Jamiyat | 19:21 / 01.05.2025
1067
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda pasporti olib qo‘yilib, ishlashga majburlab kelingan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi

Olmaotaga ishlashga borgan O‘zbekiston fuqarosi yurak xuruji sabab o‘z vazifasini bajara olmay qolgan. Ammo ish beruvchi uning pasporti va telefonini tortib olib, ishlashga majburlab kelgan.

Illyustrativ foto

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari ko‘magida Qozog‘istonning Olmaota viloyatida mushkul ahvolda qolgan o‘zbekistonlik oilasi bag‘riga qaytarildi.

Bosh konsulxonadan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro R.M. o‘z pasportini ish beruvchidan qaytarish va sog‘ligida kuzatilgan muammolar tufayli O‘zbekistonga yetib olishi uchun yordam so‘rab murojaat qilgan.

U joriy yil mart oyida Olmaota viloyatining Qorasoy tumanidagi fermer xo‘jaligiga traktorchi bo‘lib ishlash uchun borgan. Oradan bir necha kun o‘tib, unda yurak xuruji kuzatilgan va o‘z vazifasini bajara olmagan.

Fermer xo‘jaligi rahbariyati esa uning og‘ir ahvoliga qaramay ishlashga majbur qilgan va ish joyini tashlab ketmasligi uchun fuqarolik pasportini va uyali aloqa vositasini tortib olgan.

Mahalliy politsiya vakillari bilan birgalikda olib borilgan o‘rganishlar natijasida O‘zbekiston fuqarosining pasporti ish beruvchidan olib berilgan va u Bosh konsulxona xodimlari tomonidan O‘zbekistonga kuzatib qo‘yilgan.

Avvalroq Novosibirsk shahrida mushkul ahvolda qolgan ayol va uning farzandi O‘zbekiston Bosh konsulxonasi ko‘magida Toshkentga olib kelingani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid