Jahon | 07:56 / 09.07.2025
1664
2 daqiqa o‘qiladi

Bloomberg: Zelenskiy Tramp bilan AQShdagi elchini almashtirishni muhokama qildi

Oksana Markarovaning o‘rniga Ukrainaning Vashingtondagi elchisi bo‘lish uchun nomzodlar orasida Shmixal, Umerov, Stefanishina, Galushchenko bor, deb yozadi Bloomberg va "RBK-Ukraina".

Foto: Tom Williams/CQ-Roll Call, Inc./Getty Images

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 4 iyul kuni AQSh prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida Ukrainaning Vashingtondagi elchisini almashtirish masalasini muhokama qildi. Bu haqda anonim manbaga tayanib, Bloomberg agentligi xabar berdi.

Nashrning xabar berishicha, Zelenskiy Ukraina Tashqi ishlar vazirligiga Amerika tomoni bilan yangi elchi tayinlash masalasini muhokama qilishni topshirgan. Qayd etilishicha, bu lavozimga ehtimoliy nomzodlar orasida Ukrainaning amaldagi bosh vaziri Denis Shmixal, uning o‘rinbosari Olga Stefanishina, mudofaa vaziri Rustem Umerov va energetika vaziri German Galushchenko bor.

Xuddi shu ma’lumotni «RBK-Ukraina» internet nashri tarqatdi: «RBK-Ukraina» manbasi Ukrainaning AQShdagi elchisi lavozimiga nomzodlar orasida Shmixal, Umerov, Stefanishina, Galushchenko borligini tasdiqladi».

«Zelenskiy elchini almashtirish zarurligini muhokama qildi va yangi elchimiz Amerikaga tushunarli bo‘lishi uchun uni almashtirish taklif qilinmoqda. Prezident bu odamlarni tanladi, chunki ular amerikaliklar va boshqa kuchli hamkorlar bilan allaqachon aloqada bo‘lgan va natija bergan va daraja Amerika bilan munosabatlar darajasiga mos keladi», — deya nashr suhbatdoshlaridan iqtibos keltiradi.

Ukrainaning AQShdagi amaldagi elchisi Oksana Markarovaning almashtirilishi mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar juda nozik bo‘lgan bir paytda yuz bermoqda, deya ta’kidlaydi Bloomberg. O‘tgan hafta Tramp ma’muriyati Ukrainaga artilleriya snaryadlari va havo mudofaa tizimlarini yetkazib berishni to‘xtatgan, bu esa «Zelenskiy hukumati va uning ittifoqchilarini hayratda qoldirgan».

Mavzuga oid