Jamiyat | 15:26
23503
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona viloyati YHXB boshlig‘i ishdan olindi

Podpolkovnik Akmal Ahmedov turmush o‘rtog‘iga tegishli Malibu’ning 100 dan ortiq jarimalari bekor qilingani ortidan egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Farg‘ona viloyat IIB YHXB boshlig‘i Akmal Ahmedov (o‘ngda) / Foto: Viloyat IIB

Farg‘ona viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Akmal Ahmedov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.

«Tizimni ta’magirlik, poraxo‘rlik singari illatlardan tozalash ishlari olib borilayotgan bir paytda, boshqarma boshlig‘i yaqin qarindoshiga tegishli bo‘lgan Malibu-2 avtomashinasida sodir etilgan qoidabuzarliklarni qonunga zid ravishda yashirishga uringani fosh etilgan», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan podpolkovnik Akmal Ahmedov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Hozirda mazkur qonunbuzarlikka to‘liq huquqiy baho berish uchun qo‘shimcha surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Malibu rusumli 40 081 SBA davlat raqamli avtotransport vositasida sodir etilgan barcha qoidabuzarliklar bo‘yicha jarimalar to‘liq undirilgan.

Oldinroq Farg‘onada IIB Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan qoidabuzarliklari bekor qilib kelingan Malibu mashinasi viloyat IIB YHXB boshlig‘i podpolkovnik Akmal Ahmedovning turmush o‘rtog‘iga tegishli ekani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid