O‘zbekiston | 22:25 / 21.05.2025
2976
5 daqiqa o‘qiladi

21 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekistonliklar uchun AQShga viza talablari yengillashtirilishi mumkin, bloger Qobil Do‘sov yana sud qilinmoqda, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internat ish boshlaydi, Budapeshtda Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi — o‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘zbekistonliklar uchun AQShga viza talablari yengillashtirilishi mumkin

2025 yil 15 may kuni O‘zbekistonga sayyohlar oqimini ko‘paytirish va turistik xizmatlar ko‘lamini kengaytirishga doir prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, Tashqi ishlar vazirligi uch oy muddatda Rossiya, Qozog‘iston va Ozarboyjon davlatlari fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga ichki hujjat yoki ID-karta, shu jumladan, 16 yoshga to‘lmagan fuqarolarga «kinder pasport» bilan 30 kungacha kirish rejimini joriy qilish yuklatildi.

Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi Amerika Qo‘shma Shtatlari fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga 30 kunlik muddatga vizasiz kirish rejimini joriy qilish hamda O‘zbekiston fuqarolari uchun AQShga viza talablarini yengillashtirish yuzasidan muzokaralar boshlash topshirildi. Vazirlik 3 oy ichida ushbu masala yakuni bo‘yicha taklif kiritishi kerak.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasiga ikki hafta muddatda mahalliy hokimlarni Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Koreya, Indoneziya, Malayziya va Ko‘rfaz arab davlatlaridan xorijiy turistlarni ko‘paytirish maqsadida tegishli hududlarga biriktirish topshirildi.

Bloger Qobil Do‘sov ustidan yana bir sud ishi bo‘lib o‘tmoqda

Bo‘stonliq tumani sobiq deputati, bloger Qobil Do‘sov ustidan yana bir sud ishi bo‘lib o‘tmoqda. U Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida sudya Tolibjon Obidov raisligida ko‘rib chiqilyapti. Sobiq deputat Jinoyat kodeksining «tuhmat», «haqorat qilish», «yolg‘on xabar berish» moddalari bilan ayblanmoqda.

Sud ishida 5 kishi jabrlanuvchi bo‘lib o‘tgan. Ularning aksariyati ta’lim tizimi vakillari. Jumladan, jabrlanuvchilar orasida Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ra’no Hayitova ham bor.

20 may kuni ushbu jinoyat ishi bo‘yicha sud majlisi o‘tkazilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda sudda prokuror Qobil Do‘sovga 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi so‘ragani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Qobil Do‘sov avvalroq Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyevni haqorat qilganlikda aybli deb topilib, 1 yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingandi. Fevral oyi oxirida esa sobiq deputatga sud hukmi bilan 1 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internat faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

«Prezident iqtidorli farzandlari» tashabbusini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi. Farmonga ko‘ra, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internat faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Maktabda o‘quv jarayoni 2025-2026 o‘quv yilidan boshlanadi.

Maktab bitiruvchilariga davlat namunasidagi ta’lim to‘g‘risidagi hujjat bilan bir qatorda yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirish imkonini beruvchi xalqaro ta’lim dasturi diplomi beriladi.

Maktabda ta’lim jarayoni variativ o‘quv rejalar asosida amalga oshiriladi hamda o‘quvchilar ingliz tilidan tashqari kamida yana bitta qo‘shimcha xorijiy tilga o‘qitiladi. Maktabda davlat budjeti mablag‘lari hisobidan o‘qitiladigan o‘quvchilarning umumiy cheklangan soni 180 nafarni tashkil etadi.

Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 may kuni Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston yetakchisi Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY faoliyati va tuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda Turkiy madaniyat jamg‘armasi kengashining navbatdagi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif etdi.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, turkiyalik atoqli olim, biokimyogar, Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjarni Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotga sazovor bo‘lgani bilan tabrikladi.

Sammit yakunida Budapesht deklaratsiyasi, shuningdek, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha boshqa qator hujjatlar qabul qilindi.

Mavzuga oid