Jamiyat | 19:35 / 16.07.2025
1886
5 daqiqa o‘qiladi

Ariza topshirishdan hujjatni rasmiylashtirishgacha – o‘qishni ko‘chirishga oid 7 savolga javob

Davlat granti asosida tahsil olayotgan talaba mos ta’lim yo‘nalishiga ko‘chirilganda grant saqlanadi. Ko‘zi ojizlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ajratilgan maxsus kvota doirasida ham davlat grantlarini saqlagan holda ko‘chirish amalga oshiriladi.

Foto: Getty images

15 iyuldan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalarni qabul qilish boshlandi. Bu jarayonda ko‘pchilik talabalarda turli savollar tug‘ilishi mumkin. Quyida o‘qishni ko‘chirish bilan bog‘liq eng muhim savollarga javob keltirib o‘tilgan.

Oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni ko‘chirish uchun arizalar qaysi muddatlarda qabul qilinadi?

Asosiy qabul: har yili 15 iyuldan 5 avgustgacha, qarorlar 5 avgustdan 30 avgustgacha qabul qilinadi. Uzrli (majburiy) sabablar mavjud holatda: har yili 20 dekabrdan 20 yanvargacha; qarorlar 25 yanvardan 15 fevralgacha qabul qilinadi.

Ariza ijobiy hal etilgan taqdirda, keyingi jarayon qanday tartibda amalga oshiriladi?

Qabul qiluvchi oliy ta’lim muassasasi rektori tegishli vazirlik (idora) yoki Davlat komissiyasining rasmiy xati asosida buyruq qabul qiladi. Qabul qiluvchi muassasa talaba avval tahsil olgan oliy ta’lim muassasasiga shaxsiy yig‘ma jildni yuborish haqida so‘rovnoma taqdim etadi. Avvalgi oliy ta’lim muassasasi ushbu so‘rovnomaga asosan talabani uch kun ichida safdan chetlatgani haqida buyruq chiqaradi va shaxsiy yig‘ma jildni (yoki yopiq yo‘nalishlarda akademik ma’lumotnomani) qabul qiluvchi muassasaga yoki ariza bilan talabaga topshiradi.

Davlat granti asosida tahsil olayotgan talabalar qanday shartlarda mos yoki turdosh yo‘nalishga grantni saqlagan holda ko‘chirilishi mumkin?

Davlat granti asosida tahsil olayotgan talaba mos (turdosh) ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi)ga ko‘chirilganda grant saqlanadi. Ko‘zi ojizlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ajratilgan maxsus kvota doirasida ham davlat grantlarini saqlagan holda ko‘chirish amalga oshiriladi. Boshqa barcha holatlarda, shu jumladan, xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan ko‘chirish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarni O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish tartibi qanday?

Umumiy holatda talabadan ko‘chirilayotgan oliy ta’lim muassasasi yo‘nalishi bo‘yicha maxsus sinov (test, yozma ish yoki kasbiy (ijodiy) imtihon) talab etiladi. Natija Davlat komissiyasiga taqdim etiladi. Turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasi xorijiy davlatdagi davlat xizmati joyidan Tashqi ishlar vazirligi tomonidan rasman mamlakatga qaytarilgan, shuningdek, hukumat qarorlari yoki topshiriqlari bilan xorijga o‘qishga yuborilgan talabalar sinovlarsiz, Davlat komissiyasi qarori bilan ko‘chiriladi. Xalqaro reytingda birinchi 1000 talik ro‘yxatdan joy olgan Rossiya Federatsiyasi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotganlar, sinovlarsiz (Davlat komissiyasi qarori asosida) to‘lov-kontrakt shaklida ko‘chirilishi mumkin. Magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar ko‘chirilishiga ruxsat berilmaydi. Ko‘chirilayotgan oliy ta’lim muassasasida talabaning tanlagan o‘quv tili mavjud bo‘lmasa, o‘qitish tili fuqaroning arizasi asosida belgilanadi.

O‘qishi ko‘chirilgan talabani talabalar safiga qabul qilish qanday tartibda rasmiylashtiriladi?

Qabul qiluvchi oliy ta’lim muassasasi rektori buyruqni talaba ilgari ta’lim olgan muassasadan shaxsiy yig‘ma jild (yoki yopiq yo‘nalish holatida akademik ma’lumotnoma) kelib tushgandan so‘ng rasmiylashtiradi. To‘lov-kontrakt asosida o‘qishi ko‘chirilganlar belgilangan shartnoma to‘lovlarini to‘liq amalga oshirgandan keyin 10 kun muddatda talabalar safiga qabul qilinadi.

Fanlar bo‘yicha farqlar aniqlanganida talaba qanday holatda qabul qilinadi?

Bunda talaba akademik qarzdor sifatida qabul qilinadi. Joriy semestr davomida akademik qarzdorlik bartaraf etilgach, oliy ta’lim muassasasi rektori talabaga stipendiya berish haqida buyruq qabul qiladi.

Yuridik shaxs bilan tuzilgan to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalar o‘qishini ko‘chirish uchun qanday tartib ko‘zda tutilgan?

Yuridik shaxs bilan tuzilgan shartnoma asosida tahsil olayotgan talabalar uchun ko‘chirish, avvalo, ushbu yuridik shaxsning yozma roziligi bilan amalga oshiriladi. Rozilik berilmasa, ko‘chirish taqiqlanadi.

Avvalroq o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha o‘tish ballari tasdiqlangani xabar qilingandi.

Mavzuga oid