O‘zbekiston | 22:49 / 08.05.2025
4199
3 daqiqa o‘qiladi

"Ekkan hosiligacha bozor bahosida hisob-kitob qildik" - Shuhrat Abdurahmonov

Buloqboshi tumanida sodir bo‘lgan suv toshqini oqibatlari bartaraf etilmoqda. Hodisa joyida bo‘lib turgan Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida aholiga yetkazilgan zarar qay tarzda qoplanayotganiga izoh berdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Janubiy Farg‘ona kanali qirg‘og‘i o‘pirilishi oqibatida Buloqboshi tumanining ayrim mahallalarida suv toshqini yuzaga keldi. Hodisa joyiga yetib borgan Kun.uz muxbiri ayni manzilda bo‘lib turgan viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovdan qisqa izoh oldi.

«Ishchi guruh orqali suv kirgan har bir xonadonda xatlovlarni amalga oshirdik. Nima zararlangan bo‘lsa, hatto ekkan pomidoridan qancha hosil kutayotganini bozor bahosida hisob-kitob qildik. Pullarni olib kelib qo‘ydik, kechasi bilan xalqimizga pullarni tarqatamiz. Birorta inson norozi bo‘lmaydi, hamma narsa joy-joyiga qo‘yib beriladi», — deydi Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov.

Viloyat hokimining ta’kidlashicha, 150 ta xonadonga suv kirgan, kimningdir tomorqasi, boshqaning esa «navesi», molxonasi zararlangan.

Shuhrat Abdurahmonov shu bahona suv toshgan hududning yo‘llari asfaltlanib, namunali mahallaga aylantirilishini ma’lum qildi.

«Suv toshishiga sabab O‘zbekgidroenergo tashkiloti Rossiya kompaniyasi bilan hamkorlikda 6,6 megavattli GES qurishni boshlagan. Suv kelayotgan kanalning chekkasida yemirilish bo‘lgan va shu yerdan suv chiqib ketgan. Hozir barcha to‘g‘onlar mustahkamlandi, ertalab yana hamma narsasi qaytadan ko‘riladi, mustahkam bo‘lganidan keyin suvni ochib beramiz», — deydi hokim.

8 may kuni Andijon viloyati Buloqboshi tumani Sarvontepa mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Janubiy Farg‘ona kanali qirg‘og‘i darz ketib, shikast yetdi. Oqibatda kanal suvi toshib, atrofdagi ko‘chalar va aholi xonadonini suv bosdi. «O‘zgidromet» ma’lumotiga ko‘ra, xavfli gidrologik hodisaning kelib chiqishiga Janubiy Farg‘ona kanaliga GES qurilishi sababli ortiqcha suv tashlangani sabab bo‘lgan.

«O‘zbekgidroenergo»ga ko‘ra, texnogen holatga «GES qurish maqsadida kanalga ortiqcha suv tashlangani» emas, kanalga «loyihaviy suv o‘tkazish qobiliyatidan ko‘p suv kelgani» sabab bo‘lgan.

Mavzuga oid