Jahon | 10:37 / 12.06.2025
2118
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi mojarolar soni 1946 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi

Dunyoda davlatlar ishtirokidagi mojarolar soni o‘sishda davom etmoqda va Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi.

Foto: Stringer/REUTERS

Dunyo bo‘ylab kamida bitta davlat ishtirok etgan urushlar va mojarolar soni 2024 yilda yangi cho‘qqisiga chiqdi. 36 ta davlatda 61 ta mojaro sodir bo‘ldi, bu Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri har qanday yildagidan ko‘p. Bu haqda Oslodagi Tinchlik tadqiqotlari instituti (PRIO) olimlarining 11 iyun, chorshanba kuni chop etilgan tadqiqotida aytiladi.

Tadqiqotda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mojarolar soni o‘sishda davom etmoqda. 2022 yilda 56, 2023 yilda esa 59. O‘tgan yili 61 davlatlararo mojarodan 11 tasi keng ko‘lamli urushlar bo‘lgan. 2024 yilda «ikki urush hukmronlik qildi», deb yozadi mualliflar: Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi, ularning ma’lumotlariga ko‘ra, 76 mingga yaqin, G‘azodagi urush esa 26 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan.

PRIO o‘zining «Mojarolar tendensiyalari: global sharh» hisobotida mojarolar tufayli qurbonlar soni 2023 va 2024 yillarda taxminan bir xil — 129 ming kishiga yaqin bo‘lganini yozadi. Biroq, zo‘ravonlik darajasi so‘nggi uch o‘n yillikdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqori edi. Umuman olganda, 2024 yil 1989 yilda sovuq urush tugaganidan beri qurolli mojarolar qurbonlari soni bo‘yicha to‘rtinchi yil bo‘ldi, deb yozadi PRIO.

Hisobot mualliflari, shuningdek, hukumat urishayotgan tomonlardan biri bo‘lgan alohida davlatlar ichida mojarolarning kuchayishini xavotirli deb ataydi. Tadqiqotga ko‘ra, Afrika urushlardan eng ko‘p azob chekishda davom etmoqda, 28 ta davlat to‘qnashuvi qayd etilgan, bu o‘n yil avval qayd etilgan raqamdan deyarli ikki baravar ko‘p. Undan keyin 17 ta mojaro Osiyoda, 10 ta Yaqin Sharqda, 3 ta Yevropada va 2 ta Amerikada kuzatilgan.

Mavzuga oid