Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya frontda muhim yutuqlarga erishdi, Putin Trampga uzil-kesil yo‘q dedi - “Geosiyosat”
Yozgi yurish boshlanganidan beri Rossiya Ukrainaning 500 km kv dan ortiq hududini egallab oldi. Pentagon Ukrainaga qurol yetkazishda tanaffus e’lon qilgach, Tramp Kiyevga asosan mudofaa qurollarini yuborishni va’da bermoqda. Urushning so‘nggi haftalari jamlanma tahlili – Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida.

Abduvali Soyibnazarov: Mana shu yoz faslidan boshlab Rossiyaning frontdagi faolligi ancha oshdi. Bu holatni Rossiyaning dronlardan keng foydalanayotgani va dron ishlab chiqarish hamda uni takomillashtirish bo‘yicha olib borayotgan siyosati natijasi sifatida ko‘rish mumkin.
Rossiya asosan uchta: Pokrovsk, Toretsk va Kupyansk yo‘nalishlariga katta e’tibor qaratayotganiga bir qancha maqsad va sabablar bor deb o‘ylayman.
Avvalo, bu yo‘nalishlar ustuvor ahamiyatga ega, chunki bu yerda muhim transport uzellari joylashgan. Asosiy maqsad – dushmanning logistika tizimini izdan chiqarish va keyingi hujumlar uchun platsdarm yaratish bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, bu yerdagi harakatlar chalg‘ituvchi manyovr bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas. Ya’ni Rossiya frontda asosiy e’tiborini aynan shu yo‘nalishlarga qaratayotgandek ko‘rsatib, Ukraina qo‘shinlarining katta qismini – zaxira bo‘linmalarini, frontning boshqa qismlaridan ushbu nuqtalarga jalb qilishga majbur etmoqchi. Bu esa Ukraina uchun boshqa yo‘nalishlarda murakkab vaziyatni yuzaga keltirishi mumkin.
Shuhrat Rasul: Mening nazarimda, yuqorida aytilgan uchta hujum yo‘nalishining barchasi – Donbass viloyatida joylashgan. Hujum taxminan 15 may atrofida boshlangan edi va endi salkam ikki oy bo‘lmoqda. Dastlabki hujumlar yangi viloyatlarga – Sumi va Xarkiv viloyatlariga qaratilgan edi. Lekin shu ikki oylik hujum natijasida Rossiya biror sezilarli natijaga erisha olmadi.
Menimcha, bugungi kunda Rossiya bosh qo‘mondonligi «paypaslash taktikasi»ni qo‘llayapti. Qayerda sal ustunlikka erishsa, yoki ukrain mudofaasida kamchiliklar kuzatilsa, aynan o‘sha nuqtaga zarba berilyapti. Ammo, menimcha, ruslar bu harakatlarida jiddiy, strategik fikrlash bilan ish tutmayapti. Chunki shu salkam to‘rt yillik urush shuni ko‘rsatdiki, Rossiya–Ukraina urushi XX asr urushlaridan farqli ravishda kechmoqda.
XX asr urushlaridagi asosiy taktikalar bugungi real sharoitda o‘zini oqlamayapti. Masalan, o‘tgan asr urushlarida frontning tor uchastkasiga – 5 kilometrga bitta-ikkita diviziya to‘planib, u yer yorib o‘tilar, keyin esa zaxiradagi qo‘shinlar hujumni davom ettirar edi. Sovet armiyasi ustaviga ko‘ra, hujumning kunlik tempi 25-30 kmni tashkil etishi kerak edi.
Biroq bugungi Rossiya–Ukraina urushida bunday holatni ko‘rmayapmiz. Endi front chizig‘i o‘rtasida harakatlanayotgan har qanday texnika yoki askar 8-10 daqiqa ichida dronlar hujumiga uchrayapti. Amerikadagi Urushni tadqiq qilish instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, agar shu tempda urush davom etsa, Rossiyaga Ukrainani to‘liq bosib olish uchun 261 yil kerak bo‘ladi.
Oybek Sirojov: O‘tgan uch yillik urush tarixi shuni ko‘rsatmoqdaki, ma’lum bir pozitsiyalarni egallash katta qurbonlar evaziga amalga oshirilmoqda. Masalan, Baxmutning qo‘lga kiritilishi bunga yaqqol misol. Shu nuqtayi nazardan bu urushni «pozitsion urush» deb atash to‘g‘ri emas, balki bu – «holdan toydiruvchi urush».
Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, strategik hududlar front chizig‘i yorib o‘tilgan qisqa vaqtlarda egallab olingan va u paytda ularni to‘sib qoladigan jiddiy kuchlar mavjud emas edi. Ammo bugungi kunda zamonaviy qurollar, ayniqsa, dronlar tufayli, har qanday yorib o‘tilgan qo‘shinlar ham qisqa vaqt ichida butunlay yo‘q qilib yuborilishi mumkin. Bu imkoniyat ikkala tomonda ham mavjud.
So‘nggi paytda urush asosan dronlar orqali olib borilyapti. Shu bois har ikki tomon ham dronlarni ko‘proq ishlab chiqarishga jiddiy e’tibor qaratayapti. Mening fikrimcha, endi ikki tomon uchun asosiy vazifa –ana shu dronlarni urib tushiradigan yoki ularning harakatini cheklaydigan qarshi tizim yaratish hisoblanadi. Qaysi tomon bu tizimni birinchi bo‘lib yarata olsa, urushda tub burilish yasashi mumkin.
Bu yo‘nalishda ham ikki tomon jadal izlanishlar olib boryapti. Mana, kuni kecha Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvda Tramp Zelenskiyning fikrlarini maqtar ekan, «menga yoqadigan g‘oyalar aytdi», deya ta’kidladi. Zelenskiyning so‘zlariga qaraganda, AQShning bir nechta kompaniyalari bilan ikki asosiy yo‘nalishda hamkorlik qilinmoqda:
1. Uzoq masofaga uchuvchi dronlarni Ukrainadan tashqari hududlarda ishlab chiqarish.
2. Dronlarga qarshi tizimlarni yaratish.
Zelenskiyga ko‘ra, bu izlanishlar yaqin ikki-uch oy ichida amaliy natija berishni boshlashi mumkin.
Kamoliddin Rabbimov: Saylov kampaniyasi davrida, ya’ni hokimiyatga kelayotgan paytda Donald Trampning tashqi siyosatdagi eng muhim vazifalaridan biri – urushni bir kunda to‘xtatish edi. Demak, Putin bilan kelishuv va urushni to‘xtatish masalasida Trampning munosabati 180 gradusga o‘zgarganini ko‘rish mumkin.
Yaqindagi oxirgi telefon orqali suhbatlarda Putin shunday dedi: “Mening urushni to‘xtatish niyatim yo‘q, oldimizga qo‘yilgan vazifaga baribir erishamiz”. Ya’ni Ukraina strategik jihatdan Rossiyaga bo‘ysundirilishi kerak, degan fikrni bildirdi.
Bu murakkab geosiyosiy jarayonda to‘rtta asosiy sub’yekt bor: Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yevropa Ittifoqi, Ukraina, Rossiya.
Rossiyaning asosiy intilishi – vaqt o‘tishi bilan Ukraina to‘liq holsizlanishiga umid qilish. Kremlga yaqin siyosatchilarning fikriga qarasak, ular shunday deyishmoqda: Ukrainada strategik imkoniyat yo‘q, mudofaa tizimi albatta qulaydi – ular shu kunni kutishmoqda.
Yevropa Ittifoqi esa, aksincha, Ukrainaga imkon qadar kuchli va doimiy yordam berish pozitsiyasini ushlab turibdi.
Donald Trampda esa ikki qarama-qarshi nuqta mavjud. Birinchisi – Ukrainaga katta yordam berish. Ikkinchisi – Rossiya, aniqrog‘i, Putin bilan kelishuvga erishish.
Biroq bugungi voqelik shuni ko‘rsatmoqdaki, Putin bilan kelishuvga nuqta qo‘yildi. Ya’ni Putin bilan kelishishning iloji yo‘q. U bosqichma-bosqich, Trampning jahlini chiqarmasdan, oxirgi nuqtaga – «biz kelishmaymiz, biz Ukrainani bosib olamiz», degan nuqtaga yetkazdi.
Trampning Ukrainaga yordam berish borasidagi pozitsiyasi esa hali G‘arbiy Yevropa yoki Ukraina kutgan darajaga yetgani yo‘q. Ammo menimcha, u ham bosqichma-bosqich ana shu nuqtaga yetadi. Chunki Yevropa Ittifoqi Ukrainaga yordam berishni to‘xtatmaydi.
Qiziq tomoni shundaki, AQSh senatorlari Lindsi Grem va Richard Blumental tomonidan tayyorlangan sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasi hozir Kongressda muhokama qilinmoqda. Unga ko‘ra, Rossiya bilan savdo qilayotgan davlatlarga nisbatan 500 foizlik boj joriy qilinishi ko‘zda tutilmoqda.
Rossiyaning ichki resurslari va umumiy vaziyati juda achinarli. Chunki Ukraina bilan urush davomida u hatto Eronga kutilgan yordamni ham taqdim eta olmadi.
Suhbatni to‘liq shaklda YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.
Normuhammadali Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid

21:14 / 09.07.2025
Ukrainada «Neptun» raketasiga oid maxfiy ma’lumotlarni o‘g‘irlashga uringan xitoylik josuslar ushlandi

21:13 / 09.07.2025
AQSh armiyasi Patriot raketalari xaridini to‘rt baravar oshirdi

21:08 / 09.07.2025
Mers Ukrainadagi urushni tugatish uchun diplomatik vositalar tugaganini aytdi

16:48 / 09.07.2025