Jahon | 18:01 / 11.06.2025
4777
2 daqiqa o‘qiladi

Pentagon rahbari Ukrainaga yordam budjeti qisqartirilishini e’lon qildi

Uning ta’kidlashicha, hozirgi AQSh prezidenti ma’muriyati Rossiya-Ukraina urushiga «butunlay boshqacha qarashga ega».

Foto: AP

Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga yangi qurol sotib olish uchun budjetni qisqartirishni rejalashtirmoqda, dedi AQSh Mudofaa vaziri Pit Hegset Vakillar palatasidagi chiqishida.

Ukrainaga yordam ko‘rsatish uchun rejalashtirilgan xarajatlar haqida so‘ralganda, Pentagon rahbari ushbu tashabbus «budjeti qisqartirilishini» aytdi. Uning ta’kidlashicha, hozirgi AQSh prezidenti ma’muriyati Rossiya-Ukraina urushiga «butunlay boshqacha qarashga ega».

«Biz tinchlik yo‘li bilan kelishuv har ikki tomon manfaati va mamlakatimiz manfaatlariga javob beradi, deb hisoblaymiz, ayniqsa, dunyodagi barcha qarama-qarshiliklarni hisobga olgan holda», deb qo‘shimcha qildi Hegset.

Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning asosiy ittifoqchisi hisoblanadi, jumladan harbiy yordam bo‘yicha. Shu bilan birga, AQSh yangi ma’muriyati prezident Donald Tramp prezidentlikka kelganidan beri Ukrainaga harbiy yordam bermagan. Vashington Kiyevga qurol-yarog‘ni faqat Trampning o‘tmishdoshi Jo Bayden kelishib olgan ta’minot doirasida yubormoqda.

The Wall Street Journal gazetasining xabar berishicha, AQSh prezidenti ma’muriyati Ukraina uchun mo‘ljallangan raketa komponentlarini Yaqin Sharqdagi qo‘shinlariga yo‘naltirishga qaror qilgan. Keyinroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bu ma’lumotni tasdiqladi.

Mavzuga oid