Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Medgorodok”dagi kabi voqea takrorlanmasligiga kafolat bormi?
Toshkentda issiq suv quvuri bosim bilan sinash paytida yorilib ketdi. Xayriyatki, talafotlar faqat moddiy, baxtli tasodif sabab hech kimga jiddiy shikast yetmadi. Sal qolsa, osmonga uchgan trotuarning beton plitasi odamni bosib qolishi hech gap emasdi. Xo‘sh, shaharda insonlar hayoti tasodif ixtiyoriga tashlab qo‘yilganmi? Kun.uz bu haqdagi savollar bilan mas’ullarga yuzlandi.
10 iyul kuni Shayxontohur tumani Farobiy ko‘chasida trotuar ostidan o‘tgan issiq suv quvuri yorilib, portlashga olib keldi. Voqea kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida, quvurlarni odatiy bosim ostida sinash vaqtida ro‘y berdi.
Kuzatuv kameralaridan olingan videolardan ko‘rinishicha, trotuarda turgan piyodadan bir necha qadam narida trotuarning beton plitasi otilib, o‘tkinchi avtomobilni bosib qolishiga bir baxya qolgan – agar portlash svetoforning qizil fazasida ro‘y berganida, shunday bo‘lishi tayin edi.
Boshqa bir videoda portlash natijasida hosil bo‘lgan quyuq chang ichidan bir necha kishi jon holatda, boshini changallagancha yugurib chiqayotgani ko‘rinadi.
FVV axborotiga ko‘ra, uch kishi yengil jarohatlangan. Bir necha avtomobil va binoga zarar yetgan. Kun.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib, guvohlar va mas’ullar bilan suhbatlashdi.
Veolia Energy'ning Olmazor tumani bo‘lim boshlig‘i Baxtiyor Rasulovga ko‘ra, yetkazilgan zararlar kompaniyaning sug‘urta bo‘yicha hamkori tomonidan qoplab beriladi.
“Qishda yorilib ketmasligi uchun, quvurlar 30-40 yildan beri mana shu tarzda sinab kelinadi. Tajribamda bunday holatlar avval ham bo‘lgan. Bir necha yil oldin sal nariroqda ham shunday portlab, suv balandga otilgan. Yunusobodda ham yorilib, fontan bo‘lib ketgan.
O‘zi 16 atmosfera bosimga sinamoqchi edik, lekin ungacha chiqmadi, 12,6–12,8 atmosferada yorilib ketdi. Har bitta trubaning xizmat muddati bor, bir necha o‘n yil. Biz muddatidan oldin uni almashtira olmaymiz, chirigan joylari bor-yo‘qligini mana shunaqa obpressirovka bilan sinab olamiz. Mana, hozir chirigan joyi chiqdi.
Bunaqa sinov butun shahar hududida bo‘ladi. Zarar yetkazilgan holatlar bo‘yicha aktlar tuzamiz, sug‘urtamiz bor, shu sug‘urta kompaniyasi to‘lab beradi, faqat dalolatnoma asosida.
Belgilangan tartib bo‘yicha, sinov o‘tkazilayotganda ma’lum bir masofalarda xodimlarimizni joylashtiramiz. Bu yerda ham xodimimiz turgan, u odamlarga: “Nariroqqa o‘tinglar, bu yerda sinov bo‘lyapti” deb aytdim deyapti. Nima uchun bu xodimlarni qo‘yamiz? Sababi, yorilib ketsa, zudlik bilan issiq suvni o‘chirishimiz kerak”, – dedi Baxtiyor Rasulov.
Kun.uz muxbiri voqeadan keyin Veolia Energy Tashkent ofisida bo‘lib, kompaniya bosh muhandisi o‘rinbosari Ikromjon Isoqov bilan suhbatda bo‘ldi.
— Shunaqa portlashi ehtimoli bor ekan, bunaqa ishlar tungi vaqtda, ko‘chada odam kam bo‘lgan vaqtda qilinishi kerak emasmi?
— Bunday sinovlarni kechqurun o‘tkazish bundan-da xavfli. Qorong‘i vaqtda bugungidek hodisa bo‘lsa, avariya holatini aniqlash, bartaraf etish cho‘ziladi. Shuning uchun kunduz kuni qilinadi.
Biz sinovlar o‘tkazilishi haqida 1 oy oldin rasmiy manbalarimizda ogohlantirish beramiz. Qaysi ko‘chada, qachon sinovlar o‘tkazilishi bo‘yicha e’lo chiqarganmiz.
— Shu portlagan joyda biror odam turganida, beton plitaning tagida qolar edi. Sinovdan oldin xavfli joylarni lentalar bilan o‘rab chiqish kerak emasmi? Bu borada normativ hujjatlarda qanday talablar bor?
— Xavfli joylarda bizning xodimlar turishadi. Bugun ham turishgan. Quvurlarni bosim berib sinash bo‘yicha 2004 yilda tasdiqlangan qoidalar bor: qanaqa tartibda o‘tishi kerak, hammasi yozilgan. Biz shu tartib bo‘yicha ishlaganmiz. Endi shu tartibni o‘zgartirishni ko‘rib chiqyapmiz.
Bu hodisayam sababchi bo‘lib, tegishli qoidalarni o‘zgartirish bo‘yicha o‘z takliflarimizni beramiz. Takliflarimizdan biri – quvurni yuqori bosimda tekshirmasdan, o‘rniga ultratovush apparatlari bilan tekshirish.
— Sinov paytida bosim sekin-sekin, muayyan vaqt intervallari bilan oshirib borilganmi? Kattaroq portlash bo‘lganiga qaraganda, birdaniga yuqori bosim berilgandek ko‘rinyapti.
— Qoida bo‘yicha har 1 daqiqada bosim 1 atmosferaga ko‘tarib borishadi. Qoidasi shunaqa. Biz sinovda bosimni maksimal 16 atmosferagacha ko‘tarishimiz kerak edi, lekin 12,6 atmosferada shu joy yorilgan.
Bundan tashqari, qoida bo‘yicha, sinovdan oldin issiq suv haroratini 45 darajaga tushirishadi, shunday holatlar bo‘lganda odamlar kuymasligi uchun. Bugun ham suv haroratini 45 darajagacha tushirishib, shundan keyin bosimni 1 daqiqada ko‘tarib borishgan. (Bu vaqtda issiq suv ta’minoti ikkinchi quvur orqali davom ettirilgan – tahr.)
Agar bosim birdaniga ko‘tarib yuborilganida, gidravlik zarba yuzaga kelib, faqat bitta joy yorilmagan bo‘lardi.
— Qanday xulosa chiqariladi, bu kabi holatlar takrorlanmasligi uchun ish tartibiga o‘zgarishlar kiritiladimi?
— Sinov qoidalarini o‘zgartirish bo‘yicha nazorat organlariga taklifimizni beramiz. Birinchidan, yuqori bosimda tekshirmasdan, zamonaviy ultratovush apparatlari bilan tekshirishni taklif qilamiz.
Ikkinchidan, agar shunaqa yuqori bosimli sinovlarni davom ettirsak, odam yuradigan joylarni siz aytganingizdek lenta bilan o‘rab qo‘yish – birinchi maqsadimiz bo‘ladi.
Hozirgi sinovlar qozonxonadan boshlab, oxirgi nuqtagacha bo‘ladi. Yana bir taklifimiz – tekshirishni bo‘lib-bo‘lib, 500 metrdan 1 kilometrgacha bo‘lgan qismlarga ajratib, alohida sinovdan o‘tkazish bo‘ladi.
Sinovlar bo‘yicha hozir yangi grafik tuzilyapti. O‘zi rejamiz bo‘yicha avgust oxiridan sentabr o‘rtasigacha keyingi sinovlar bo‘lishi kerak. Hozir aytib o‘tgan takliflarimiz asosida, sinov tartibiga o‘zgartirish kiritib, shunday hodisa bo‘lmasligiga harakat qilamiz.
Mavzuga oid

19:07 / 10.07.2025
Veolia Energy Tashkent issiqlik tarmoqlarining gidravlik sinovlarini to‘xtatdi

18:33 / 10.07.2025
Bu yil Toshkent shahriga 8 milliard dollar investitsiya jalb qilinadi

16:51 / 10.07.2025
Toshkentda 26 ta ko‘cha tun-u kun ishlaydigan gavjum maskanga aylantiriladi

14:15 / 10.07.2025