Jahon | 15:53 / 17.07.2025
5436
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya «dushman» davlatlar taomlariga soliq solishi mumkin

Qadriyatlari Rossiyanikiga to‘g‘ri kelmaydigan mamlakatlar taomlarini taqdim etuvchi restoranlarni «obro‘sizlantirish» kerak, dedi «Rossiya kommunistlari» partiyasi raisi.

Foto: heydar-aliyev-foundation.org

«Rossiya kommunistlari» partiyasi Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustinga Rossiyaga «dushman» mamlakatlar taomlarini taklif qiluvchi umumiy ovqatlanish korxonalariga soliq joriy etishni taklif qilmoqchi. Bu haqda 16 iyul, chorshanba kuni chop etilgan «Abzats» nashriga bergan intervyusida partiya raisi Sergey Malinkovich aytib o‘tdi. «Rossiyaga dushman bo‘lgan mamlakatlar oshxonasini targ‘ib qilish noto‘g‘ri. Axir bu davlatlar rus restoranlarini rivojlantirishga yordam bermaydi va ularda bunday restoranlar deyarli yo‘q», — deb hisoblaydi Malinkovich.

Unga ko‘ra, birinchi bo‘lib italyan, fransuz, koreys, yapon, ispan va nemis taomlari sotiladigan restoranlar «obro‘sizlantirilishi» kerak. «Masalan, Fransiya, Germaniya va Italiya bizga faol qarshilik ko‘rsatmoqda. Yaponiya uzoq vaqtdan beri bizning hududlarimizni qo‘lga kiritmoqchi edi. Shuning uchun bu mamlakatlar taomlari uchun qo‘shimcha 12 foiz soliq bo‘lishi kerak. Qolganlari uchun biz 10 foizdan boshlashimiz mumkin», deb hisoblaydi siyosatchi. Ommaviy axborot vositalari, bu, masalan, sushi va pitssa tamaddixonalariga ta’sir qiladi, deb hisoblaydi.

Bundan tashqari, Malinkovich Rossiyaning so‘nggi oylarda munosabatlari yomonlashgan turk va ozar oshxonalariga e’tibor qaratishga chaqirdi. Ammo u Rossiyaning «do‘sti» bo‘lgan mamlakatlar oshxonasiga «tegmaslik»ni tavsiya qildi. «Rossiya kommunistlari» rahbari Belarus, Lotin Amerikasi davlatlari, Vetnam, Shimoliy Koreya va arab davlatlarini shunday mamlakatlar qatoriga kiritdi.

Moskva do‘st bo‘lmagan deb hisoblagan davlatlar ro‘yxatiga hozirda 49 ta davlat kiritilgan. Ular orasida, xususan, Slovakiya va Vengriyadan tashqari Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, shuningdek, AQSh, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Ukraina, Shveytsariya va Chernogoriya bor.

Mavzuga oid