Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Iqtisodiy yetishmovchilik, mentalitet va negativlik – o‘zbekistonliklar ruhiyatidagi tushkunlik sababi nima?
Mental state of the world xalqaro tadqiqotiga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari aholisining ruhiy salomatligi joyida emas. Respublikalar eng oxirgi o‘ntalikdan joy olgan, ro‘yxatning boshidagi davlatlar aholisi ham oyning 21 kunida sog‘lom harakatlanishi aytilgan. Kun.uz suhbatlashgan psixolog, jamiyatshunoslar fikricha, mamlakatimiz aholisining tushkun kayfiyatiga avvalo iqtisodiy yetishmovchiliklar sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, yod yetishmasligi, sun’iy oziq-ovqat mahsulotlari va mentalitet qo‘ygan chegaralar odamlarni ortiqcha asabiylashtiryapti.
Markaziy Osiyo aholisi ruhiy sog‘lomlar emas, bu borada tadqiqot o‘tkazildi va unda O‘zbekiston ham oxirgi o‘rinlarda turibdi. Hozir shu tadqiqotga ham to‘xtalib o‘tamiz.

O‘zbekiston aholisining ruhiy salomatligi joyida emas, bu bo‘yicha dunyo reytingida davlatimiz oxirgi o‘rinlarda qolib ketdi. Mental state of the world xalqaro tadqiqoti ro‘yxatida O‘zbekiston 83 davlat ichida 74-o‘rinda turibdi. Bu bilan respublika qo‘shnilari Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistondan oldinda. Umuman, Markaziy Osiyo davlatlari orasida ruhiy salomatlik holati og‘irligicha qolmoqda. Reytingda:
· Qozog‘iston – 76-o‘rin;
· Qirg‘iziston – 79-o‘rin;
· Tojikiston – 80-o‘rin.
Dunyo bo‘yicha o‘rtacha ruhiy holat indeksi 63 ballni tashkil qilmoqda. Bu insonlar oyda taxminan 21 kun davomida o‘zini barqaror va faol his qilishini anglatadi. Ammo Markaziy Osiyo davlatlari bu ko‘rsatkichdan ancha ortda qolyapti. O‘zbekiston 54,5 ballni, Qirg‘iziston va Tojikiston 51,2 ballni qo‘lga kiritgan. Qozog‘iston esa 52,3 ball bilan Braziliya, Janubiy Afrika respublikasi va hattoki Afg‘oniston bilan deyarli bir darajada.
Urush bo‘layotganiga qaramay, Ukraina, Rossiya fuqarolari ijobiy natija ko‘rsatgan, Isroil fuqarolari ruhiy sog‘lomlik bo‘yicha 4-o‘rinda.
Mutaxassislar fikricha, odamlarning ruhiy holati yomonlashishiga bir vaqtning o‘zida bir nechta omillar sabab bo‘lyapti: xavotir, tushkunlik, charchoq, yolg‘izlik va hal qilinmagan ichki muammolar. Bugungi kunda dunyo bo‘yicha har sakkiz kishidan biri, ya’ni 8 milliard aholining 1 milliardga yaqini ruhiy kasallikka chalingan. Bunda o‘smirlar eng zaif qatlam hisoblanadi, chunki ruhiy muammolarning yarmi 14 yoshgacha boshlanadi.
Kun.uz bilan suhbatlashgan psixolog Madina Shukurovaga ko‘ra, avvalo aholining tibbiy salomatligi joyida emas. Odamlarda yod tanqisligi mavjud.
“Bizning yoshligimizda yod tarqatishardi, hozir shunday dasturlar umuman ishlamayapti. Bundan tashqari, hammamiz har kuni axborotning to‘lqiniga duch kelamiz, ayniqsa uxlashdan avval turli axborotlarni ko‘zdan kechirish va ortiqcha ijtimoiy tarmoqdan foydalanish – kunlik bioritmlarning buzilishiga olib keladi”, deydi psixolog Shukurova.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bugun odamlar iste’mol qilayotgan sun’iy oziq-ovqat mahsulotlari ham umumiy organizm holatiga o‘ta salbiy ta’sir qilmoqda.
Jamiyatshunos Mahmud Yo‘ldoshev fikricha, mamlakatdagi tushkun kayfiyatning asosiy sababi – iqtisodiy yetishmovchiliklarda. Biroq mehnat bilan band bo‘lgan inson tushkun yurmaydi, deydi u. Davlat resurslarni to‘g‘ri taqsimlashi, ta’limga, yoshlar, qariyalarga va kelajakka investitsiyalarni to‘g‘ri ajratishi muhim, deya qo‘shimcha qiladi sotsiolog.
Psixoterapevt-narkolog Zebiniso Ahmedovaning aytishicha, xalqni bugungi kunda faqat motivatsiya berish bilan chalg‘itishning iloji yo‘q. Semizlik, narkomaniya, shaxsiy bioritmlarning buzilishi, ko‘p farzandlilik – bularning hammasi odamlarda stress uyg‘otmoqda. Ayniqsa, qarilikning noto‘g‘ri tushunilishi va qariyalik davri – katta muammolardan, deydi psixiatr.
“Bizda qari deganda kasal yotgan, 7-8 yildan beri to‘shakka mixlangan va o‘g‘li-kelini, qizi unga qaragan bir inson tushuniladi. Qarilik bo‘yicha eng og‘ir inqirozli davrdamiz, aslida qarilik ham sog‘lom bir davr ekanini Yaponiya, Koreya isbotladi. Qarilik faqat inqillash emas”, deydi Zebiniso Ahmedova.
Mahalla va xotin-qizlar faoli Umida Yakubovaga ko‘ra, bizdagi mentalitet odamlar ruhiyatidagi tartibning buzilishi asosiy sabablaridan.
“Kimga qarasang, iqtisodiy yetishmovchilik, oylik yetmayapti, pensiya yetmayapti deydi. Odamlar bir-birini chaynagan, qudasini chaynagan, kuyovini chaynagan. Uzatilgan qizlar 2 oy bo‘lar-bo‘lmas qaytib keladi. Ajrimlar soni ham ko‘payib bormoqda, odamlar bir-birini tushunmaydi. Bularning hammasi umumiy ruhiy salomatlikka ta’sir qilyapti”, deydi Umida Yakubova.
Suhbatdoshlarning qo‘shimcha qilishicha, ayniqsa, hamma narsaga salbiy qarash – negativlik ham umumiy kayfiyatni buzmoqda.
Suhbatni Kun.uzʼning YouTube sahifasida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin bo‘ladi.
Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.
Mavzuga oid

08:25 / 17.07.2025
O‘zbekiston aholisining yarmidan ko‘pi shaharlarda istiqomat qiladi

12:29 / 09.07.2025
O‘zbekistonning doimiy aholisi soni qariyb 38 mlnga yetdi

10:37 / 12.06.2025
Dunyodagi mojarolar soni 1946 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi

18:47 / 04.06.2025