Jahon | 15:14 / 04.06.2025
915
5 daqiqa o‘qiladi

2024 yil mojaro hududlarida yashayotgan bolalar uchun «tarixdagi eng og‘ir yillardan biri» bo‘ldi

YUNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 473 millionga yaqin bola zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan hududlarda yashaydi.

Foto: Anadolu Agency

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 4 iyunni Xalqaro tajovuz qurbonlari bo‘lgan begunoh bolalar kuni deb e’lon qildi. Ushbu sana 1982 yilda Isroil hujumlaridan jabr ko‘rgan Falastin va Livan bolalarini xotirlash uchun tashkil etilgan.

Yetakchi xalqaro tashkilotlar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF), Save the Children va Shveytsariyaning Humanium inson huquqlari nodavlat notijorat tashkiloti ziddiyatli hududlarda bolalar huquqlarining buzilishi haqida muntazam ravishda hisobotlar e’lon qiladi.

YuNISEFning 2024 yil dekabr oyidagi hisobotiga ko‘ra, dunyoda mojaro zonalari soni Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yuqori darajaga yetgan.

Hujjatda «2024 yil YuNISEF tarixidagi qurolli to‘qnashuvlardagi bolalar uchun eng yomon yillardan biri bo‘ldi» deyiladi.

Taxminan 473 million bola, ya’ni butun dunyodagi barcha bolalarning qariyb 19 foizi zo‘ravonlikdan jabrlangan hududlarda yashaydi.

Humanium hisobotiga ko‘ra, bolalar yashash huquqining eng katta va eng dahshatli buzilishi Falastinning bosib olingan hududlarida sodir bo‘lyapti. Tashkilot G‘azo sektorini «yer yuzidagi bolalar uchun eng halokatli joy» deb atadi, bir yildan kamroq vaqt ichida 11 300 ga yaqin bolalar o‘limi qayd etilgan.

Halok bo‘lganlarning qariyb 30 foizi besh yoshgacha bo‘lgan bolalar, jumladan, 710 nafari bir yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlardir.

Humanium va Save the Children Isroilning ishg‘ollari, havo va quruqlik hujumlari, ochlik va asosiy resurslarning yetishmasligi G‘azodagi bolalarni har kuni o‘lim xavfiga duchor qilishini va chuqur ruhiy jarohatlarga sabab bo‘layotganini qayd etdi.

2024 yil oktyabr oyida YuNISEF vakili Jyeyms Elder G‘azoni «bir million bola uchun yer yuzidagi tirik do‘zax» deb ta’rifladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi faoliyatini moliyalashtirishni qisqartirish va cheklovlar jiddiy gumanitar inqirozga olib keldi. Isroilning Livanga qilgan hujumlari bolalar xavfsizligiga ham ta’sir qildi.

Livan Sog‘liqni saqlash vazirligining 2024 yil dekabr oyidagi ma’lumotlariga ko‘ra, zarbalar natijasida 231 bola halok bo‘lgan, 1300 dan ortiq bola jarohatlangan. Isroil armiyasi va "Hizbulloh" harakati o‘rtasidagi to‘qnashuvlar tufayli mamlakatda kuniga o‘rtacha 3,5 nafar bola halok bo‘lmoqda, 9,5 nafari jarohatlanmoqda.

Sudanda 2023 yilning aprel oyidan beri davom etayotgan fuqarolar urushi, ayniqsa, bolalar uchun insonparvarlik falokatiga aylandi. YuNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, mojaroning dastlabki oylarida kamida 190 nafar bola halok bo‘lgan.

Sahel mintaqasida (Mali, Burkina-Faso, Niger) bolalar zo‘ravonlik, ochlik va ta’lim olish imkoniyatining yetishmasligidan aziyat chekmoqda. Birgina Burkina-Fasoda 7800 dan ortiq maktab yopilgan, 1,4 milliondan ortiq bola ta’limsiz qolgan.

Humanium ma’lumotlariga ko‘ra, Yamanda 5 yoshgacha bo‘lgan 600 000 dan ortiq bola ko‘p yillik urush va vayronagarchilik tufayli o‘tkir to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda.

Haitidagi vaziyat ayniqsa xavotirli: 2024 yilda bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holatlari 1000 foizga oshgan, deyiladi YuNISEF hisobotida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda mojaro zonalarida 52 milliondan ortiq bola ta’lim olish imkoniga ega emas. Mojaro sog‘liqni saqlash tizimlariga ham falokatli ta’sir ko‘rsatadi: butun dunyo bo‘ylab emlanmagan bolalarning qariyb 40 foizi zo‘ravonlikdan jabrlangan mamlakatlarda yashaydi va bu ularni qizamiq va poliomiyelit kabi kasalliklar qarshisida himoyasiz qoldiradi.

«2024 yil YuNISEF tarixidagi mojarolarda yashovchi bolalar uchun eng og‘ir yillardan biri bo‘ldi. Urush zonasidagi bolaning to‘yib ovqatlanmaslik, qolib ketish yoki o‘z uyini tashlab ketish ehtimoli tinch mintaqadagi bolaga qaraganda bir necha baravar ko‘p. Buning «yangi norma»ga aylanishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Biz bolalarning butun avlodi urushlardan jabr ko‘rishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak», dedi YuNISEF ijrochi direktori Ketrin Rassel.

Mavzuga oid