Jahon | 16:00
10748
5 daqiqa o‘qiladi

“Rejim qulashiga to‘g‘ri kelsa, Moskva yordamga kelishi mumkin” – turkiyalik tahlilchi

Eron-Isroil to‘qnashuvi davom etarkan, urush taqdiri qanday yakun topishi noaniqligicha qolmoqda. Kun.uz Anqaradagi Eronni o‘rganish instituti eksperti bilan gaplasharkan, tahlilchiga ko‘ra, mintaqa jiddiy burilish pallasida turibdi. Eronda rejim qulashi ehtimoli mavjud, lekin buni AQSh istamaydi. Agar vaziyat shungacha borsa, Rossiya yordam qo‘lini cho‘zishi mumkin. Biroq urushning taqdiri ko‘proq AQSh tanloviga bog‘liq, deydi Rahim Farzom.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Eron-AQSh muzokaralari haqida gap ketib turgan bir onda Isroilning hujumi Eron uchun vayronagarchiliklarga boy bo‘ldi. Tehron Isroilga qaraganda ko‘proq moddiy va insoniy talafotlar ko‘rdi, Tel-Avivning “afsonaviy temir gumbazi” ham aytilganidek chiqmay, o‘zini oqlamadi. Ikki davlat ham oxirgi kunlarda bir-biriga raketalari bilan hujum qilarkan, yahudiylar bombapanohlardan qo‘nim topib, jon saqlashga muvaffaq bo‘lmoqda.

Isroil rahbariyati Eronga «syurpriz» tayyorlaganini aytsa, Eron Tel-Aviv hujumni to‘xtatsagina raketa uchirmasligini bildirgan. Donald Tramp Xʼdagi sahifasida hozircha Eron oliy rahnamosini o‘ldirmaslik haqida yozdi.

“Eron oliy rahnamosini o‘ldirish qiyin ish emas, lekin hech bo‘lmasa hozir uni o‘ldirmaymiz. Biroq raketalar tinch aholi va amerikalik askarlarga otilishini ham istamaymiz, sabrimiz tugayapti”, deb yozgan AQSh prezidenti.

Eron oliy rahnamosini o‘ldirish haqida muhokama – Tehron uchun jiddiy signal. Chunki ichkarida aynan Sayyid Ali Xominaiyni o‘ldirish mavzusi muhokamada bo‘lgan. Kun.uz suhbatlashgan Turkiyaning Anqara shahridagi Eronni o‘rganish instituti ekspertiga ko‘ra, Xominaiyni saqlab qolishning bir qancha sabablari bo‘lishi mumkin.

Birinchi versiya – AQSh Erondagi rejimni butunlay qulatish niyatida emas va Vashington Tehron bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri urushga borishni istamaydi. Bu alanga o‘chog‘ini kengaytirib yuborishi mumkin.

Ikkinchi versiya – urush qanday davom etishi noma’lum va bu ko‘p jihatdan AQSh tutadigan yo‘lga bog‘liq. Agarda Eronga shunday hujumlar davom etib tursa, davlat zaiflashadi. Mojaroning iqtisodiy qiyinchiliklari aholi yelkasiga tushib, xalq davlat hamda tizimga qarshi bosh ko‘tarishi mumkin. Shunda xalqning o‘zi rejimni butunlay qulatishi ehtimoli ham yo‘q emas. Biroq bunday tajriba o‘tgan tarixda o‘zini u qadar oqlamagan, ekspert fikricha.

Ayni vaziyatda Eron Isroildan bir necha barobar kattaligiga qaramay, faqat raketalari bilan qarshilik ko‘rsatmoqda. Agar shu har xil turdagi raketalari tugagudek bo‘lsa, himoya vositasidan ayriladi. Rahim Farzomning qo‘shimcha qilishicha, Eronning asosiy yadroviy boyitish inshootlari Natanz va Fordoda joylashgan. Isroil raketalari Natanzni nishonga olib bo‘ldi, biroq Tehron Natanz zarar ko‘rmaganini bildirgan. Agar zarar ko‘rgan bo‘lsa, uni tiklash juda qiyin va ko‘p vaqt talab qiladi.

Mojaroning qanday rivojlanishi turli davlatlarning pozitsiyasiga ham bog‘liq. Rossiya Eronning strategik hamkori bo‘lsa-da, hozirgi urushga aralashishdan tiyilmoqda.

“Rossiya hozir Ukraina urushi bilan ovora bo‘lgani uchun Eronga yordam berolmayapti. Xitoy esa bunday masalalarda ko‘pincha neytral qoladi. Lekin agarda Eronda vaziyat rejim qulashigacha borsa, balki o‘shanda Moskva yordam berar. Xitoy ham o‘shanda qandaydir iqtisodiy yordam berishini kutsak bo‘ladi”, - deydi tahlilchi Farzom.

Eron xalqining kayfiyati ham juda muhim omil. Isroil hujumidan so‘ng aholi Eron javob qaytarishini xohlagani rost. Fuqarolar bugun mamlakatidagi rejim va ijtimoiy-iqtisodiy siyosatdan noroziligi bor gap, biroq urush holatida Eron xalqi jipslashgan.

Tashqaridan hujum bo‘lganda eronliklarning milliy g‘ururi ularni birlashtirdi. Lekin keyinchalik vaziyat shu tariqa davom etsa, aholini bezdiradi va beqarorlik ortidan ular norozilik bildirishi mumkin, deydi turkiyalik tahlilchi.

Ayni paytda Turkiyaning Eron-Isroil urushi bo‘yicha qarashi – mojaroni tinchlik va diplomatik vositalar bilan hal qilish bo‘lib turibdi.

Suhbatni Kun.uzʼning YouTube’dagi sahifasida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Mavzuga oid