Jahon | 11:25
2014
2 daqiqa o‘qiladi

Isroilda yirik o‘rmon yong‘inlari davom etmoqda

Isroildagi yong‘inlar sababli Mustaqillik kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan barcha tadbirlar bekor qilindi. Politsiya versiyalardan biri sifatida o‘t qo‘yish variantini tekshirmoqda.

Foto: REUTERS/Ronen Zvulun

Isroilda mamlakat Mustaqillik kuni munosabati bilan rejalashtirilgan barcha tadbirlar yirik o‘rmon yong‘inlari tufayli bekor qilindi, deb xabar qildi Isroil yong‘in va qutqaruv xizmati 30 aprel, chorshanba kuni. Qabul qilingan qaror ommaviy yig‘ilishlar xavfsizligini ta’minlashning iloji yo‘qligi bilan bog‘liq.

Isroil bir qator davlatlardan xalqaro yordam so‘ragan. O‘t o‘chirish samolyotlari va qutqaruvchilar allaqachon Gretsiya, Italiya va Xorvatiya tomonidan yuborilgan. Falastin milliy ma’muriyati ham o‘z yordamini taklif qildi.

The Times of Israel nashrining yozishicha, yong‘inni o‘chirish uchun 12 ta samolyot, yuzdan ortiq o‘t o‘chirish brigadalari va harbiy xizmatchilar safarbar etilgan. Hozirda evakuatsiya ishlari olib borilmoqda va bir qator aholi punktlarini ehtimoliy evakuatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Mamlakatning asosiy magistral yo‘li to‘sib qo‘yilgan.

30 aprel kuni ertalab Quddus tog‘laridagi Mesilat Tsion aholi punkti yaqinidagi Eshtaol o‘rmonida kuchli yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in va qutqaruv xizmati «Yong‘in zarbasi» rejimida ishlamoqda. Ushbu rejim vaziyat ustidan nazoratni yo‘qotish xavfi mavjud bo‘lganda e’lon qilinadi.

Politsiya o‘t qo‘yilgan bo‘lishi mumkinligini istisno qilmayapti. Ularni uyushtirganlikda gumon qilinib, allaqachon bir kishi qo‘lga olingan.

O‘t o‘chiruvchilar odamlardan Bayt Shemesh va Quddusning ba’zi hududlaridan uzoqroq bo‘lishni so‘ramoqda.

Mavzuga oid