O‘zbekiston noqonuniy migrantlarni yurtiga qaytarish bo‘yicha boshqalarga namuna – Tramp ma’muriyati
Markaziy Osiyo mamlakatlaridan bo‘lgan 131 nafar noqonuniy mehnat muhojirlarini olib qaytgan charter reys AQShdagi nashrlar e’tiboriga tushdi. Fox News xabarida O‘zbekiston hukumati deportatsiya qilingan fuqarolarini kelishuv doirasida o‘z hisobidan olib ketayotgani e’tirof etilgan.

Foto: O‘zbekiston TIV
AQSh rasmiylari prezident Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lgan 131 kishini deportatsiya qilish bo‘yicha amaliyotni tashkil etgani va moliyalashtirgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Fox News Digital markaziy osiyoliklarni olib qaytayotgan reys Vashington va Toshkent o‘rtasidagi kelishuv doirasida amalga oshirilayotgani haqida yozdi.
«AQSh bilan kelishuvga ko‘ra, 100 dan ortiq noqonuniy muhojirlar chorshanba kuni O‘zbekistonga qaytadi, O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolarini qaytarish xarajatlarini to‘laydi – bu prezident Donald Tramp lavozimga kirishganidan beri xorijiy hukumat bilan birinchi shunday kelishuvdir. Bugun ertalab uchgan reys bortida 131 nafar muhojir bo‘lgan», – deyilgan xabarda.
AQSh ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem 131 nafar noqonuniy muhojirni o‘z vataniga qaytarish uchun charter reys tashkil etgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni alohida e’tirof etgan.
«Biz O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga 131 nafar noqonuniy muhojirni o‘z vataniga qaytarish uchun samolyot jo‘natishga rahbarlik qilgani uchun minnatdorchilik bildiramiz. Xavfsizlikni mustahkamlash va qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirishni intiqlik bilan kutamiz», – deydi amerikalik rasmiy.
O‘zbekiston o‘z fuqarolarini deportatsiya qilishni to‘liq moliyalashtirgan ushbu operatsiya «davlatlar o‘rtasidagi chuqur xavfsizlik hamkorligini ta’kidlashi va AQSh ittifoqchilari uchun standart vazifasini bajarishi» ta’kidlangan.
Fox News Tramp ma’muriyatiga tayanib yozishicha, ushbu repatriatsiya bitimi AQShning boshqa davlatlar bilan migratsiya masalalari bo‘yicha qanday hamkorlik qilishini ko‘rsatib beradigan namuna hisoblanadi. Bitim AQSh Davlat departamenti, Ichki xavfsizlik vazirligi, Oq uy va Milliy xavfsizlik kengashi hamda O‘zbekiston hukumati o‘rtasida bir necha oy davom etgan diplomatik muzokaralar natijasi sanaladi.
Bundan oldinroq O‘zbekiston TIV erishilgan ikki tomonlama kelishuvlar doirasida 30 aprel kuni AQSh hududida qonuniy asoslarsiz bo‘lib turgan va deportatsiya qilinadigan xorijliklar ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga qaytarish maqsadida Nyu York—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha maxsus charter reysi tashkil etilishini xabar qilgandi.
Gap viza talablarini buzgan yoki AQShda qonuniy qolish muddati tugagan fuqarolar haqida bormoqda. TIV vakili repatriatsiya jarayoni insonparvarlik va huquqiy tamoyillar asosida tashkil etilib, fuqarolarning munosib va xavfsiz qaytishi ta’minlanishini aytgandi.
Mavzuga oid

13:57
Tramp: AQSh Ukraina bilan bitimdan 350 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘ oladi

10:55
Tramp va Zelenskiyning Vatikandagi 15 daqiqalik suhbati tafsilotlari ma’lum qilindi

21:50 / 30.04.2025
AQSh iqtisodiyoti 2022 yildan beri birinchi marta qisqardi – OAV

18:45 / 30.04.2025