Jahon | 22:17 / 29.04.2025
1155
3 daqiqa o‘qiladi

Shpitsbergen arxipelagidagi yer maydoni 300 mln yevroga sotilishi mumkin

Xaridorlar norvegiyalik va xalqaro investorlar bo‘lib, ular ushbu hududdni ekologik o‘zgarishlardan himoya qilish niyatida.

Foto: Knight Frank

Shpitsbergen arxipelagidagi o‘tgan yili sotuvga qo‘yilgan yer maydoniga xaridor chiqdi, deb yozadi Bloomberg.

Qayd etilishicha, agar Norvegiya hukumati geosiyosiy sabablarga ko‘ra kelishuvni bekor qilmasa, xaridorlar ushbu yer maydoni uchun so‘ralayotgan 300 million yevroni to‘lashga tayyor.

Shpitsbergen arxipelagidagi maydonga nomzodlar — bu norvegiyalik va xalqaro investorlar bo‘lib, ular ushbu hududni uzoq muddat ekologik o‘zgarishlardan himoya qilmoqchi. Investorlar orasida NATOga a’zo davlat hamda Shpitsbergen to‘g‘risidagi shartnomani imzoladan mamlakat fuqarolari ham bor. Shu bilan birga, xaridorlar hozircha Norvegiya hukumati bilan bu boradagi kelishuv bo‘yicha dialog olib bormagan.

Gap Norvegiyaning Longyir shahridan 65 kilometr uzoqlikdagi yer maydoni haqida ketmoqda — u 2024 yil may oyida sotuvga qo‘yilgandi. Bunday qaror iqlim o‘zgarishi, xususan, Shpitsbergen hududida muzlar eriyotgani sabab qabul qilingan. O‘shanda bu «Rossiyaga yuk tashish yo‘nalishlarini kengaytirish va energiya zaxiralarini oshirishga xizmat qilishi mumkinligi» aytilgan edi. Shu bois Norvegiya hukumati sotuvlar bo‘yicha har qanday muzokaralar yoki kelishuvlar milliy xavfsizlik manfaatlari sabab davlat bilan oldindan kelishilishi kerakligini ma’lum qilgan.

Shuningdek, yer maydonidan foydalanish uchun yana bir jiddiy cheklov mavjud — xaridorlar 1920 yilda qabul qilingan Shpitsbergen to‘g‘risidagi shartnoma shartlariga rioya qilishlari kerak. Hujjat Norvegiyaning arxipelag ustidan suverenitetini tan oladi va undan «urush kabi maqsadlarda» foydalanishni taqiqlaydi. Shartnomani 40 dan ortiq davlat, jumladan, Xitoy, Rossiya, Buyuk Britaniya va AQSh ham imzolagan.

Sotuvga qo‘yilgan maydon qariyb 6 ming gektarni tashkil etadi — bu Manxetten hududi bilan teng. Agentlik ma’lumotlarga ko‘ra, 100 yil oldin ushbu yerlar Aktieselskabet Kulspids holdingiga tegishli bo‘lgan. Kompaniyaga oslolik badavlat oila tomonidan asos solingan. Uning aksiyadorlari nomi oshkor qilinmagan, ammo ularning barchasi norvegiyaliklar ekani ma’lum.

Shpitsbergen arxipelagi Shimoliy Muz okeanida joylashgan. Uning maydoni 61 kilometr kvadrat. Arxipelagning 60 foizi muz bilan qoplangan, shimoliy qismi Norvegiyaga tegishli. 2020 yil holatiga ko‘ra, u yerda 3 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.

Mavzuga oid