Jahon | 21:42 / 05.06.2025
2690
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Si Jinping telefon orqali gaplashdi

AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, suhbat «deyarli to‘liq» savdoga bag‘ishlandi.

Foto: Getty images

AQSh prezidenti Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Jinping telefon orqali muloqot qildi. Xitoyning «Sinxua» axborot agentligi xabariga ko‘ra, suhbat Amerika tomonining tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, ikki yetakchi o‘rtasidagi suhbat taxminan bir yarim soat davom etgan. AQSh prezidenti suhbatni «juda yaxshi» deb atadi.

«Biz yaqinda tuzilgan va kelishilgan savdo bitimining ayrim tafsilotlarini muhokama qildik. Suhbat taxminan bir yarim soat davom etdi va har ikki davlat uchun juda ijobiy yakunlandi», dedi Tramp.

Si Jinping Trampni Xitoyga taklif qildi va AQSh prezidenti bunga rozi bo‘ldi.

«Suhbat deyarli to‘liq savdoga bag‘ishlandi. Rossiya, Ukraina yoki Eronga oid hech narsa muhokama qilinmadi», deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi postida.

Xitoy tomoni hozircha suhbat tafsilotlarini ma’lum qilmadi.

Tramp ma’muriyati hokimiyatga kelganidan so‘ng AQSh Xitoy bilan savdo urushiga kirishdi. Vashington ushbu mamlakatdan import qilinadigan barcha tovarlarga tariflarni 145 foizga oshirdi, Pekin esa 125 foiz miqdorida simmetrik choralarni joriy qildi. May oyida Jyenevada bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda tomonlar Xitoy tovarlariga AQSh tariflarini 145 dan 30 foizga kamaytirishga va aksincha, Xitoyning AQSh mahsulotlariga bojlarni 90 kunga 125 dan 10 foizga tushirishga kelishib olgan edi. Shundan so‘ng Pekin Vashingtonni savdo kelishuvini «jiddiy buzganlikda» aybladi va o‘z manfaatlarini himoya qilish choralarini ko‘rishga va’da berdi.

Mavzuga oid