O‘zbekiston | 16:51
5350
2 daqiqa o‘qiladi

Dollarning rasmiy kursi oxirgi 10 oylikdagi eng past darajaga tushdi

Dollar kursi ketma-ket uchinchi savdo kuni so‘mga nisbatan pasayib, deyarli 141,5 so‘mga (1,1 foiz) arzonlashdi. 19 iyun kuni amalda bo‘ladigan 12 618,6 so‘mlik rasmiy kurs – 2024 yilning 7 avgustidan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Markaziy banki 19 iyundan boshlab xorijiy valutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan yangi qiymatini belgiladi. AQSh dollari kursi kunlik savdolar yakuniga ko‘ra yana 49,5 so‘mga o‘z qiymatini yo‘qotdi.

Umuman olganda, dollar kursi ketma-ket uchinchi savdo kuni so‘mga nisbatan pasayib, deyarli 141,5 so‘mga (1,1 foiz) — 12 760,2 so‘mdan 12 618,6 so‘mga arzonlashdi. Bu – 2024 yilning 7 avgustidan (12 615,9 so‘m) beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkich.

Yil boshidan buyon milliy valuta AQSh valutasiga nisbatan 2,2 foizga mustahkamlandi. Taqqoslash uchun, 2024 yilning mos davrida so‘m 2,2 foizga (12 352 so‘mdan 12627 so‘mga) qadrsizlangan edi.

Kun davomida bitta bankda Amerika valutasini 12 710 so‘mdan, yana 3 ta bankda esa 12 720 so‘mdan sotib olish mumkin bo‘ldi. 

Ayni paytda so‘m kursining mustahkamlanishiga pul o‘tkazmalari oqimining ko‘payishi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning oshishi, asosiy hamkor davlatlar milliy valutalarining barqarorlashishi va oltin narxining qimmatlashishi fonida eksportning o‘sishi va savdo taqchilligining qisqarishi kabi omillar ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin. 

Mavzuga oid