Jamiyat | 08:48
2457
2 daqiqa o‘qiladi

Istanbulda o‘gay otasi tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchrab, qarovsiz qolgan o‘zbekistonlik qiz vatanga qaytarildi

Turkiyada qarovsiz qolgan voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. U Istanbulda o‘gay otasi tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragan va bolalar uyiga joylashtirilgan. U yerdan ozod etilgach, opasi bilan yashagan. Biroq opasi politsiyaga kuch ishlatgani uchun qamoqqa olingani sabab qiz qarovsiz qolgan.

Foto: Istanbuldagi bosh konsulxona

Turkiyada og‘ir sharoitda qolgan voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosi Istanbuldagi bosh konsulxona va fuqarolik jamiyatlari ko‘magida vatanga qaytarildi. Bu haqda konsulxona axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, fuqaro T.O.ning onasi 2015 yilda Turkiyaga ish izlab kelgan va Istanbulga joylashgan. U yerda Turkiya fuqarosi bilan shar’iy nikoh asosida turmush qurgan. Qizining aytishicha, o‘gay otasi unga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan.

2017 yilda holat aniqlangach, voyaga yetmagan fuqaro Istanbuldagi bolalar uyiga joylashtirilgan. 2024 yil fevral oyida T.O.ning opasi sudga qilgan murojaat asosida u bolalar uyidan ozod etilgan. Biroq, opasining Turkiya politsiyasiga kuch ishlatgani uchun qamoqqa tushgani bois, T.O. yana qarovsiz qolgan.

Bosh konsulxona Yelkadosh va O‘zbek xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari bilan hamkorlikda uning O‘zbekistonga qaytarilishi va qonuniy vakillariga topshirilishini tashkil etdi.

Diplomatik vakolatxona ota-onalarni farzandlari taqdiriga befarq bo‘lmaslikka, ularning xavfsizligi va huquqiy himoyasiga e’tiborli bo‘lishga chaqirdi.

Mavzuga oid