Jahon | 20:00 / 17.06.2025
8882
8 daqiqa o‘qiladi

Isroil eronliklar tuzumga qarshi isyon ko‘tarishiga umid qilmoqda. Buning ehtimoli bormi?

Isroilning Eronga hujumlari ko‘lami shuni ko‘rsatadiki, Isroilning maqsadi nafaqat yadroviy tahdidni bartaraf etish, balki Islom respublikasidagi rejimni o‘zgartirishdir. Bunday natija qanchalik real?

Foto: EPA

Juma kuni kechqurun Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu videomurojaat bilan chiqib, Eron xalqini o‘z yetakchilariga qarshi isyon ko‘tarishga chaqirdi.

«Isroil harbiy operatsiyasining maqsadi ham yadroviy, ham raketa tahdidini bartaraf etishdir. Maqsadlarimizga erishar ekanmiz, siz erkinlikka erishishingiz uchun ham yo‘l ochib boramiz«», – dedi Netanyahu.

Tahlilchilar fikricha, rejim o‘zgarishiga umid Isroilning Eronga hozirgi hujumlari sabablaridan biri bo‘lishi mumkin.

«Isroil xalq ko‘tarilishini xohlaydi», – deydi Reuters agentligi bilan suhbatda Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati instituti xodimi hamda kichik Jorj Bush maxmuriyatining sobiq yuqori martabali mulozimi Maykl Singh.

Isroil zarbalar ortidan Eron rahbariyati zaiflashishi hamda xalq qo‘zg‘olon ko‘tarishiga umid qilmoqda, ammo bunda ham ulkan xavf bor, deya qayd etadi BBC Fors xizmati muharriri Amir Azimiy, chunki bunday zanjir reaksiyasi chindan ham sodir bo‘lishiga hali hech qanday ishonch yo‘q.

BBC’ning Yaqin Sharq bo‘yicha korrespondenti Hyugo Bachega qayd etishicha, Eron hukumati hozirda jiddiy bosim ostida qolgan. Jamoatchilik iqtisodiyotning holatidan, so‘z erkinligi ta’minlanmagani, ayollar va ozchiliklar huquqlari buzilayotganidan norozi.

Isroilning zarbalari Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni, mamlakat qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i va boshqa ko‘plab yuqori martabali harbiy rahbarlar o‘limiga olib keldi. Eronning javob zarbasidan keyin esa Netanyahu «tez orada Isroil harbiy havo kuchlari samolyotlari Tehron ustidan uchishi»ni aytib, mamlakatning siyosiy rahbarlari ham yo‘q qilinishiga ishora qildi. Xususan, Eron oliy rahbari Ali Xominaiy o‘ldirilishi «urushga barham berishi» haqida gapirdi.

Ammo sodir bo‘layotgan voqealar ichki beqarorlik va hukumatga qarshi harakatlarga olib kelishi mumkinmi yoki yo‘qmi, bu noma’lumligicha qolmoqda. Ayni vaqtda bunday jarayonlar boshlangani haqida ishonchli dalillar yo‘q va agar ular boshlansa ham, natijasini oldindan aytib bo‘lmaydi.

Erondagi haqiqiy hokimiyat armiya va iqtisodiyotni nazorat qiluvchilar, birinchi navbatda, Islom inqilobi muhofizlari korpusi tuzilmalari hamda boshqa xalq tomonidan saylanmaydigan organlar qo‘lida jamlangan. BBC Fors xizmati muharriri Amir Azimiy bu kuchlarga davlat to‘ntarishi kerak emasligini qayd etadi: ular shusiz ham hokimiyatda va agar xohlashsa, mamlakatni yanada qarama-qarshi yo‘nalishga olib ketishi mumkin.

Katta ehtimol bilan, Isroil kutgan natija o‘ziga xayrixoh bo‘lgan kuchlar hokimiyatga kelishiga olib boradigan isyon bo‘ladi. Ammo asosiy savol shunday – hozirgi rejimga chinakam muqobil bo‘ladigan kuch bormi?

Tehronda Isroil zarbasidan keyingi vayrongarchilik. 2025 yil 13 iyun
Majid Saeedi / Getty Images

Eron muxolifati so‘nggi yillarda tarqoqligicha qolmoqda. 2022 yilgi «Ayol. Hayot. Erkinlik» shiori ostida o‘tib, mamlakatning katta qismini qamrab olgan namoyishlardan keyin ayrim muxolif guruhlar sekulyar va respublikachi faollarning keng doirasidan koalitsiya tuzishga harakat qildi. Ammo kim yetakchilik qilishi va bo‘lg‘usi boshqaruv shakli masalasidagi ichki kelishmovchiliklar bu sa’y-harakatlarga tezda putur yetkazdi.

Isroil muqobil sifatida ko‘rishi mumkin bo‘lgan shaxslar orasida so‘nggi shohning o‘g‘li, sobiq valiahd shahzoda Muhammad Rizo Pahlaviy ham bor. U quvg‘inda yashaydi, G‘arb davlatlarining qo‘llab-quvvatlashiga erishishga harakat qiladi va hatto Isroilga tashrif buyurgan. Biroq, eronliklarning bir qismi orasida ma’lum darajada mashhur bo‘lishiga qaramay, uning siymosi muxolifat harakati uchun tortishish markaziga aylanishi mumkinligi haqida hali hech qanday belgilar yo‘q.

Shuningdek, Islom respublikasiga ham, monarxiyani tiklashga ham qarshi bo‘lgan, quvg‘indagi so‘l radikal muxolifat – «Mujohiddin-e Xalq» guruhi bor. 1980-yillarda mazkur guruh Eron-Iroq urushi paytida Saddam Husaynni qo‘llab-quvvatlagan, bu esa hali ham ko‘plab eronliklar nazarida ularning obro‘siga dog‘ bo‘lib qolmoqda. Guruhning AQShda nufuzli tarafdorlari bor, ularning ba’zilari prezident Donald Tramp lageriga yaqin, biroq ularning hozirgi Vashington ma’muriyatiga ta’siri sezilarli darajada kamaygan.

Boshqa siyosiy kuchlar ham bor – dunyoviy demokratiya tarafdorlaridan tortib parlament monarxiyasi tarafdorlarigacha. Ammo bugungi kunda bu guruhlarning hech biri hokimiyatni qo‘lga olish uchun yetarli darajada qo‘llab-quvvatlanmagan yoki uyushmagan, – deydi Azimiy.

Maykl Singhning fikricha, ayni paytda muxolifat real birlashishiga aynan qanday shart-sharoitlar olib kelishi mumkinligini hech kim bilmaydi.

Eronning javob hujumidan keyin Ramat-Gan shahridagi vayrongarchilik
Amir Levy/Getty Images

Juma kungi hujumlarning barcha oqibatlari haqida gapirishga hali erta. O‘tgan yilgi Eron va Isroil o‘rtasidagi keskinlik davrida rejimni ag‘darish bo‘yicha jamoatchilik talabining jiddiy belgilari yo‘q edi. Ammo hozirgi voqealar vayronagarchilik ko‘lami bo‘yicha ular bilan tenglasha olmaydi.

Shunga qaramay, deydi Maykl Singh, misli ko‘rilmagan Isroil zarbasi keltirgan zararga qaramay, o‘nlab yillar davomida Isroilga qarshi shakllangan ritorika va mafkura (nafaqat rahbariyat, balki Erondagi shia aholisining katta qismi orasida ham) hokimiyat almashinuvini keng ko‘lamli xalq qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini shubha ostiga qo‘yadi.

Ehtimoliy ssenariylardan yana biri – bu rejimning qulashi va undan keyin keladigan tartibsizlik, deya qo‘shimcha qiladi Azimiy. 90 millionga yaqin aholiga ega bo‘lgan mamlakatdagi bunday vaziyat butun mintaqa uchun halokatli oqibatlarga olib keladi.

Harbiy ekspert Mik Rayanning fikricha, Rossiya va Xitoy Eronning amaldagi rejimini saqlab qolish uchun yordam berishi mumkin.

«Eronning Rossiya bilan munosabatlari va Xitoyning Kommunistik partiya hokimiyatini saqlab qolishdan manfaatdorligini hisobga olgan holda, Rossiya va Xitoy Eron rejimini saqlab qolish uchun yordam ko‘rsatishi mumkin. Putin ham, Si ham o‘z fuqarolariga avtoritar tuzumni ag‘darish namunasini ko‘rsatishni istamaydi», – deb yozadi u.

Savol tug‘iladi: Eronning hozirgi bosqichdagi maqsadlari nimalardan iborat? Isroildagi nishonlarga zarbalar seriyasiga qaramay, Tehronda variantlar ko‘p emas.

Variantlardan biri – AQSh bilan muzokaralarni davom ettirish va deeskalatsiya kursi. Biroq, bunday qadam zaiflikni tan olish sifatida qabul qilinadi (ayniqsa Trampning talablaridan keyin) va Eron rahbariyatiga qimmatga tushishi mumkin, deydi Azimiy.

Bunga muqobil – hujumlarni davom ettirish. Eron rahbarlari o‘z tarafdorlariga aynan shuni va’da qilmoqda. Ammo Isroilga berilgan yangi zarbalar ortidan javob hujumlari ham bo‘lmoqda.

O‘tmishda Tehron Amerikaning mintaqadagi bazalari, elchixonalari va obektlariga zarba berish bilan tahdid qilgan, biroq buni amalga oshirish oson bo‘lmaydi. Bundan tashqari, AQShga hujum ularni to‘g‘ridan to‘g‘ri mojaroga tortadi – bu Eron eng kam xohlaydigan ish.

Mavzuga oid