Jahon | 13:55
1382
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil hujumlarga javoban Yamandagi husiychilar obektlariga zarba berdi

Yamanning Xodeyda, Ras Iso va Es Salif portlari, shuningdek, Ras Qanatib elektr stansiyasiga zarbalar husiychilarning Isroil hududiga bir necha bor raketa hujumlariga javoban amalga oshirilgan, deya xabar berdi TSAHAL.

Foto: Videodan kadr

Isroil mudofaa kuchlari (TSAHAL) 6 iyul, yakshanba kuni kechqurun Yamanning Xodeyda, Ras Iso va Es Salif portlari hamda Ras Qanatib elektr stansiyasiga zarbalar haqida xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, bu ishda harbiy razvedka va Isroil dengiz floti ma’lumotlaridan foydalanilgan.

Ro‘yxatda keltirilgan portlar «husiychilar terrorchi rejimi tomonidan Eron rejimidan Isroil davlati va uning ittifoqchilariga qarshi terrorchilik amaliyotlarini o‘tkazishda qo‘llanadigan qurol-yarog‘larni tashish uchun foydalaniladi», deb xabar qildi TSAHAL. Ular, jumladan, 2023 yil noyabrida husiychilar tomonidan qo‘lga olingan Galaxy Leader yuk kemasi Ras Iso portida yo‘q qilinganini qo‘shimcha qildi. Isroil armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Yaman radikal harbiylashgan guruhi «keyingi terrorchilik faoliyati» uchun boshqa kemalar harakatini kuzatish uchun unga radar o‘rnatgan. 

Ras Qanatib elektr stansiyasi esa «husiychilar rejimining harbiy amaliyotlari uchun muhim elektr manbai bo‘lib xizmat qilgan», deyiladi TSAHAL postida.

Isroil harbiylari husiychilar «Eron rejimining qo‘g‘irchoqlari, ular o‘z operatsiyalari uchun undan mablag‘ va qurol oladigan» va «Eronning global terrorchilik faoliyatidagi hamkorlari» ekanini ta’kidladi. TSAHAL «kerak bo‘lganda, Isroil davlati fuqarolariga har qanday tahdidga qarshi qat’iy harakatni davom ettirish» niyatini tasdiqladi. 

Ayni paytda husiychilar «Yaman havo kuchlari Isroilning tajovuzkorligiga qarshi turishini» aytdi.

Mavzuga oid