Jahon | 21:14 / 23.05.2025
1874
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va Ukraina 390 nafar asirni almashtirdi

Jarayon 3 kun davom etadi va jami 1 ming harbiy almashtiriladi.

Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati

Ukraina asirligidan 270 nafar harbiy va 120 nafar tinch aholi Rossiyaga qaytarildi. Moskva, shuningdek, mahbuslar almashinuvi doirasida Kiyevga 270 nafar harbiy xizmatchi va 120 nafar tinch aholi vakilini topshirdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligiga tayanib Meduza xabar berdi.

Qayd etilganidek, almashuv Istanbulda erishilgan kelishuvlar doirasida bo‘lib o‘tdi. Yaqin kunlarda Ukraina bilan keng ko‘lamli mahbuslar almashinuvi davom etishi rejalashtirilgan.

Ayni paytda asirlikdan qaytgan rossiyalik harbiy xizmatchilar va fuqarolar Belarus hududida bo‘lib, ularga zarur psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Tez orada ular Rossiya tibbiy muassasalarda davolanish va reabilitatsiya qilish uchun yetkaziladi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Moskva va Kiyev o‘rtasida mahbuslar almashinuvining birinchi bosqichi 23 may kuni bo‘lib o‘tganini tasdiqladi. Kelishuv doirasida 390 kishi Ukrainaga qaytdi.

16 may kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida Rossiya va Ukraina delegatsiyalari «1000 ga 1000» formulasi bo‘yicha harbiy asirlarni almashishga kelishib oldi. Rossiya va Ukraina nashrlari manbalarining xabar berishicha, almashinuv 23 may kuni boshlangan va uch kun davom etadi.

Mavzuga oid