Jahon | 20:43 / 23.06.2025
3734
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp neft narxining ko‘tarilishi «dushmanga qo‘l kelishini» aytdi

Oy uy rahbari neft narxi ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth ijtimoiy tarmog‘ida neft narxini oshirmaslikka chaqiruvchi post e’lon qildi. Uning ta’kidlashicha, voqealarning bunday rivoji mamlakatning «dushmaniga qo‘l keladi».

Trampning bayonoti Isroil-Eron-AQSh mojarosi oqibatida Yaqin Sharqda keskinlik kuchayishi haqidagi xavotirlar fonida yangradi.

«Neft narxi ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymang. Men buni kuzatyapman! Dushman uchun o‘ynayapsiz. Bunday qilmang!» dedi Tramp, ammo dushman kimligiga aniqlik kiritmadi.

Yaqin Sharqdagi keskinlashuv fonida neft narxi o‘sishda davom etmoqda. 22 iyunga o‘tar kechasi AQSh ochiqdan-ochiq Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaroga qo‘shilib, Eron yadroviy inshootlariga zarba berdi. Shundan so‘ng Brent markali neft narxi yanvar oyidan beri birinchi marta barreliga 80 dollardan oshdi.

AQSh hujumidan so‘ng Eron dunyodagi eng muhim dengiz yo‘llaridan biri hisoblangan Hurmuz bo‘g‘ozini yopish bilan tahdid qildi. Bo‘g‘ozdan dunyo neft, kondensat va neft mahsulotlarining 15-20 foizi, suyultirilgan gazning 30 foizdan ortig‘i o‘tadi.

Ba’zi tahlilchilar AQSh-Eron mojarosi tufayli neft narxining bir barrel uchun 100 dollargacha ko‘tarilishini istisno qilmayapti.

Hozir AQSh dunyodagi eng yirik neft qazib oluvchi davlatdir. Saudiya Arabistoni va Rossiya keyingi o‘rinlarda turadi.

Mavzuga oid