Iroqdagi fuqarolarini evakuatsiya qilayotgan AQSh, FSB va Telegram mojarosi hamda inqirozga yuzlanayotgan Isroil armiyasi – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Isroil armiyasi inqirozga yuz tutyapti
2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroil armiyasining 10 mingdan ortiq harbiy xodimlari halok bo‘ldi yoki yaralandi, deya xabar bermoqda "Anadolu" agentligi. Ishg‘ol ostidagi G‘arbiy sohilda operatsiyalar kuchayishi va G‘azo ishg‘olini doimiy qilish harakatlari fonida, armiya chuqurlashib borayotgan inson kuchi inqiroziga duch kelmoqda.
G‘azodan Livan va Suriyaga hujumlarni kengaytirib, G‘arbiy sohilni ishg‘ol qilishni davom ettirgach, Isroil armiyasi jiddiy kadrlar tanqisligiga duch kelmoqda. O‘tgan oy qo‘mondonlik 12 000 askar kamligini aytdi, ulardan 7 000 nafari jangovar askarlar bo‘lishi kerak. Inqirozdan chiqish uchun Isroil o‘ta ortodoksal yahudiylarni yollashni boshladi va zaxiradagilarning xizmat qilish muddatini uzaytirdi.
Biroq, bu choralar kutilgan natijani bermadi. Ortodoksal yahudiylarning (haredim) harbiy xizmatga chaqirilishi va zaxiradagi xizmatchilar muddatining uzaytirilishi ichki norozilikni keltirib chiqardi. Haredim hukumatni ag‘darish bilan tahdid qilmoqda. 2024 yil 25 iyunda Oliy sud haredimlarni majburiy xizmatdan ozod qilish qonuniy asosga ega emasligi va xizmatga yaroqli bo‘lganlar chaqirilishi kerakligi haqida qaror chiqargandi. Mudofaa vaziri Israel Kats 2024 yil 15 noyabrda 7000 haredimni armiyaga chaqirish to‘g‘risidagi qarorni ma’qulladi. Bu qaror ultra ortodoksallar va koalitsiyadagi haredim partiyalarining keskin munosabatiga sabab bo‘ldi.
2025 yil yanvar oyidan boshlab jinoiy javobgarlikka tortilish tahdidiga qaramay, aksariyat haredimlar xizmat qilishdan bosh tortishda davom etmoqda. Haredim loyihasi uchun mas’ul Avigdor Dikshteynning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yil iyulidan buyon chaqiruv qog‘ozini olgan 24 000 ultra ortodoksal erkaklardan faqat 1 212 (5 foiz) nafari chaqiruv jarayonini boshlagan.
Ayni vaqtda Isroilning xalqaro maydondagi obro‘yi ham tushib bormoqda. Qariyb yolg‘izlanib qolgan davlat amaldorlariga sanksiyalar kiritish ham boshlandi.
Xususan, kuni-kecha Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya va Norvegiya Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich va milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Ular «Iordan daryosining G‘arbiy sohilida falastinliklarga qarshi zo‘ravonlikka undagani» aytilmoqda.
Telegram FSB bilan aloqa haqidagi ayblovlarga javob qaytardi
Telegram messenjeri vakillari uning «xizmat ko‘rsatuvchisi» «Telegram ma’lumotlari yoki maxfiy infratuzilmasiga kirish» imkoniga ega emasligini da’vo qildi. Bu haqda kompaniya bayonotiga tayanib, BBC xabar berdi.
Izoh «Vajnyye istorii» nashri tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv e’lon qilingandan so‘ng paydo bo‘ldi. Unda messenjer trafigi biznesmen Vladimir Vedeneyevning Global Network Management kompaniyasining IP-manzillari orqali o‘tishi, u go‘yoki Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB), Federal qo‘riqlash xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Mudofaa vazirligi foydasiga ishlaydigan yopiq tahliliy markazga xizmat ko‘rsatishi aytiladi.
«Barcha Telegram serverlari Telegramʼga tegishli bo‘lib, ularga Telegram xodimlari xizmat ko‘rsatadi», — deya ma’lum qildi materialdan so‘ng Pavel Durov kompaniyasi va ular «dunyo bo‘ylab o‘nlab turli xizmat ko‘rsatuvchilar bilan shartnomalar tuzganini» qo‘shimcha qildi. Korporatsiya vakillari, shuningdek, ular hech qachon «uchinchi shaxslarga shaxsiy xabarlarni» oshkor qilmaganini va uning «shifrlanishi hech qachon hakerlik hujumiga uchramagani»ni ta’kidlagan.
AQSh Iroqdagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilmoqda
AQSh Bag‘doddagi elchixonasining zarur bo‘lmagan xodimlari va ularning oila a’zolarini xavfsizlik tahlikalari kuchaygani sababli Iroqdan evakuatsiya qilmoqda. Bu haqda AQSh hukumati manbalariga tayanib SBS nashri xabar berdi.
Rasmiylar evakuatsiyaga aynan nima sabab bo‘lganini ochiqlamagan. Biroq BBC xabariga ko‘ra, chorshanba kuni AQSh rasmiylariga Isroil Eron hududida harbiy operatsiya boshlashga tayyor ekani haqida ma’lumot berilgan. Bu ma’lumot AQShning ayrim fuqarolarini mintaqani tark etishga chaqirishiga sabab bo‘lgan. AQSh, shuningdek, Eron tomonidan Iroqda joylashgan ayrim AQSh obektlariga javob hujumi uyushtirishi mumkinligidan xavotirda.
Bu orada, AQSh va Eron o‘rtasidagi yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralar so‘nggi kunlarda to‘xtab qolgandek ko‘rinmoqda. CBS ma’lumotiga ko‘ra, AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff yakshanba kuni muzokaralarning oltinchi bosqichi uchun eronlik rasmiylar bilan uchrashishni rejalashtirmoqda.
AQSh Davlat departamenti rasmiysi BBC'ga bergan izohida «har doim elchixonalardagi xodimlar sonining to‘g‘riligi baholab borilishi hamda Iroqda elchixona faoliyati ko‘lamini qisqartirishga qaror qilingani»ni aytgan.
Avvalroq Kennedi markazida chiqish qilgan Donald Tramp ham xavfli hudud bo‘lishi mumkinligidan, amerikaliklarga mintaqani tark etishni tavsiya qilgandi. Shuningdek, Tramp Eronning yadroviy qurol ishlab chiqishiga yo‘l qo‘yilmasligini yana bir bor ta’kidlagan.
Turkiya Indoneziyaga qiruvchi samolyotlar yetkazib beradi
Turkiya va Indoneziya o‘rtasida 48 dona KAAN qiruvchi samolyoti yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ma’lum qildi.
«Do‘st va birodar Indoneziya bilan imzolagan shartnomamiz doirasida Turkiyada ishlab chiqarilgan 48 dona (mahalliy harbiy) KAAN samolyoti Indoneziyaga eksport qilinadi», — dedi Turkiya yetakchisi o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Shuningdek, Erdo‘g‘an Turkiya tarixidagi rekord eksport shartnomasini imzolashda hissa qo‘shgan tashkilotlar va ishlab chiqaruvchilar — Mudofaa sanoati boshqarmasi, Turkiya aerokosmik korporatsiyasi hamda Indoneziya prezidentiga minnatdorlik bildirdi.
KAAN — Turkiya aerokosmik korporatsiyasi (TUSAŞ) tomonidan ishlab chiqilgan beshinchi avlod qiruvchi samolyoti bo‘lib, u 2024 yilda ilk muvaffaqiyatli parvozini amalga oshirgan.
KAAN'ning narxi rasmiy e’lon qilinmagan, ammo bir necha manbalarga ko‘ra, Indoneziya bilan tuzilgan 48 dona samolyot uchun kelishuv 10 milliard dollardan oshadi. Bu har bir samolyot taxminan 208 million dollar turishini anglatadi. Odatda bu kabi mudofaa kelishuvlarida, narx ichiga qiruvchi samolyotni boshqarishni o‘rgatish, xizmat ko‘rsatish va bir qancha ehtiyot qismlar ham kiritiladi.
Los-Anjyelesning bir qismida komendantlik soati joriy etildi
Los-Anjyelesda (Kaliforniya) shahar markazida davom etayotgan norozilik namoyishlari tufayli komendantlik soati joriy qilinmoqda. Bu haqda shahar meri Karen Bass ma’lum qildi.
«Men favqulodda holat e’lon qildim va Los-Anjyeles markazida vandalizm va talonchilikni to‘xtatish uchun komendantlik soati joriy qildim», dedi Bass. AFP xabariga ko‘ra, komendantlik soati bir kvadrat milya (2,5 kvadrat kilometr) maydonga tatbiq etiladi. Shaharning umumiy maydoni 500 kvadrat milyadan oshadi. Kirish mahalliy aholi, jurnalistlar va favqulodda xizmatlardan tashqari hammaga yopiladi, deya qo‘shimcha qildi u. Politsiya boshlig‘i Jim Makdonnelning so‘zlariga ko‘ra, uysizlar ham komendantlik soatidan ozod qilingan.
«Agar siz Los-Anjyeles markazida yashamasangiz yoki ishlamasangiz, hududga yaqinlashmang. Huquq-tartibot idoralari komendantlik soatini buzgan har qanday odamni hibsga oladi va siz javobgarlikka tortilasiz», — deya qo‘shimcha qildi mer.
New York Times nashrining yozishicha, AQShning o‘nlab katta shaharlarida Los-Anjyelesdagi namoyishlariga birdamlik ramzi o‘laroq, kichik va tinch namoyishlar boshlangan.
Mers Rossiyani Ukrainadagi og‘ir urush jinoyatlarida aybladi
Rossiyaning Kiyev va Ukraina boshqa shaharlariga yaqinda uyushtirgan hujumlari munosabati bilan Germaniya kansleri Fridrix Mers Moskvani og‘ir harbiy jinoyatlarda aybladi. Mers Berlinda Niderlandiya bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Dik Sxof bilan qo‘shma matbuot anjumanida so‘nggi kunlarda Rossiya Ukrainadagi tinch aholiga «qasddan» uchuvchisiz uchoqlar va qanotli raketalar bilan hujum qilganini aytdi.
Rossiyaning bu ommaviy hujumlari «tinch aholiga qarshi terror» va Ukrainaning Rossiya harbiy aerodromlariga «juda aniq» zarbalariga «mutanosib javob emas, balki boshqa narsa». «Rossiya haqiqatan ham qon to‘kilishiga erishmoqchi. U faqat Ukrainaning havo hujumidan mudofaa tizimi tufayli juda cheklangan miqyosda muvaffaqiyatga erishdi», — dedi Mers.
Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Kiyev 2022 yilning fevralida Rossiyaning keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan beri tungi eng yirik dron hujumiga uchragan. Ukraina Havo kuchlarining xabar berishicha, o‘sha kechada Rossiya 479 ta hujumkor uchuvchisiz uchoq va har xil turdagi dron-imitatorlar, 4 ta «Kinjal» aeroballistik raketa, 10 ta qanotli raketa, 3 ta qanotli raketa, 2 ta radiolokatsiyaga qarshi raketa va bitta X-35 qanotli raketasidan foydalangan.
Mavzuga oid

14:20 / 10.06.2025
Suriyaga hujum qilgan Isroil, Los-Anjyelesga dengiz piyoda qo‘shinlarini yuborgan Tramp va G‘azoda yana o‘qqa tutilgan falastinliklar – kun dayjesti

13:05 / 09.06.2025
Madlin kemasi faollarini o‘g‘irlagan Isroil, Los-Anjyelesda avj olgan namoyishlar va Oq uyda yoqalashgan Mask – kun dayjesti

15:48 / 07.06.2025
Urishib ketgan Tramp va Mask, yakunlangan Haj ziyorati va Isroilga qurol yetkazishni to‘xtatishni talab qilgan nemislar – kun dayjesti

14:46 / 05.06.2025