O‘zbekiston | 11:25
1813
2 daqiqa o‘qiladi

“Eron va Isroildagi elchixonalar yopilmagan, 24 soat ishlamoqda” – TIV

TIV rasmiy vakili Ahror Burhonovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, ayni vaqtda Eron va Isroildagi O‘zbekistonning elchixonalari yopilmagan, aksincha 24/7 rejimida ishlamoqda. Bundan tashqari, vazirlik O‘zbekiston fuqarolaridan bu ikki davlatga bormaslikni so‘raydi. 16 iyun holatiga ko‘ra, 30 dan ortiq fuqaro Erondan evakuatsiya qilingan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Ahror Burhonovga ko‘ra, ayni damda O‘zbekistonning Eron Islom Respublikasi va Isroildagi elchixonalari yopilmagan, aksincha favqulodda 24/7 rejimida ishlamoqda. Elchixonalar o‘z saytlari hamda ijtimoiy tarmoqdagi platformalari orqali fuqarolarni ogohlikka chaqirgan, sababsiz ko‘chaga chiqmaslikni va ma’lum qiyinchiliklarga duch kelganda albatta diplomatik korpuslarga murojaat qilishni so‘ragan.

“Fuqarolarimizga ikkala davlatga ham bormaslikni tavsiya qilamiz. Ayni paytda Eron va Isroilda bo‘lib turgan fuqarolarimizdan esa zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqmaslikni, diplomatlarning chaqiriqlariga doimiy amal qilishlarini so‘raymiz”, – Ahror Burhonov, TIV rasmiy vakili.

Burhonovning qo‘shimcha qilishicha, 16 iyun holatiga ko‘ra, 30 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Eron hududidan Turkmaniston va Ozarboyjon orqali muvaffaqiyatli evakuatsiya qilinib, davlatga yetkazildi.

“Mazkur jarayonda yaqindan ko‘mak bergan Turkmaniston, Ozarboyjon va Erondagi hamkasblarimizga chuqur minnatdorlik bildiramiz. Fuqarolarimizning xavfsizligini ta’minlash maqsadida barcha zarur choralar ko‘rilmoqda”, deydi TIV vakili. 

Mavzuga oid