O‘zbekiston | 18:00
2082
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik 14 nafar faxriyning hayotiga oid «Xotira nuri» kitobi taqdim etildi

Ushbu g‘oya muallifi - Shahnoza Mirziyoyeva. U O‘zbekistonning turli hududlariga borib, kitob qahramonlari bilan shaxsan uchrashdi va faxriylarga ularning xotiralari saqlangan ushbu kitobni tuhfa qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yosh ijodkorlar, O‘zbek tili va adabiyoti instituti talabalarining qalamiga mansub qahramonlik hikoyalari to‘plami — «Xotira nuri» kitobi taqdim etildi.

«Xotira nuri» — bu oddiy, ammo juda muhim g‘oyadan tug‘ilgan kitob: faxriylarning jonli tarixini saqlab qolishga ulgirish. Ushbu g‘oya muallifi — Shahnoza Mirziyoyeva. Aynan u loyihani tashabbus sifatida ilgari surgan.

«Xotira nuri» — bu shunchaki xotiralar to‘plami emas. Bu — avlodlar o‘rtasidagi muloqot. Kitobda O‘zbekistonning har bir hududidan bittadan, jami 14 ta hikoya jamlangan. Loyiha keyingi yil davomida barcha tirik faxriylarni qamrab olib, ularning hayotiy yo‘llarini «xotira kitobi»ga kiritish, milliy qahramonlik arxivi yaratishni rejalashtirgan.

Qayd etilishicha, loyiha doirasida talaba yoshlar jalb etilgan. Talabalar faxriylarning uyiga borishgan, ular bilan suhbatlashgan, tinglashgan va yozib olishgan. Aynan shu suhbatlar kitobning asosiga aylangan.

Shahnoza Mirziyoyeva O‘zbekistonning turli hududlariga borib, kitob qahramonlari bilan shaxsan uchrashdi va ularga prezident nomidan «G‘alabaning 80 yilligi» esdalik medallarini topshirdi. Faxriylarga ularning xotiralari mehr bilan saqlab qilingan ushbu kitobning o‘zini ham tuhfa etdi.

«Bu kitob o‘tmish haqida emas. Bu — kelajak haqida. Shunday bo‘lsin-ki, yoshlar bilsin, avlodlar bog‘lanishi uzilmasin, hikoyalar yashasin va ilhom bersin», — deyiladi xabarda.

Oldinroq G‘alaba bog‘i hududida «Xotira nuri» majmuasi ochilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. U gulli daraxtlar, butalar va yorqin gulzorlar bilan o‘ralgan. Bu joyda xotira, hurmat va minnatdorchilik tuyg‘ulari aks etgan o‘ziga xos muhit yaratilgan. Majmuaning markazida joylashgan yodgorlik ochiq sahifadek yasalgan kitob shaklida bo‘lib, u abadiy meros va hayotini Vatan uchun fido qilganlar xotirasini ifodalaydi. Yashil hudud uch tomondan yodgorlik tomon olib boruvchi sayr yo‘laklari bilan bezatilgan. Monument maketi ustida mamlakatning yetakchi haykaltaroshlari hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi talabalari ishlamoqda.

Raqamli platforma — bu faxriylar haqidagi foto, video va audio materiallardan iborat arxiv bazasidir. U «xotira kitobi»da keltirilgan hikoyalarni boyitadi. Zamonaviy texnologiyalar orqali ilk bor O‘zbekistonda ochiq osmon ostida raqamli muzey yaratilmoqda. Har bir tashrif buyuruvchi markaziy monumentga o‘rnatilgan interaktiv QR-kod orqali bu boy xotiralarni tinglashi, ko‘rishi va his qilishi mumkin bo‘ladi.

Mavzuga oid