O‘zbekiston | 22:24 / 29.04.2025
2204
6 daqiqa o‘qiladi

29 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Xorazmda o‘quvchi qizni kaltaklagan direktor, AQShda 30 yilga qamalgan o‘zbek trakchi, tugatilayotgan sektor boshqaruvi va pedagogika oliygohlarning yopilayotgan sirtqi bo‘limlari — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Maktab direktori o‘quvchi qizni kaltakladi

Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanidagi 14-sonli maktab direktori dars paytida sinfxonalariga kirib, sinfdagi bir necha qizlarni sochini yig‘magani uchun tanbeh bergan va o‘quvchi qizni kaltaklagan.

Hodisa 7 aprel kuni sodir bo‘lgan. Maktab direktori o‘quvchining sochidan tortib, u bilan janjallashgan. Tasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy bayonot berdi.

Ma’lum qilinishicha, direktor pedagogga xos bo‘lmagan harakatlari uchun hayfsan jazosini olgan va ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Mazkur holat bo‘yicha mutasaddilarga tegishli choralar ko‘rilgan.

Hukumat ta’lim sohasida pedagog etikasiga rioya qilish muhimligini ta’kidlamoqda. Ayniqsa, o‘quvchilarga nisbatan zo‘ravonlikka mutlaqo yo‘l qo‘yilmasligi kerak.

Pedagogika oliygohlarida sirtqi bo‘limlar yopiladi

Prezident farmoniga ko‘ra, 2025-2026 o‘quv yilidan boshlab pedagog kadrlar faqat kunduzgi va kechki ta’lim shaklida tayyorlanadi, sirtqi ta’lim qabullari bekor qilinadi. Nodavlat ta’lim faoliyati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xulosasi asosida litsenziyalanadi.

Shu bilan birga, xorijiy mutaxassislar ishtirokida xalqaro ta’lim dasturlari joriy etilgan yo‘nalishlarda dars berish uchun professor-o‘qituvchilar tanlov asosida qabul qilinadi. 2026 yil 1 sentabrdan esa pedagogika texnikumlariga xalqaro dasturlar bosqichma-bosqich tatbiq etiladi.

Farmonga muvofiq, Toshkent davlat pedagogika universiteti negizida Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti tashkil etiladi. Universitet boshqaruv tizimi «Yangi O‘zbekiston» universiteti tajribasi asosida tubdan takomillashtiriladi. Mavjud 14 ta fakulteti maqbullashtirilib, 6 ta pedagogika oliy maktablari tashkil etiladi.

Mazkur islohotlar pedagog kadrlar tayyorlash sifatini oshirish va ta’lim sohasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga qaratilgan.

Viloyat, shahar va tumanlarda sektorlar boshqaruvi tugatildi

Prokuror, ichki ishlar va soliq organlari rahbarlari sektorlar faoliyati bo‘yicha vazifalardan ozod etildi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga qaratilgan farmonida belgilandi.

Yangi tartibga ko‘ra, sektorlarni boshqarish bosh vazir o‘rinbosarlari va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda uning hududiy bo‘linmalari zimmasiga yuklatiladi. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda tegishli qaror loyihasini tayyorlashi lozim.

Prezident Mirziyoyev mart oyidagi yig‘ilishda prokuratura, ichki ishlar va soliq organlari rahbarlarini sektor ishlaridan ozod qilish zaruratini ta’kidlagan edi. Prezident so‘nggi yillarda bu tizim hududlarni rivojlantirishda foyda bergan bo‘lsa-da, ba’zi sohalarda ishlarni sustlatganini tanqid qilgan edi.

Shuningdek, davlat rahbari prokuratura, ichki ishlar, soliq rahbarlarini sektor ishidan ozod qilish bu — eski davrga qaytib, aholi va tadbirkorlarga har qadamda to‘siq, korrupsiyaga sharoit yaratish degani emasligini ta’kidlagan edi.

AQShda o‘zbek trakchi 30 yilga qamaldi

Amerikada trak haydagan va qasddan avariya sodir etib, 5 kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan o‘zbek yigit 30 yilga qamalgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Tasvirlardan 2023 yilning 10 oktyabrida sodir bo‘lgan avtohalokat aynan qaysi shtatda ro‘y bergani ma’lum emas. Shuningdek, trakchining fuqaroligi aynan O‘zbekiston ekani ham ma’lum emas, shunisi aniqki, avtohalokatdan so‘ng o‘zbek tilida gapirgan.

Avtohalokatda trak haydovchisi yuk mashinasidan o‘zish uchun belgilangan qoidalarga ko‘ra quvib o‘tish mumkin bo‘lgan joyda «obgon»ga chiqqan, biroq quvib o‘tish taqiqlangan qo‘sh sidirg‘a chiziq boshlangunga qadar o‘z qatoriga qaytishga ulgurmagan.

Ro‘paradan kelayotgan mashinaga ko‘zi tushgach, o‘z qatoriga qaytaman deganda yonma-yon harakatlanayotgan yuk mashinasi bilan yonboshdan urilgan va ro‘paradan kelayotgan yengil mashina bilan to‘qnashib ketgan.

Yengil mashinada besh kishidan iborat oila ketayotgan bo‘lgan. Old o‘rindiqlardagi er-xotin o‘lgan va ularning orqa o‘rindiqdagi uch bolasi tirik qolgan. Sud qarori bilan yigit 30 yilga qamalgani aytilmoqda.

Ekstremizmni moliyalashtirish — jinoyat

O‘zbekistonda ekstremizmni moliyalashtirish uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi. Bu prezidentning 21 apreldagi farmonida ko‘zda tutilgan. Qonun loyihasi 2025 yil may oyigacha tayyor bo‘ladi.

Hujjatda jinoiy daromadlarni legallashtirish, insayder axborotdan foydalanish va qimmatli qog‘ozlar bozorida hiyla-nayrang sodir etish holatlarini jazolash mexanizmlari xalqaro standartlarga moslashtirilishi nazarda tutilgan.

Bunda qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasiga qarab jazo choralari qayta taqsimlanadi. Hujjatni ishlab chiqish Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga topshirildi.

Avvalroq ommaviy tartibsizliklarni moliyalashtirish va tayyorgarlik ko‘rganlik uchun jinoiy javobgarlik 2025 yil 27 martdan kuchga kirgandi.

Mavzuga oid