Bayram kayfiyatidagi «Barsa» muammoli «Inter»ga qarshi. YeChL yarimfinal o‘yini anonsi
Chorshanba oqshomida Kataloniyada «Barselona» va «Inter» o‘rtasida asosiy yevrokubokning ikkinchi yarimfinal o‘yini o‘tkaziladi.
Bir necha hafta oldin, Chempionlar Ligasi yarimfinal juftliklari ma’lum bo‘lganida, «Inter» va «Barselona» to‘qnashuvi treblga da’vogar bo‘lgan ikki o‘ta muvaffaqiyatli jamoalar bahsi sifatida baholangandi. Ammo qisqa vaqt ichida, ayniqsa, Italiyada ko‘p narsa o‘zgarib ketdi. «Barselona» birin-ketin raqiblarini yer tishlatib, o‘z rejimida davom etayotgan bo‘lsa, «Inter» bir hafta ichida ham Italiya kubogidan chiqib ketdi, ham A Seriyada uloqni Antonio Konte boshqaruvidagi «Napoli»ga tutqazib qo‘ydi. Boshqa tarafdan, bu omil aksincha, «Inter » uchun qo‘shimcha motivatsiya sifatida foyda ham keltirishi mumkin, zero shunday ajoyib mavsum izsiz ketishini hech kim istamasa kerak.
«Inter»
Simeone Indzagi shogirdlari to bahorgacha Yevropaning eng muvozanatli, xatosiz ishlab turadigan tizimiga ega bo‘lgan jamoasi sifatida ko‘rilayotgandi. «Real», «PSJ», «Manchester Siti» kabi klublar pley-offga chiqish uchun kurashayotgan pallalarda «Inter» jiddiy rotatsiyalar bilan, deyarli ikki xil tarkibda o‘ynab, ham Chempionlar Ligasi umumiy guruh bosqichida peshqadamlardan biri, ham Italiya chempionatida yaqqol yetakchi sifatida kelayotgandi. Ayni damda esa jamoa barcha musobaqalarda qatorasiga 4 o‘yindan iborat g‘alabasiz seriya qayd etmoqda.
«Bavariya» bilan durang dastlabki o‘yindagi g‘alaba tufayli qoniqarli baholansa-da, ichki arenada «Bolonya», «Milan» va «Roma»ga qarshi uchrashuvlardagi mag‘lubiyatlar Indzagi uchun deyarli ikki sovrin bahosiga teng bo‘lib chiqishi mumkin. Yomon tomoni, bu o‘yinlarda «Inter» birorta ham gol urolmadi – bungacha butun mavsum davomidagi 49 uchrashuvda milanliklar shuncha o‘yinni golsiz o‘tkazgandi.
Italiyada mutaxassislar «Inter»dagi bu pasayishni futbolchilardagi jismoniy ko‘rsatkichlar pasayishi bilan bog‘lamoqda va buning sabablarini axtarishga kirishgan. Albatta, bu gaplarda jon bor, lekin yana bir faktga ham ko‘z yummaslik kerak – «Inter» so‘nggi bir oyda ikki muhim futbolchisiz o‘ynashiga to‘g‘ri keldi – Denzel Dumfris va Markus Tyuram.
Niderlandiyalik qanot futbolchisi «Inter»da asosiy figuralardan biri hisoblanadi. Uning hujumdagi faolligi jamoa o‘yiniga rang-baranglik olib kirish bilan birga, raqibni aynan shu qanotga jiddiy e’tibor qaratishga majbur qiladi, ya’ni raqib Dumfrisga bo‘shliq qoldirmaslik uchun ham ko‘pchilik bo‘lib oldinga chiqishdan tiyiladi. U joriy mavsumda 8 gol urdi – himoya chizig‘i vakillari ichida Yevropada eng yaxshi ko‘rsatkich. Markus Tyuram esa Indzagi ham tan olganidek, hujum chizig‘ida Lautaroga eng mos tandem hisoblanadi. Kerak bo‘lganda ham hujumchiga aylanadigan, shu bilan birga almashib, Lautaroning ham vazifasini bajara oladigan Tyuramning o‘rnini na Korrea, na Arnautovich bosa oladi.
«Inter» muxlislari uchun yaxshi xabar – har ikki futbolchi ham, shuningdek, markazda katta hajmdagi ishni bajara oladigan Petr Zelenski ham to‘liq tiklangani aytilmoqda. Dumfris va Zelenski «Roma»ga qarshi o‘yinning ikkinchi bo‘limida ko‘rinish berishdi, Tyuramning holati so‘roq ostida bo‘lsa-da, u ham uchrashuv qaydnomasiga kiritilishi va hatto ilk daqiqalardan maydonga tushishi mumkinligi aytilmoqda. Shuningdek, diskvalifikatsiya tufayli «Roma»ga qarshi o‘yinni Bastoni va Mxitaryan o‘tkazib yuborishgandi. Ular ham Barselonadagi bahsda jismoniy tomondan yetukroq bo‘ladi. Agar hozircha qog‘ozda ko‘rinayotgan bu o‘zgarishlar maydonga ko‘chsa, biz so‘nggi kunlardagi emas, avvalgi «Inter»ni ko‘rishimiz mumkin. U holda mezbonlarga oson bo‘lmaydi.
«Barselona»
«Inter»ga simmetrik ravishda, «Barselona» hozir otning ustida, har bir o‘yinda yuqorida darajadagi o‘yin namoyish etmoqda va muammo sifatida ham «Inter»ning tersini aytishimiz mumkin – jarohatlar va jismoniy holat pand berishi mumkin.
Birinchidan, «Barselona» shanba oqshomida «Real»ga qarshi finalda maydonga tushdi. O‘yin emotsiya va kurashga naqadar boy bo‘lganini, 120 daqiqa davom etganini ko‘pchilik ko‘rdi. Tabiiyki, bunday o‘yinlar futbolchilardan qo‘shimcha kuch talab qiladi va tiklanish doimgidek bo‘lmasligi mumkin. Qatorasiga o‘ta muhim o‘yinlarda maydonga tushish, unga tayyorlanish murabbiylar shtabi uchun katta boshog‘riqdir.
Ikkinchidan, Robert Levandovski va Balde YeChLda ham sheriklariga yordam bera olmaydi. Ayniqsa, polshalik hujumchining o‘rni bilinishi tabiiy. U «Barselona» tarkibida maydonga tushayotganlar ichida Chempionlar Ligasini yutgan yagona futbolchi sanaladi (zaxiradagi ter Stegen va Kristiansen qo‘shilmaganda).
Tabiiyki, uning tajribasi, turli ssenariy va uslublarda ham foydali bo‘la olishi bu maqomdagi o‘yinlarda eng muhim faktorga aylanishi kerak edi. Ferran Torres so‘nggi paytlarda ancha sermahsul va foydali harakat qilayotgan bo‘lsa-da, Levandovskining har qanday o‘yinda ma’lum darajadan pastga tushmasligini yaxshi bilamiz. Ferran esa baribir jamoa o‘yiniga ko‘proq bog‘liq. Baldega kelsak, uning mashg‘ulotlarga qaytgani haqida ma’lumotlar bor, ammo to‘liq o‘yinga qay darajada tayyor ekani noma’lum.
Agar «Barselona» o‘zi uchun noqulay ssenariyni chetlab o‘ta olsa, ya’ni barchasi so‘nggi daqiqalarda jismoniy holatga yoki Levandovskining tajribasiga muhtoj bo‘lib qolishga olib kelmasa, o‘yin borasida raqibidan bir bosh baland. Flik shogirdlari vaziyatlarni juda osonlik bilan yaratmoqda, oson gol uryapti, yuqori pressing va tashabbuskorlik raqiblar kim bo‘lishidan qat’i nazar namoyon bo‘lmoqda.
Shubhasiz, ispanlar bu juftlikda favorit, lekin bu darajadagi o‘yinda har bir kichik detal kattalashib, hal qiluvchi maqomga chiqib qolishi, kutilmagan futbolchilarning yulduz misol porlab, qahramonlar aksincha, unutilmas xatolarga yo‘l qo‘yishini tarix ham ko‘p isbotlab bergan.
O‘zaro o‘yinlar tarixi
«Barselona» va «Inter»ning Yevropadagi o‘zaro o‘yinlari haqida gap ketganda, shubhasiz, 2010 yilgi yarimfinallar yodga keladi. Sababi, birinchidan, ungacha va keyin ham bu jamoalar o‘sha darajadagi yuqori maqomdagi bahsda to‘qnash kelmagan bo‘lsa, ikkinchidan, «Barselona» 2010 yilda eng pikka chiqqan, balki futbol tarixidagi eng yaxshi jamoalardan biri edi. Joze Mourinio boshchiligidagi milanlik «banda» katta jasorat ko‘rsatib, yakunda Messi va sheriklarini final ostonasida qoldirib ketishi katta voqea edi. Milandagi uchrashuvda mezbonlar 3:1 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, javob o‘yinida 28-daqiqadan boshlab bir futbolchi kam bo‘lib qolgan «Inter» o‘zi uchun kerakli hisobni himoya qila olgan (o‘yin 1:0 hisobida «Barselona» foydasiga hal bo‘lgandi). Qizig‘i, o‘sha mavsumda jamoalar guruh bosqichida ham to‘qnashgan va u yerda «Barselona» ustunlik qilgandi.
Ushbu jamoalar Chempionlar Ligasida jami 12 marta to‘qnash kelishgan. 6 marta «Barselona» va 2 marta «Inter» g‘alaba qozongan bo‘lsa, 4 uchrashuv durang natija bilan tugagan. To‘plar nisbati 17-10.
19.02.2003. 1/8 final. Barselona – Inter 3:0
19.02.2003. 1/8 final. Inter – Barselona 0:0
16.09.2009. Guruh bosqichi. Inter – Barselona 0:0
25.11.2009. Guruh bosqichi. Barselona – Inter 2:0
20.04.2010. 1/2 final. Inter – Barselona 3:1
28.04.2010. 1/2 final. Barselona – Inter 1:0
24.10.2018. Guruh bosqichi. Barselona – Inter 2:0
06.11.2018. Guruh bosqichi. Inter – Barselona 1:1
02.10.2019. Guruh bosqichi. Barselona – Inter 2:1
10.12.2019. Guruh bosqichi. Inter – Barselona 1:2
04.10.2022. Guruh bosqichi. Inter – Barselona 1:0
12.10.2022. Guruh bosqichi. Barselona – Inter 3:3
Shu o‘rinda Italiya jamoalariga qarshi ham «Barselona»da yaqqol ustunlikni ko‘ramiz. Kataloniyaliklar 75 o‘yinda 35 marta g‘alaba qozonib, 23 o‘yin durang bilan yakunlangan. 17 uchrashuvda Italiya vakilining qo‘li baland kelgan.
Taxminiy tarkiblar
«Barselona» (4-2-3-1): Shchesni – Martin, Kubarsi, Martines, Kunde – de Yong, Pedri – Yamal, Olmo, Rafinya – Torres;
«Inter» (3-5-)2: Zommer – Bastoni, Acherbi, Darmiyan – Dimarko, Barella, Mxitaryan, Chalxono‘g‘li, Dumfris –Tyuram, Martines.
Yarimfinalgacha yo‘l
«Barselona» – 12 o‘yin, 9 g‘alaba, 1 durang, 2 mag‘lubiyat. To‘plar nisbati: 37-17
Monako – Barselona 2:1, Barselona – Yang Boyz 5:0, Barselona – Bavariya 4:1, Tsrvena Zvezda – Barselona 2:5, Barselona – Brest 3:0, Borussiya D – Barselona 2:3, Benfika – Barselona 4:5, Barselona – Atalanta 2:2, Benfika – Barselona 0:1, Barselona – Benfika 3:1, Barselona – Borussiya D 4:0, Borussiya D – 3:1.
«Inter» – 12 o‘yin, 9 g‘alaba, 2 durang, 1 mag‘lubiyat. To‘plar nisbati: 19-5
Manchester Siti – Inter 0:0, Inter – Tsrvena Zvezda 4:0, Yang Boyz – Inter 0:1, Inter – Arsenal 1:0, Inter – Leypsig 1:0, Bayyer – Inter 1:0, Sparta – Inter 0:1, Inter – Monako 3:0, Feyyenord – Inter 0:2, Inter – Feyyenord 2:1, Bavariya – Inter 1:2, Inter – Bavariya 2:2.
Hakam
Uchrashuvni Klemen Tyurpen boshchiligidagi fransiyalik hakamlar brigadasi boshqarib boradi. Tyurpen faoliyati davomida YeChL doirasida 54 o‘yinni boshqargan. Ushbu mavsumda 6 marta, jumladan, pley-offda «Real»ning «Manchester Siti» (3:2) va «Atletiko»ga (2:1) qarshi o‘yinlarini boshqargan.
42 yoshli hakam 2022 yil «Liverpul» va «Real» o‘rtasida o‘tgan YeChL finali, shuningdek, 2020 yil «MYu» va «Vilyarreal» o‘rtasidagi Yevropa Ligasi finalida ishlagan.
Tyurpen shu paytgacha «Barselona»ning uch uchrashuvini boshqargan. Eng yodda qolarlisi, 2018 yilgi chorakfinalda Rimda mezbonlar «Barselona» ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozonib, kambek amalga oshirgan o‘yindir. Ushbu uchrashuvda Tyurpen «Barselona» darvozasiga penalti belgilagan. Narigi ikki o‘yinda «Barselona» «Dinamo» Kiyev va «Borussiya» Dortmund klublari ustidan g‘alaba qozongan.
Tyurpen boshqargan «Inter»ning o‘yinlari soni esa 4 ta. Ko‘k-qoralar «Tottenhem» va «Milan»ga qarshi uchrashuvlarda g‘alaba qozongan bo‘lsa, «Bavariya» va «Real»ga mag‘lub bo‘lgan.
Mavzuga oid

13:50
No Partey, no party. «Arsenal» nega yutqazdi?

10:25
«PSJ» orzu tomon qadam tashladi. «Arsenal» Londonda mag‘lub etildi

16:20 / 29.04.2025
«Arsenal» va «PSJ» yana finalga chiqmoqchi. YeChL yarimfinalidagi intrigalar

11:37 / 28.04.2025