Putin o‘ziga voris tayyorlayotganini aytdi
Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, uning vorisi «xalq ishonchini» qozonishi kerak. Shuningdek, u o‘zida nomzodlar ro‘yxati borligiga shama qildi.

Foto: Videodan kadr
Rossiya prezidenti Vladimir Putin vorisi kim bo‘lishi haqida «doim» o‘ylashini ma’lum qildi. Shuningdek, u o‘zida nomzodlar ro‘yxati borligiga shama qildi.
«Rossiya. Kreml. Putin. 25 yil» hujjatli filmida Putin o‘z vorisi «xalq ishonchini» qozonishi kerakligini, aks holda prezidentda «nimadir jiddiy ish qilish imkoniyati» bo‘lmasligini ta’kidlagan. Uning aytishicha, xalqda tanlov bo‘lishi uchun nomzodlar bir nechta bo‘lgani yaxshi.
Turli yillar davomida Putinning vorisi sifati bosh vazir Mixail Mishustin, bosh vazir o‘rinbosari Dmitriy Patrushev, prezident ma’muriyati rahbari o‘rinbosarlari Sergey Kiriyenko va Dmitriy Kozak, Moskva meri Sergey Sobyanin, Davlat kengashi kotibi Aleksey Dyumin qarab kelingan. Putinning o‘zi Boris Yelsinning vorisi hisoblanadi. Yelsin 1999 yil 31 dekabrda iste’foga chiqishini e’lon qilib, vakolatlarini unga topshirib ketgandi. Bunga qadar Putin kuch tuzilmalari va hukumatda muhim lavozimlarni egallagan, jumladan, Federal xavfsizlik xizmati direktori va bosh vazir bo‘lgan. Film davomida u nima uchun davlat rahbari bo‘lganiga hech qachon shubha qilmaganini ta’kidladi.
Putin 72 yoshda. 2024 yilda u beshinchi marta prezidentlikka o‘z nomzodini ilgari surdi. Saylovlarga mustaqil nomzodlar qo‘yilmadi. Markaziy saylov komissiyasi Putin 87 foizlik rekord natija bilan g‘alabaga erishganini e’lon qildi.
Bunga qadar Putin 2000, 2004, 2012 va 2018 yillar davomida prezident etib saylangan. Mamlakat konstitutsiyasi eng yuqori davlat lavozimini ketma-ket ikki martadan ortiq egallashni taqiqlaydi. 2008 yilda ushbu cheklovga «rokirovka» yordamida rioya qilingan — o‘shanda hokimiyat to‘rt yilga Dmitriy Medvedevga o‘tgandi. 2012 yilda Putin prezidentlik vakolatlari muddatini 6 yilgacha uzaytirishni taklif qilgan va bu amalga oshgan edi. Ushbu o‘zgarishlar Medvedevga ta’sir ko‘rsatmadi. Keyingi 10 yillik boshqaruvdan keyin Putin oldingi prezidentlik muddatlarini «nollashtirish» va yana saylovlarda qatnashish uchun konstitutsiyani o‘zgartirishga qaror qildi. Shunday qilib, u 2030 yilgi saylovlarda ham ishtirok etib, undan keyin yana 6 yil mamlakatni boshqara oladi. Amaldagi Rossiya qonunchiligiga muvofiq, davlat rahbari vafot etsa, uning vakolatlari bosh vazirga o‘tadi.
Mavzuga oid

19:15 / 03.05.2025
Ukraina Qora dengiz ustida Rossiyaning Su-30 qiruvchi samolyotini urib tushirdi

17:18 / 03.05.2025
Zelenskiy Putin taklif qilgan 3 kunlik sulhni rad etib, 30 kunlik otashkesimga chaqirdi

15:07 / 03.05.2025
Shavkat Mirziyov va Vladimir Putin telefon orqali muloqot qildi

14:58 / 03.05.2025