Sport | 11:33
13752
19 daqiqa o‘qiladi

«Roma» «Milan»ni yengdi va YeChL uchun kurashda qoldi, «Barsa» sovrin olgan kunida yutqazdi. Kun o‘yinlari

Italiyada chempionlik va YeChLga to‘rtinchi yo‘llanma oxirgi turda hal bo‘ladi, Angliyada YeChLning 3 yo‘llanmasi uchun 5 da’vogar oxirigacha kurashadi, Ispaniyada hech qanday intriga qolmadi. Yakshanba oqshomida Yevropa chempionatlarida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat. 

Italiya: «Yuventus» YeChL sari qadam tashladi

Italiyada finishda ikki asosiy masala ham dolzarb — skudetto uchun poyga va Chempionlar ligasiga so‘nggi yo‘llanma uchun kurash.

Italiya A Seriyasi, 37-tur
«Inter» – «Latsio» 2:2
Gollar:
Bissek 45+2, Dyumrfris 79 – Pedro 72, 90.
«Inter»: Zommer. Acherbi. Bastoni (Zelinski, 90). Bissek. Chalxono‘g‘li (Zalevski, 90). Mxitaryan (Arnautovich, 90). Barella. Dimarko (Karlos Augustu, 68). Dyumfris. Tyuram. Torimiy (Korrea, 56).
«Latsio»: Mandas. Romanioli. Xila (Jigo, 90). Nunu Tavaresh (Hyusay, 65). Marushich. Rovella. Genduzi. Vesino. Dia. Isaksen (Pedro, 53). Kastelyanos
Ogohlantirishlar: Chalxono‘g‘li, 38 – Kastelyanos, 45. Xila, 61. Romanioli, 79

«Parma» – «Napoli» 0:0
«Parma»: Sudzuki. Chirkati. Leoni (Ayno, 63). Balog. Keyta. Zom. Ernani (Bernabe, 76). Valeri (Levik, 85). Del Prato. Bonni (Ondreyka, 85). Pelegrino (Djurich, 85)
«Napoli»: Meret. Rraxmani. Olivera. Spinatssola (Matssokki, 86). Di Lorenso. Gilmor (Billing, 69). Zambo Angissa. Maktominay. Politano (Simeone, 80). Lukaku (Ngonge, 80). Raspadori (Neres, 69)
Ogohlantirishlar: Del Prato, 70 – Di Lorenso, 73. Matssokki, 90

«Napoli» o‘tgan turda o‘z uyida «Jyenoa» bilan durang o‘ynab qo‘yganida Antonio Konte jamoasiga ruhiy bosim elementi sifatida ko‘rilgandi. Bir ochkolik ustunlik — juda kichik, «Parma» esa «Inter»ning sobiq futbolchisi Kristian Kivu boshqaruvga kelganidan buyon nafaqat inqirozdan chiqa oldi — balki favoritlar uchun dahshatli raqiba aylandi. Bahorda «salibchilar» «Inter» (2:2), «Yuventus» (1:0) va «Latsio» (2:2) kabi raqiblardan ochko ololdi.

«Napoli»ga ham o‘yin oson kechmadi. Bir tomondan, Zambo-Angissaning zarbasidan keyin «Parma»ni ustun qutqarib qoldi. Boshqa tomondan — Meret ham janubliklarni muqarrar goldan qutqarishiga to‘g‘ri keldi. Bu vaqtda esa Milandagi o‘yinda «Inter» ham gol o‘tkazib yuborishi mumkin edi, ammo birinchi bo‘lim oxirida Zommer yakkama-yakka vaziyatga chiqib kelgan Isaksenni to‘xtatdi. Arbitr tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda esa jarohatlangan Lautaro Martines yo‘qligida himoyachi Bissek hujumda o‘zini ko‘rsatib, hisobni ochdi.

«Napoli»ning zarbalari esa darvoza to‘riga boray demasdi. Goh Politanoning zarbasidan keyin to‘p to‘singa bordi, goh mezbonlar darvozaboni Maktominayning xavfli zarbasini bartaraf etdi. Parmadagi o‘yinda tablodagi nollar o‘zgarmay turganida Milanda haqiqiy drama kuzatildi. Neradzurrilarning sobiq futbolchisi Vesino mezbonlar jarima maydonida vahima yuzaga keltirdi va «Latsio» Pedroning zarbasi bilan hisobni tenglashtirdi. Ammo sakkiz daqiqa o‘tib Hoqon Chalxono‘g‘lining jarima zarbasidan uzatgan to‘pni Dyumfris darvoza to‘riga yo‘lladi.

Ammo bu hali yakun emasdi. Asosiy vaqtning oxirgi daqiqasida to‘p jarima maydoni ichida Bissekning qo‘liga tegdi, hakam monitorda vaziyat takrorini ko‘rib, 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi va Pedro Zommerga imkoniyat qoldirmadi. Simone Indzagining sobiq jamoasi o‘zi ham muhim ochkolarni yo‘qotishi bilan birga, amalda «Inter»ning ham skudetto uchun yo‘lida to‘g‘anoq bo‘ldi. «Latsio» hozirda oltinchi o‘rinda qolmoqda va YeChLga yo‘llanma beruvchi to‘rtinchi o‘rindan ikki ochkoga ortda qolmoqda. Bunda neradzurrilarning o‘zini ham ayblash mumkin, o‘yinga qo‘shib berilgan to‘rtinchi daqiqa o‘tib borayotganida Acherbining zarbasidan keyin to‘p darvoza to‘riga kirib borayotganida ofsayddagi Arnautovich unga teginib, gol bekor qilinishiga sababchi bo‘ldi.

Bu vaqtda esa Parmada hakam David Neresga qarshi ishlatilgan fol uchun mezbonlar darvozasiga penalti belgiladi. «Napoli» chempionlik uchun muhim golni urishi mumkin edi, ammo videotakrorda hujum boshlanishi vaqtida Simeone tomonidan qoidabuzarlik qilinganini qayd etdi. Endi skudettoga ega chiqish uchun neapolitanliklar so‘nggi turda «Kalyari»ni mag‘lub etishi talab etiladi. Bir ochkolik farq bilan ta’qib qilayotgan «Inter»ni esa «Komo»ga qarshi safar o‘yini kutmoqda.

«Yuventus» – «Udineze» 2:0
Gollar:
Gonsales, 61, Vlahovich 88.
«Yuventus»: Di Gregorio. Kelli. Veyga. Kambyaso (Vlaxovich, 73). Koshta. Lokatelli. Makkenni (Duglas Luis, 81). Konseysau (Adjich, 90). Kenan Yildiz (Mbangula, 90). Gonsales. Kolo Muani (Vea, 73).
«Udineze»: Okoyye. Kabasele (Djannetti, 76). Sole. Kristensen. Sarraga. Chelstrem. Kamara (Zemura, 29). Exizibue. Lovrich (Modesto, 60). Ekkelenkamp (Sanches, 76). Devis
Ogohlantirishlar: Kamara, 3. Lovrich, 14. Kristensen, 77

«Roma» – «Milan» 3:1
Gollar:
Manchini 3, Paredes 58, Kristante 87 – Feliks 39
Chetlatish: Himenes 21
«Roma»: Svilar. Manchini. N`Dika. Zeki Chelik. Kristante. Paredes (Rench, 78). Kone. Anxelinio. Salemakers (Baldansi, 84). Shomurodov (Al-Sha’roviy, 84). Soule (Gurna-Duat, 78).
«Milan»: Menyan. Gabbia (Sottil, 84). Pavlovich. Tomori. Loftus-Chik (Fofana, 65). Reynders. A. Ximenes (Yovich, 65). Musa. Pulishich (Terrachchano, 90). Joau Feliks (Leau, 66). S. Himenes
Ogohlantirishlar: Manchini, 25. Kristante, 45. Zeki Chelik, 61. Paredes, 63 - A. Ximenes, 62. Tomori, 90

O‘tgan dushanba kuni «Inter» va «Napoli» ortidan «Atalanta» ham YeChL yo‘llanmasini hal qilgandi. Bergamoliklar «Roma»ning 19 tur davom etgan mag‘lubiyatsiz seriyasiga barham berib (2:1), rimliklarning mavsumni kuchli to‘rtlikda yakunlash imkoniyatini pasaytirib yuborgandi. Shu tufayli Klaudio Raniyeri A seriyadagi 500-o‘yiniga beshinchi o‘rinda yetib keldi.

Eldor Shomurodov boshlang‘ich tarkibda tushgan o‘yinda «bo‘rilar» tezkor gol urib, onlayn jadvalda to‘rtinchi o‘ringa chiqib oldi, 3-daqiqada Soule burchakdan oshirgan to‘pni Manchini darvoza to‘riga yo‘lladi. Birinchi bo‘lim o‘rtalarida «Roma» son jihatdan ham ustunlikka erishdi, ammo Santyago Himenes chetlatilganidan keyin ham «Milan» hujumkor o‘ynashda davom etdi va Alexandro Himenes Joau Feliks fevraldan buyon ilk golini urishiga yordam berdi.

Shu tariqa, tanaffus arafasida onlayn jadvalda yana «Yuventus» to‘rtinchi o‘ringa qaytdi. Ikkinchi bo‘limda «Roma» ikkinchi golni urdi va to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi, biroz o‘tib turinliklar ham nihoyat «Udineze» darvozasini ishg‘ol etib, o‘rinni o‘ziga qaytardi. Niko Gonsales raqib jarima maydonida to‘pni olib qo‘ydi va Kenan Yildizning uzatmasidan keyin darvozabonga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Ko‘p o‘tmay Vlahovich o‘yin masalasiga nuqta qo‘ydi. Turinliklar endi oxirgi turda Venetsiyada g‘alaba qozonib, YeChL yo‘llanmasiga ega chiqishi mumkin. «Roma» esa to‘rtinchi yo‘llanmaga ega chiqish uchun birinchi navbatda safarda «Torino»ni yengishi va «Yuve» ochko yo‘qotishini kutishi kerak bo‘ladi.

Angliya: «Nottinghem» kurashga qaytdi, «Arsenal» ikkinchi o‘rinni kafolatladi

APL, 37-tur
«Vest Hem» — «Nottinghem Forest» 1:2
Gollar:
Bouen (86) — Gibbs-Uayt (11), Milenkovich (61). 
«Vest Hem» — Areolya, Todibo, Kilman, Kressuell (Alvares, 59), Tsoufal, Uord-Prouz (Soler, 59), Rodriges (Paketa, 59), Van-Bissaka, Souchek (Fullkrug, 58), Bouen, Quddus (Gillerme, 79). 
«Nottinghem Forest» — Zels, Ayna, Milenkovich, Murillo, Uilyams, Sangare (Morato, 83), Anderson (Hadson-Odoi, 83), Dominges (Yyeyts, 90+5), Gibbs-Uayt (Danilo, 83), Elanga (Jota Silva, 90+5), Vud.
Ogohlantirishlar: Tsoufal (45+2), Anderson (52), Paketa (76), Todibo (90+1), Murillo (90+15), Morato (90+15), Soler (90+15), Alvares (90+15).

Yaqin vaqtlargacha uchinchi o‘rinni hech kimga berib qo‘yaydigandek ko‘ringan «Nottinghem» qatorasiga uch turda g‘alaba qozona olmadi va holatini og‘irlashtirib qo‘ydi. Bu oraliqda atigi ikki ochko olgan Nunu Eshpiritu Santu shogirdlari yettinchi o‘ringa quladi. YeChL yo‘llanmasi uchun imkoniyat minimallashdi, jamoa faqat safarda «Vest Hem» ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin kurashda qoldi.

«O‘rmonchilar» buning uchun londonliklar darvozaboni Areoldan minnatdor bo‘lishi kerak, u to‘pni Gibbs-Uaytning oyoqlariga tashlab berib, mehmonlarga gol tuhfa qildi. Futbolchi bu golini jamoa forvardi Avoniyining futbolkasini ko‘targan holda nishonlab, og‘ir jarohat olgan va jarrohlik amaliyotidan keyingina sun’iy koma holatidan chiqarilgan jamoadoshini qo‘llab-quvvatladi.

Keyin esa jamoalar qarama-qarshi kurslarda o‘yinni davom ettirishdi. Vud bir necha daqiqa ichida ikkita imkoniyatdan foydalana olmadi, avvaliga uning zarbasi ustunga bordi, keyin esa Areolya u bilan duelda ustun keldi. Ikkinchi bo‘limda Elanganing jarima zarbasidan keyin to‘p Milenkovich orqali darvoza to‘riga borib tushganida esa hakam bir necha daqiqa davomida videotakrorni ko‘rib chiqib, ofsayd holatidagi boshqa futbolchilarning vaziyatga ta’siri darajasini o‘rgandi. Yakunda u «Nottinghem» foydasiga qaror chiqardi, «bolg‘achilar» esa faqat o‘yin oxirida bitta javob golini urishdi: to‘p jarima maydoni ichiga tashlab berilganida Morato himoyada ishonchli harakat qila olmadi va Bouen havodagi to‘pni to‘xtatmasdan zarba yo‘lladi. O‘yinga hakam tomonidan qo‘shib berilgan 13-daqiqada esa Zels «Nottinghem» uchun g‘alabali hisobni saqlab qoldi. Endi barchasi so‘nggi turda — «o‘rmonchilar»ning uyda «Chelsi»ga qarshi o‘yinida hal bo‘ladi.

«Arsenal» – «Nyukasl» 1:0
Gol
: Rays 55.
«Arsenal»: Rayya. Saliba (Kalafori, 46). Kiver. Lyuis-Skelli. Uayt. Partey. Rays. Edegor (Jorjino, 90+3). Martinelli. Saka (Havers, 76). Trossar (Tirni, 88)
«Nyukasl»: Poup. Botman (Kraft, 64). Byorn. Sher. Tonali. Gimarayns. Livramento. Myorfi (Mayli, 64). Gordon. Barns (Uillok, 76). Uilson (Osula, 64)
Ogohlantirishlar: Havers, 90. Rayya, 90. Kiver, 90 - Kraft, 65. Uillok, 90. Bern, 90

«Emireyts»dagi o‘yinning birinchi bo‘limida ikki darvozabon — Rayya va Poup — tom ma’noda kim ko‘proq seyv qilishi bo‘yicha musobaqalashishdi. Ispaniyalik posbon ko‘proq qutqarishiga to‘g‘ri keldi, ammo uning hamkasbi mavsum hit-paradlariga kiradigan seyvni ham ijro etdi. «Arsenal» burchak zarbasini o‘z uslubida ijro etdi, Partey bir yarim metr masofadan turib zarba yo‘lladi, ammo Poup qo‘llarini baland ko‘targan holda to‘pni qaytarib qoldi. «Nyukasl»ga hujum chizig‘ida jarohatdagi Isak yo‘qligi sezildi. Yaratilgan vaziyatlardan ushbu shved kamida bitta gol urishi mumkin edi, «Arsenal»ga esa bu mavsumning eng yorqin o‘yinchisi Raysning navbatdagi kuchli zarbasi yetarli bo‘ldi.

«Kanonirlar» raqib jarima maydoni yaqinida bosim uyushtirib, to‘pni olib qo‘ydi, Saka to‘pni Edegorga uzatdi, u esa jarima maydoni chizig‘i oldida ochilgan Raysni to‘p bilan ta’minladi. G‘alabali hisobni saqlab qolgan Mikel Arteta shogirdlari ikkinchi o‘rinni kafolatladi, uchinchi o‘rinda qolgan «Nyukasl» esa faqat qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobiga «Chelsi» va «Aston Villa»dan oldinda joylashgan. Uchala jamoada ham 66 tadan ochko bor. Seshanba kuni qoldirilgan o‘yinini o‘tkazadigan «Manchester Siti» «Bornmut» ustidan g‘alaba qozonsa, ushbu trioni quvib o‘tishi mumkin, bu esa Eddi Hau jamoasi YeChL yo‘llanmasi uchun oxirgi turda uyda «Everton»ni mag‘lub etishi zarurligini anglatadi.

Ispaniya: «Vilyarreal» — Chempionlar ligasida

«Barselona» — «Vilyareal» 2:3
Gollar:
Yamal 38, Fermin 45+5 – Peres 4, Kamesana 50, Byukenen 80.
«Barselona»: ter Shtegen. Kubarsi. Inigo Martines. Martin (Balde, 46). Garsiya (Fort, 74). Gavi (Olmo, 85). Pedri (de Yong, 46). Fermin Lopes. Rafinya. Yamal. Levandovski (Viktor, 74)
«Vilyarreal»: Luis Junior. Kosta. Foyt. Kardona. Pablo Navarro (Kambvala, 64). Parexo (Gey, 58). Komesanya. Pino (Byukenen, 64). Pepe (Moreno, 77). Baena. Peres (Barri, 46)
Ogohlantirishlar: Garsiya, 43. Olmo, 86

«Atletiko» — «Betis» 4:1
Gollar:
Alvares 10, 75,  Le Normann 45+3, Korrea 90+6 – Fornals 67.
«Atletiko»: Oblak. Langle. Le Norman. Galan. Liorente. de Paul (Gallaxer, 70). Koke. Lino (Molina, 80). Simeone (Korrea, 80). Syorlot (Grizmann, 70). Alvares (Vitsel, 90+9)
«Betis»: Adrian. Natan. Mendi. Perro. Ruibal (Ortis, 82). Kardozo. Altimir (Isko, 46). Lo Selso (Villiam Karvalyu, 82). Azzalzuliy (Antoni, 46). Pablo Fornals. Bakambyu (Ernandes, 46).
Ogohlantirishlar: Molina, 90 - Mendi, 89

O‘tgan turda muddatidan oldin chempionlikni rasmiylashtirgan «Barselona» mavsumdagi so‘nggi uy o‘yinida bo‘shashdi. 4-daqiqada kataloniyaliklarning ofsayd qopqoni to‘g‘ri ishlamadi va maydon markazidan katta bo‘shliqqa chiqib ketgan Pepe Ayose Peresni Ter Shtegen bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi. Ammo tanaffus arafasida ko‘k-anorranglilar Yamalning sa’y-harakatlari bilan o‘yinda burilish yasadi, u muxlislarga navbatdagi chiroyli golini tuhfa etdi. 17 yoshli futbolchi ikki raqibni ortda qoldirib, uchinchisining ortidan yerlatib zarba yo‘lladi. Lamin yana bir shedevr gol urishi mumkin edi, u jarima maydoni ichida ikki raqib orasidan o‘tishni uddaladi, ammo darvozabon Junior bu safargi zarbani to‘singa yo‘naltirishni uddaladi. Faqat hujum ikkinchi tempda davom ettirildi va Fermin Lopes darvozabonga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.

Ammo bu «Vilyarreal» muxlislarini qattiq xafa qilgani yo‘q, chunki parallel o‘yinda «Atletiko» YeChL yo‘llanmasi uchun yana bir da’vogar «Betis»ni ayamayotgandi. Poytaxtdagi o‘yinda Xulian Alvares dubl qayd etib, barcha turnirlar doirasidagi gollari sonini 28 taga yetkazdi. «Matraschilar»da debyut mavsumini bu qadar yorqin o‘tkazgan futbolchi Radamel Falkao davridan buyon bo‘lmagan (2012/13 yillar mavsumida 36 gol). Diyego Simeone jamoasining g‘alabasi esa Ispaniyaning YeChLdagi vakillari masalasi muddatidan oldin hal bo‘lishini anglatardi. Keyingi mavsumda asosiy yevrokubokda «katta uchlik»dan tashqari «Atletik» va «Vilyarreal» o‘ynaydi.

«Sariq submarinalar» esa turnir jadvalidagi vaziyatga qarab o‘tirishmadi. Ikkinchi bo‘lim Santi Komesanya hisobni tenglashtirishi bilan boshlandi, o‘yin oxirida esa darvoza qarshisida yolg‘iz qoldirilgan kanadalik Byukenen la ligadagi ilk golini urdi. «Vilyarreal» bu bilan «Barsa»ning bayramini biroz buzib qo‘ydi, o‘yindan keyin kataloniyaliklarga chempionlik kubogi topshirildi.

«Sevilya» — «Real» 0:2
Gollar:
Mbappe 75, Bellinghem 87
«Sevilya»: Nyuland. Salas. Bade. Karmona. Sanches (Lokonga, 78). Gudel. Agume. Suso (Fernandes, 77). Sou (Manu Bueno, 82). Lukebakio (Romero, 46). Paskual (Pedrosa, 52)
«Real»: Lunin. Valexo (G. Garsiya, 66). Ramon. F. Garsiya (Sebalos, 77). Valverde. Modrich. Tshuameni. Bellinghem. Arda Guler (Vaskes, 77). Mbappe. Endrik (Munos, 58)
Ogohlantirish: Bellinghem, 66
Chetlatishlar: Bade 12, Romero 46.

«Real» Sevilyadagi o‘yinda aralash tarkibni tushirdi — darvozada Lunin, mudofaa markazida Valexo va hujumda Endrik. Ammo bu qaymoqranglilar 12-daqiqadayoq Bade chetlatilishi evaziga bir kishi bo‘lib olganidan keyin ham gol ura olmaganini izohlay olmaydi. Chunki Bellinghem, Modrich va Mbappe kabi yetakchilar maydonda edi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa tanaffusda o‘yinga qo‘shilgan Romero Tshuameniga qarshi qo‘pol o‘ynadi va
arbitr videotakrorni ko‘rib chiqqach, «Sevilya» to‘qqiz kishi bo‘lib qoldi.

Shundan keyin ham madridliklar hadeganda gol ura olishmadi. Hatto gol urmaslik qiyin bo‘lgan vaziyatlarda ham to‘p darvozaga kiray demasdi. Hujumlar uyushtirildi, Arda Guler va Valverde navbatma-navbat zarbalar berishdi. Ammo hisobni ochish bu safar ham Mbappega nasib etdi, avvaliga uning zarbasi to‘singa bordi, keyingi vaziyatda esa u mo‘ljalni to‘g‘riroq oldi va jarima maydoni tashqarisidan ideal zarba berdi. Kilian bu mavsumda barcha turnirlar doirasida jarima maydoni tashqarisidan urgan gollari sonini yettitaga yetkazib, bu borada kuchli beshlik chempionatlarida Yamal bilan birgalikda yetakchilik qilmoqda.

Mavzuga oid