Jahon | 23:58 / 24.04.2025
3967
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda RF armiyasiga yollash ishi bo‘yicha rossiyalik polittexnolog hibsga olindi

Qirg‘izistonda rossiyalik polittexnolog Viktor Vasilev hibsga olindi. OAVga ko‘ra, uning «Vagner» XHK va Razvedka bosh boshqarmasiga aloqasi bor.

Foto: ura.ru

Qirg‘istonda fuqarolarni RF armiyasiga yollashda gumonlangan rossiyalik polittexnolog Viktor Vasilev hibsga olindi.

Bishkekning Pervomaysk tuman sudi uni 2025 yil 17 iyunga qadar hibsga yubordi.

«Regnum» axborot agentligi bosh muharriri Marina Ahmedovaning yozishicha, Vasilev — Afrika va Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert hisoblanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Viktor Vasilev ham O‘sh shahrida Rossiya armiyasiga yollashda ayblanib hisbga olingan «Russkiy dom» xodimi Natalya Sekerina ishi bo‘yicha tekshirilmoqda.

Sekerina hibsga olingani haqida 23 aprel kuni ma’lum bo‘lgandi. Shuningdek, ushbu ish doirasida O‘sh meriyasi matbuot xizmati xodimi Sergey Lapushkin ham hibsga olingan.

Viktor Vasilev — «Ulibayemsya i mashem» Telegram kanalining muallifi. «Dose» markazi 2023 yilda Vasilevning familiyasi oldin Lukovenko bo‘lgani haqida yozgandi. 2011 yilda u «Russiy marsh» kuni 58 yoshli Shri-Lanka fuqarosini o‘ldirgani uchun sakkiz yil muddatga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilingan. Besh yildan keyin Lukovenko muddatidan oldin shartli ravishda ozod etilgan. BBC rus xizmati Lukovenkoni «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojinning polittexnologlaridan biri ekanini ma’lum qilgan. Prigojinning o‘limidan keyin Lukovenko Rossiyaning Burkina-Fasodagi ta’sirini kengaytirish bilan shug‘ullangan. «Dose» markazining yozishicha, Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlashidan oldin Lukovenko Razvedka bosh boshqarmasining topshirig‘i bilan Ukrainaga borgan. Markaz materialida Lukovenko «neonatsist» deb ta’riflangan.

Qirg‘izistondagi hibsga olishlar Moskvadagi «Bodrost» hammomida Qirg‘iziston fuqarolariga qarshi o‘tkazilgan reyddan bir necha kun o‘tib boshlandi. E’lon qilingan videolardan birida odamlar xona bo‘ylab emaklab yurishga majburlangani, qolganlar esa yuzi yerga qarab yotqizilgani tasvirlangan. Guvohlardan birining aytishicha, hammomda odamlar kaltaklangan. Rossiyaning Bishkekdagi elchisi Sergey Vanukov fuqarolarning ommaviy ravishda qo‘lga olinishi sabab Qirg‘iziston TIVga chaqirtirilgan. RF TIVning qayd etishicha, reyd davomida «chet el fuqarolari huquq-tartibot organlari xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan», shu bois «tegishli choralar ko‘rilgan». 

Mavzuga oid