O‘zbekiston | 08:35
5514
3 daqiqa o‘qiladi

Forishda kichik quvvatli AESni joylashtirish sxemasi tasdiqlandi

Bundan tashqari, O‘zbekistonning tabiiy uran resurslaridan yadro yonilg‘isi ishlab chiqarishda foydalanish imkoniyati muhokama qilinyapti.

Foto: Telegram / uzatom_info

Joriy yilning  6 may kuni energetika xavfsizligi masalalari bo‘yicha O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi Alisher Sultonov raisligida kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasini amalga oshirishga bag‘ishlangan operativ shtab va ilmiy-texnik kengashning qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Yig‘ilish doirasida «Atomstroyeksport» AJ bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshirilayotgan ishlarning joriy holati aks ettirilgan taqdimot namoyish etildi. Taqdimotda loyihalash bosqichlari, tayyorgarlik ishlari va xalqaro hamkorlar bilan hamkorlik masalalari atroflicha ko‘rsatildi. 

Ishtirokchilar shartnoma majburiyatlarining aniq belgilangan muddatda bajarilayotganini ta’kidlab, reglamentga qat’iy rioya qilish zarurligiga to‘xtaldilar shuningdek, qurilish-montaj bazasini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi, jumladan, joriy tayyorgarlik bosqichlari va kelgusi ishlar rejalari muhokama qilindi. 

Shuningdek, yer bo‘limlarini ajratish va tashqi infratuzilmani ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi, bu esa mahalliy hokimiyat organlari va pudrat tashkilotlari bilan faol hamkorlikni talab qiladi.

Ilmiy-texnik kengash tanlangan maydonda o‘tkazilgan muhandislik tadqiqotlari natijalarini ko‘rib chiqdi, bu natijalar loyiha hujjatlari uchun asos bo‘lib xizmat qiladi va obektning yuqori xavfsizlik darajasini ta’minlaydi. 

Yig‘ilish davomida Jizzax viloyati Forish tumanida kichik quvvatli atom stansiyasini joylashtirish sxemasi tasdiqlandi, bu loyihani mintaqaviy ehtiyojlarga moslashtirish va elektr energiyasi ishlab chiqarishni optimallashtirish imkonini beradi. 

Bundan tashqari, O‘zbekistonning tabiiy uran resurslaridan yadro yonilg‘isi ishlab chiqarishda foydalanish imkoniyati muhokama qilindi, bu loyihaning iqtisodiy samaradorligini oshirish va mamlakatning energetik mustaqilligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yig‘ilish barcha ishtirokchilarning kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirishga tayyorligini tasdiqladi. 

Ushbu shtab O‘zbekiston prezidenti topshirig‘iga ko‘ra loyiha ishtirokchilarining o‘zaro samarali hamkorligini ta’minlash va kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi bilan bog‘liq vazifalarni amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan.

Mavzuga oid