza ajratmaydi

Indoneziya Rossiya harbiy samolyotlari uchun aviabaza berish niyati yo‘qligini rasman ma’lum qildi. Janes nashri Moskva Papua viloyatida harbiy baza joylashtirishni so‘raganini yozgan, ammo mamlakat Mudofaa vazirligi buni «noto‘g‘ri ma’lumot» deb rad etdi.

Avstraliya hukumatini ushbu xabar jiddiy tashvishga soldi. Mudofaa vaziri Richard Marlsning ta’kidlashicha, indoneziyalik hamkasbi «hech qanday Rossiya samolyoti Indoneziyaga joylashtirilmaydi», deya aniq bildiruv bergan. Avstraliya bosh vaziri Jakartadan rasmiy izoh talab qilinganini ma’lum qildi.

Papua Avstraliyaning Darvin shahridan 1200 km uzoqda joylashgan va u yerda AQSh harbiy qismi bor. Yana shuningdek, shimoldagi baza va aerodromlar ham AQSh samolyotlariga moslashtirilmoqda. Janes xabari Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Denis Manturovning Indoneziya prezidenti bilan uchrashuvidan keyin tarqalgan. Ammo Jakarta bu masaladan xabardor emasligini bildirdi.

AQSh Xitoyga bojlarni 245 foizgacha ko‘tarmoqchi

AQSh Xitoydan keladigan barcha tovarlarga boj to‘lovini 245 foizgacha oshirishni rejalashtirmoqda. Bu borada Oq uy bayonoti e’lon qilindi. Sabab sifatida Xitoyning iqtisodiy tahdidi va xavfsizlikka xatar keltirishi ko‘rsatilmoqda.

Tramp ma’muriyati nodir minerallar importi bo‘yicha surishtiruv boshladi. Rasmiy Pekin AQSh va Yaponiyaga bu moddalar eksportini to‘xtatgan. Xitoy hozir dunyodagi nodir metalllarning 70 foizini qayta ishlaydi va eksport qiladi.

Bojlar shpritslar, akkumulyatorlar, elektromobillar va o‘yinchoqlarga ham ta’sir qiladi. Ayrim hollarda, boj mahsulot narxidan ham yuqori bo‘ladi.

«Bu o‘rinda kelishuv kim uchun zarar? Xitoyga!» — dedi Tramp. Pekin esa «oxirigacha kurashamiz», dedi va muzokaralar uchun eshikni ochiq qoldirdi.

Tramp: «Chipta va pulni ol-da, sur»

AQSh prezidenti Donald Tramp noqonuniy migrantlarga mamlakatdan ixtiyoriy chiqib ketish evaziga pul va samolyot chiptasi berishni taklif qilmoqda. Ushbu dastur «o‘zini o‘zi deportatsiya qilish» deb ataladi.

Fox Noticias’ga bergan intervyusida Tramp: «Ularga pul va aviachipta beramiz. Agar ular yaxshi odam bo‘lsa, qaytarishga ham harakat qilamiz», — dedi.

U avvalgi qattiqqo‘l bayonotlariga qaramasdan, bu safar ayrim migrantlarga nisbatan yumshoq munosabat bildirdi. «20 yildan beri yashab, bolalari AQSh fuqarosi bo‘lgan odam qolishi kerak», — dedi u.

Shu bilan birga, ma’muriyat deportatsiya buyrug‘ini inkor etgan migrantlarga kunlik 998 dollar jarima va mol-mulk musodarasi kabi choralarni ham tayyorlamoqda, deb yozadi Reuters.

Armaniston tinchlikka tayyor: Minsk guruhi tugatiladi

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan 16 aprel kuni Yerevan Ozarboyjon bilan tinchlik shartnomasi imzolashga tayyor ekanini ma’lum qildi.

 U bu hujjatni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Minsk guruhini rasman tugatish haqidagi bayonot bilan bir kunda imzolashni taklif etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Qorabog‘ mojarosi yakunlangan bo‘lsa, ushbu guruhning ham mavjud bo‘lishiga ehtiyoj qolmaydi.

Pashinyan guruh faqat Qorabog‘ bilan bog‘liq emas, kengroq kontekstga ega ekanini eslatib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, bu tashabbus Armaniston hududida mojaro kelib chiqishiga asos bo‘lmasligi kerak.

Minsk guruhi 1992 yilda Fransiya, Rossiya va AQSh hamraisligida tashkil etilgan edi. 2020 yilda 44 kunlik urushda Qorabog‘ning asosiy qismi Ozarboyjonga qaytarilgan, 2023 yilda esa Boku to‘liq nazorat o‘rnatgan.

Mavzuga oid