O‘zbekiston | 12:17 / 07.05.2025
8548
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 61 yoshli o‘qituvchi o‘quvchiga shilqimlik qildi

O‘qituvchi sudda o‘quvchini sevishini, bu boshqacha tuyg‘u ekanligini, uni hech kim tushunmasligini aytgan. Qizning onasi esa pedagogni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirishni so‘ragan.

Sun’iy intellekt chizgan surat

10-sinf o‘quvchisiga shahvoniy shilqimlik qilgan Mirzo Ulug‘bek tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisi ma’muriy jazoga tortildi.

Kun.uz tanishgan sud qarorida keltirilishicha, 1964 yilda tug‘ilgan R.I. Mirzo Ulug‘bek tumanidagi maktabda fizika fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. U 2024 yilning 4 noyabr kunidan ushbu maktabning 10-sinfida o‘qiydigan, 2008 yilda tug‘ilgan o‘quvchi qizga shilqimlik qilib kelgan.

O‘qituvchi o‘quvchiga turli smaylklar jo‘natgan. 2025 yil 8 fevral kuni rus tilida “ya tebya lyublyu” degan mazmunda sevgi izhor qilgan. So‘ngra qizning sinfdoshlaridan uning gaplashib yuradigan yigiti bor yoki yo‘qligi to‘g‘risida surishtirib, o‘quvchining sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan harakatlarni bir necha marta sodir qilgan.

R.I. sudda aybiga iqror bo‘lgan va o‘quvchini sevishini aytgan.

Oilam yo‘q. 2 yildan buyon o‘quvchimni kuzatib yuraman. Do‘stlaridan uning yoqtirgan yigiti bor yoki yo‘qligini so‘radim. Sababi agarda yigiti bo‘lsa ularning o‘rtasiga kirishni xohlamadim. Uni sevaman, yomonlik qilish niyatim bo‘lmagan. Meni hech kim tushunmaydi, bu boshqacha tuyg‘u”, degan o‘qituvchi o‘z ko‘rsatmasida.

O‘quvchining onasi esa qizi 2025 yil 29 aprel kuni unga telefon qilib, maktabda bo‘lgan holatni aytganini bildirdi.

“Sinf rahbari hamda maktab direktoriga qo‘ng‘iroq qildim. Direktor menga oshiqcha gapirsam yomon bo‘lishini, o‘zlari hal qilishini aytdi. So‘ngra kechki payt qizim kelganida bo‘lgan voqealarni aytib berdi. Keyin IIBga murojaat qildim”, degan ayol sudda.

Shuningdek, ona suddan huquqbuzarga nisbatan qonuniy og‘ir jazo tayinlashni, uni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirishni so‘ragan.

JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudining qarori bilan R.I. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan (shahvoniy shilqimlik) huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topgan. Unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Oldinroq Sergeli tumanidagi maktablardan birining 36 yoshli o‘qituvchisi o‘quvchiga shilqimlik qilgani uchun 5 sutkaga qamalgandi. U 10-sinf qizni sinfxonaga qamab, eshikni ichkaridan qulflagan holda uni quchoqlamoqchi bo‘lgan.

Mavzuga oid