Jamiyat | 09:07
7774
7 daqiqa o‘qiladi

“Mahallamiz buni ko‘tara olmaydi”: fuqarolar Uchtepa City'ning 16 qavat bo‘lishiga qarshi

Uchtepa tumanidagi salkam 1 gektar joy avvaliga avtoturargoh qurish uchun ajratilgan edi. Lekin keyin, loyiha bir yumalab 5 qavatli, yana bir dumalab 16 qavatli “dom” loyihasiga aylandi. 5 qavatgacha uy qurishga ruxsat olinganiga qaramay, undan yuqoridagi qavatlar uchun ham xonadonlar sotuvi olib borilgan. Kun.uz gaplashgan fuqarolarga ko‘ra, mahalla infratuzilmasi bunday yuklamani ko‘tara olmaydi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Kun.uz'ga Toshkent shahri Uchtepa tumani Bog‘obod mahallasidan murojaat kelib tushdi: mahalla ahli 5 qavatli turar joy deb ruxsatnoma berilgan joyga 16 qavatli uy qurish harakatlaridan norozi.

Surishtiruvimizga ko‘ra, 2018 yilda Uchtepa tumanining sobiq hokimi Shavkatbek Ergashev 96 sotix yer maydonini “Elegant Avto Servis” MJChga ajratib bergan. Qarorda faoliyat turini o‘zgartirmaslik sharti bilan, ko‘p qavatli avtoturargoh qurish belgilangan. Keyinchalik, yer maydoni “Great Vertex” MChJga o‘tgan va jamiyat 2019 yilda obektni ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilishga ruxsatnoma olgan. 2023 yil 23 iyun kuni 5 qavatli turar joy majmuasi uchun Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasidan ijobiy xulosa taqdim etilgan.

1 yil o‘tar-o‘tmas u yerda qurilish ishlari boshlangan. Bir muddat o‘tib, Great Vertex majmuani balandroq qilib qurishga qaror qilgan: 2 ta 16 qavatli va 3 ta 8 qavatli binolar loyihasi ishlab chiqilgan. 2025 yil fevralida Qurilish vazirligi bu yangi loyiha poytaxt bosh rejasiga zid va avtoturargohlar hisobga olinmagan deb, uni rad etgan. Shunday bo‘lsa-da, qurilish ishlarining dastlabki bosqichi faol olib borilgan.

Qurilish inspeksiyasi obektda ko‘p marta o‘rganishlar o‘tkazib, qurilish-montaj jarayonlarida belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilinmaganini aniqlagan. Ayrim ishlarda tasdiqlangan loyiha yechimlariga zid harakatlar kuzatilgan: yerostiga qarab 1,5 metr kovlash belgilangan bo‘lsa, 2,5 metrgacha qazilgan. Inspeksiya jami 13 marta nazorat tadbiri o‘tkazgan va 12 ta yozma ko‘rsatma bergan. Talablar bajarilmagach, buyurtmachi “Great Vertex” MChJning mansabdori MJtKning 99-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

“Agar loyihadan chetga chiqilsa, sudga da’vo arizalari kiritiladi. Hozirda qurilish ishlari vaqtincha to‘xtatilgan. Jarayon ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan”, – deyiladi inspeksiya Kun.uz'ga taqdim etgan axborotda.

Shunga qaramay, aholi vakillari 16 qavatli uy qurilishidan xavotirda.

“Mahallamizda loyiha bo‘yicha 5 qavatli imorat qurilishi kerak edi. Lekin 16 qavat imorat qurilyapti. Mahallamiz bunga qarshi. Ertaga gaz, elektr energiyasi ta’minotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Qolaversa, mana bu yerda maktabimiz bor, o‘quvchilarga salbiy ta’sir qilishi mumkin”, – deydi Elmurod Yo‘ldoshev.

“16 qavat bo‘lgan taqdirda kamida 3000-4000 aholi kelishi mumkin. 1500-2000 ta avtoulovi bo‘ladi. Mana shu kranning toshi yaqinda tushib ketdi. Tushib ketgandan beri bolalarimni ko‘chaga chiqarmayman”, – deydi Laziz Qudratov.

Yana bir fuqaro Avaz Abduvahobovga ko‘ra, mahalladan bir guruh fuqarolar Uchtepa Sity'ning sotuv ofisiga borishganida, 16-qavatlik loyihaning yuqori qavatlari uchun sotuv ketayotgani ma’lum bo‘lgan.

“O‘zi infrastruktura yetarli emas. 700 ga yaqin xonadon turgan bo‘lsa, mashina chiqib ketadigan joy yo‘q bu yerda. Mana shu yerdan yo‘l olinishi kerak edi, yo‘l qurilmadi. Hozirgi yo‘l tor, mashinalar o‘tishi uchun bir-birini kutib turadi. Biror joyga borishda mahalladan chiqib olishimizning o‘ziga ancha vaqt ketib qoladi”, – deydi u.

Uchtepa tumani Bog‘obod mahallasi ko‘chasi, 228-maktabning old qismi

Avaz Abduvahobov qurilish uchun mahalliy aholini chalg‘itgan holda ruxsat olinganini da’vo qildi.

Roziligi haqida qo‘l qo‘ygan fuqarolarning bittasi ham yo‘q. Bittasining Rossiyaga ketganiga 2 yil bo‘lgan ekan. Bir kichik informatsiya bor, bular rozilik olish uchun qaysidir maskanda 100 kishilik osh berishgan ekan. Keyin kam ta’minlanganlarga 1-1,5 kilodan go‘sht tarqatishgan ekan. Shundan keyin, ularga “go‘sht oldingmi, qo‘l qo‘y” deyishgan. Ular go‘sht olganimga qo‘l qo‘yyapman deb o‘ylashgan”, – deydi fuqaro.

Kun.uz'ga taqdim etilgan bir shartnomada, quruvchi mijozga 12-qavatdan xonadon sotgani ko‘rinadi. 5-qavatdan yuqori qavatlarda joylashishi reja qilingan, lekin ruxsat olinmagan xonadonlarning nechtasi sotilgani ma’lum emas.

Boshqa bir fuqaro ulushdor sifatida 8-qavatdan 2 xonali uyga 17 mln 860 ming so‘m to‘lagan. Biroq bahsli masalalardan keyin, pulini qaytarib olgan.

Qurilish vazirligi loyihani tasdiqlamagan bo‘lsa, nega 16 qavatli uylar ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilindi? Hozirgacha 5 dan yuqori qavatlarga nechta odam shartnoma tuzdi, ularning pullari qaytariladimi? Biz shu kabi savollar bilan Uchtepa City'ning sotuv ofisiga borib, ofis yopiq ekaniga guvoh bo‘ldik. Ko‘rsatilgan raqamga qo‘ng‘iroq qilganimizda, operator hozir faqat 5-qavatgacha shartnoma borligini, sotuv ofisi elektr yo‘qligi tufayli onlayn ishlayotganini aytdi.

Ko‘p o‘tmay, firma rahbari Zafar Asadov biz bilan suhbatda Qurilish vazirligi fevral oyidagi loyihani rad etganini, hozirda loyiha tasdiqlanishini kutayotganini aytdi, tafsilotlarni ochiqlamadi. “Hali 1-qavat ham ko‘tarilmagan, nima muammo?” – deydi u.

Avvalroq, xuddi shu joyda bir nechta zarang daraxtlari kesib tashlangani haqida reportaj tayyorlagan edik.

Shahzod O‘roqboyev,
Kun.uz

Mavzuga oid