Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bloomberg: Ukraina Tyumen viloyatidagi gaz quvurini portlatib yubordi
10 iyul kuni Tyumen viloyatidagi harbiy ishlab chiqarish obektlarini gaz bilan ta’minlovchi magistral quvurda portlash sodir bo‘ldi. Bloomberg agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, portlash uchun javobgarlikni Ukraina o‘z zimmasiga oldi.

Foto: Bloomberg
Tyumen viloyatining Xanti-Mansi avtonom okrugidagi Langepas shahrida 10 iyul kuni Orenburg, Chelyabinsk va Sverdlovsk viloyatlaridagi harbiy ishlab chiqarish obektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlaydigan magistral quvurda portlash sodir bo‘ldi. Ukraina harbiy razvedkasi buning uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi, deb xabar berdi Bloomberg 11 iyul, juma kuni voqeani «maxsus operatsiya» deb atagan Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi (GUR) xodimiga tayanib. Agentlik bu ma’lumotni mustaqil ravishda tasdiqlay olmadi.
"Gazprom" ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda quvur orqali mamlakat ichidagi iste’molchilar uchun deyarli 396 milliard kub metr gaz o‘tkazilgan. Obekt Moskvadan 3000 km uzoqlikda joylashgan.
Ukraina matbuoti hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu gaz quvurining portlashi oqibatida ko‘rilgan zarar 1,3 million dollardan oshishi, bilvosita yo‘qotishlar esa 76 million dollarni tashkil qilishi mumkin. Ukraina razvedkasining fikricha, botqoqli hududdagi og‘ir geologik sharoit tufayli ta’mirlash ishlari kamida bir oy davom etadi.
Ayni paytda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh Ukrainaga qurol yetkazib berishni qayta boshlaganini aytdi. «Bizda eng yuqori darajadagi siyosiy signallar bor — yaxshi signallar, ayniqsa AQShdan, yevropalik do‘stlarimizdan. Barcha ma’lumotlarga ko‘ra, yetkazib berish qayta tiklangan», — dedi u.