Jahon | 14:11 / 11.07.2025
1285
2 daqiqa o‘qiladi

Makron va Starmer Ukraina uchun tinchlikparvarlar bo‘yicha rejani e’lon qildi

Makronning fikricha, Ukraina uchun Yevropa tinchlikparvar kontingenti 50 ming askardan iborat bo‘lishi kerak. «Ko‘ngillilar koalitsiyasi»da ishtirok etuvchi 30 ta davlatning shtabi Fransiyada bo‘ladi.

Foto: REUTERS

10 iyul, payshanba kuni Ukrainada Rossiya havo hujumlari keskin kuchaygan bir paytda G‘arb davlatlari o‘t ochishni to‘xtatishga erishish va bu urushdan vayron bo‘lgan mamlakatni tiklashga tayyorgarlik ko‘rishda davom etishini bildirdi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron «ko‘ngillilar koalitsiyasi» deb ataladigan boshqa davlatlar vakillari bilan videokonferensiya chog‘ida Ukrainaga Yevropa tinchlikparvar missiyasini rejalashtirishni yakunlaganini ma’lum qildi. Makron ehtimoliy kontingent hajmini aytdi — 50 000 askargacha.

Starmerga ko‘ra, tinchlikparvarlik missiyasi bo‘yicha allaqachon kelishilgan rejalar Rossiya va Ukraina o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv imzolanganidan keyin «bir necha soat ichida» amalga oshirilishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tashabbus «yetuk» va «uzoq muddatga mo‘ljallangan». Biroq, hozircha Rossiya va Ukraina o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish imkonsiz ko‘rinyapti.

Kir Starmer, shuningdek, Ukrainaning ittifoqdoshi bo‘lgan Yevropaning 30 ta davlatini o‘z ichiga olgan «ko‘ngillilar koalitsiyasi» allaqachon Parijda o‘z shtabini ochganini aytdi. Bundan tashqari, Kiyevda muvofiqlashtiruvchi markaz tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Shtab Fransiya va Buyuk Britaniya tomonidan boshqariladi, ular barcha taktik va tezkor vazifalarning bajarilishini nazorat qilish uchun javobgar bo‘ladi. Dastlabki o‘n ikki oydan so‘ng, «ko‘ngillilar koalitsiyasi» shtabi Londonga ko‘chiriladi.

Mavzuga oid