Jamiyat | 21:37 / 17.07.2025
5458
4 daqiqa o‘qiladi

“Vagner”ga yollangan o‘zbekistonlik jinoiy jazoga tortildi

Ishlash maqsadida Rossiyaga borgan 59 yoshli erkak o‘sha yerda qotillik jinoyati bilan qamalgan. U jazo muddatini o‘tayotganda berilgan taklifga asosan “Vagner”ga yollanib, Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etgan. O‘zbekistonga qaytgach esa ixtiyoriy ravishda pushaymonlik arizasi bilan murojaat qilgan.

Foto: Dmitriy Grigorev

1966 yilda Qarshi tumanida tug‘ilgan R.D. «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga yollanib, urushda qatnashgani uchun jinoiy jazoga tortildi.

Kun.uz tanishgan sud hujjatida keltirilishicha, R.D. 2020 yil 27 fevral kuni ishlash maqsadida Rossiyaning Moskva shahriga borgan. U o‘sha yerda qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etganlikda gumon qilinib, qo‘lga olingan. 2021 yil 10 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Podolskiy shahar sudi tomonidan aybli deb topilib, 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

R.D. jazo muddatini Saransk viloyatining Mardoviya shahrida joylashgan jazoni ijro etish muassasasida o‘tashni boshlagan. 2022 yil 21 sentabr kuni u berilgan taklifga asosan “Vagner”ga yollangan hamda Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun shartnoma imzolagan.

R.D. 2022 yil 21 sentabridan 2023 yil 21 mart kuniga qadar Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etgan. So‘ngra harbiy harakatlardan ozod qilinib, sodir etgan jinoyati uchun afv etilgan hamda “Za otvagu” va boshqa turli ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan.

Sudlanuvchi R.D. sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lgan.

«2013 yildan buyon Rossiyaga borib, mavsumiy ishlab kelaman. Oxirgi marta 2020 yil 27 fevral kuni Moskva shahriga bordim. Qurilish ishlarida ishlab, karantin boshlangani sababli yashash manzilimga qayta olmadim.

2021 yil sentabr oylarida Podolsk tumanida qurilishda ishlab yurgan vaqtimda navoiylik shaxslar bilan vagon ko‘rinishidagi yotoqxonada birga yashab keldim. Yotoqxonada spirtli ichimlik iste’mol qilib kelgan sherigim bilan o‘zaro janjallashib, jahl ustida o‘zimni himoya qilish maqsadida Nazar ismli kishining ko‘krak qismiga pichoq sanchib oldim. Oqibatda Nazar olgan tan jarohati tufayli vafot etdi. Sodir qilgan jinoyatim yuzasidan menga nisbatan 2021 yil 10 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Podolsk shahar sudi tomonidan 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

2022 yil sentabr oyida men jazo o‘tab kelayotgan muassasaga “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi rahbarlari kelishdi. Ular mahkumlar orasidan harbiy harakatlarda qatnashish uchun shartnoma tuzayotganliklarini eshitdim. JIEM maxsus saqlash bo‘limi rahbari menga urushga borishim uchun nomimni yozib yuborishganini aytdi. Men Rossiya–Ukraina o‘rtasida bo‘layotgan urushda Rossiya tarafini olib ishtirok etish taklifiga rozi bo‘ldim», degan erkak o‘z ko‘rsatmasida.

«Vagner» rahbarlari unga har oyda 100 000 rubl miqdorida oylik maosh va Rossiya fuqaroligi berilishini, shuningdek, unga tayinlangan jazoni o‘tamasligini va’da qilishgan. Bu taklifga ko‘ngan R.D. 2022 yil 21 sentabrdan 2023 yil 21 martga qadar Ukrainadagi jangovar harakatlarda Rossiya tarafini olib ishtirok etgan.

Erkak 2023 yil mart oyidan 2025 yil martiga qadar Moskva shahrida turli ishlarda ishlab yurgan. 2025 yil 9 mart kuni esa “Moskva–Samarqand” yo‘nalishidagi aviareys orqali O‘zbekistonga qaytib kelgan. Shundan so‘ng 2025 yil 11 mart kuni sodir etgan jinoyati xususida DXX Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasiga ixtiyoriy ravishda pushaymonlik arizasi bilan murojaat qilgan.

Sud R.D.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (yollanish) bilan aybli deb topdi va unga nisbatan 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi. Unga qo‘llangan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi bekor qilinib, sud zalidan ozod etildi.

Oldinroq Rossiyada ishlab yurgan davrida ushbu mamlakat fuqaroligini olgan o‘zbekistonlik Ukrainaga qarshi urushda qatnashgani uchun 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Mavzuga oid