Jahon | 13:09 / 04.06.2025
2004
3 daqiqa o‘qiladi

BMT: Isroilning G‘azodagi tinch aholiga hujumi urush jinoyati bo‘lishi mumkin

Falastin aholisi amalda og‘ir tanlov qarshisida turibdi: ochlikdan o‘lish yoki gumanitar yordam olishga urinayotganda halok bo‘lish, deya G‘azodagi yordam tarqatish markazlariga uyushtirilgan hujumlarni qoraladi BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turk.

Foto: Anadolu Agency

Isroil armiyasining G‘azo sektorida tinch aholiga qarshi uyushtirgan hujumlari xalqaro huquqni buzadi va og‘ir urush jinoyati bo‘lishi mumkin, dedi BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turk.

Turk yordam tarqatish punktlariga uyushtirilgan hujumlar bilan bog‘liq bayonotida, voqeaning shoshilinch va xolis tergov qilinishi va javobgarlarning javobgarlikka tortilishi zarurligini ta’kidladi. U asosiy oziq-ovqat yordamini so‘ragan falastinliklarga qilingan halokatli hujumlarni «g‘ayriinsoniy» deb ta’rifladi.

Komissarning aytishicha, Falastin aholisi amalda og‘ir tanlov oldida turibdi: ochlikdan o‘lish yoki gumanitar yordam olishga urinayotganda halok bo‘lish. Shuningdek, u Isroilni insonparvarlik yordami taqsimotini tartibga soluvchi xalqaro standartlarni buzganlikda aybladi.

Turk tinch aholining oziq-ovqat, suv va boshqa hayotiy resurslarga kirishiga ataylab to‘sqinlik qilish urush jinoyati sifatida baholanishi mumkinligini ta’kidladi.

«Mana yigirma oydan beri tinch aholining o‘ldirilishi, keng ko‘lamli vayronagarchiliklar, majburan ko‘chirilish, Isroil rahbariyatining g‘ayriinsoniy ritorikasi, G‘azo aholisini ommaviy evakuatsiya qilish tahdidi va uni ochlikdan o‘ldirishga urinishlar – bularning barchasi xalqaro huquqning eng og‘ir jinoyatlari ta’rifiga kiradi», dedi u.

Turk Xalqaro jinoiy sudning 2024 yilda Isroilning G‘azodagi falastinliklarga oziq-ovqat, suv, elektr, yoqilg‘i, uy-joy, kiyim-kechak, gigiyena vositalari va dori-darmon kabi hayotiy muhim asosiy xizmatlar va insonparvarlik yordamlarining yetkazilishini ta’minlash uchun chora ko‘rishi kerakligi haqida majburiy qaror chiqarganini eslatdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu majburiyatlarni bajarmaslik uchun hech qanday asos yo‘q.

27 maydan beri Isroil harbiylari G‘azo sektorida Isroil va AQSh tomonidan moliyalashtirilgan G‘azo gumanitar yordam jamg‘armasi ko‘magida tashkil etilgan yordam tarqatish punktlariga muntazam ravishda hujum qilib kelmoqda. Armiya tinch aholi yordam olish umidida ommaviy ravishda to‘planadigan «bufer zonalar»ga zarba bermoqda.

1 iyun kuni turli tarqatish nuqtalariga uyushtirilgan ikki hujumda 32 falastinlik halok bo‘ldi, 232 nafari yaralandi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi bosh komissari Filipp Lazzarini: «G‘azoda gumanitar yordam tarqatilishi o‘lim tuzog‘iga aylangan» dedi.

Isroil armiyasi kecha ertalab ham G‘azo sektoridagi gumanitar yordam tarqatish markaziga yordam so‘rab kelgan falastinliklarga qarata o‘t ochganini tan oldi.

Mavzuga oid