Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mers: Isroilning G‘azodagi harakatlari endi qabul qilinishi mumkin emas
Berlin Isroilning G‘azodagi xatti-harakatlarini endi qabul qilib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi, lekin Yevropa Ittifoqining Isroil bilan hamkorlik shartnomasini to‘xtatib qo‘yish imkoniyatini qo‘llab-quvvatlamaydi, dedi Fridrix Mers Berlinda.

Foto: ds-Agentur/picture alliance
Germaniya kansleri Fridrix Mers Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini tanqid qilib, «buni endi qabul qilib bo‘lmaydi» dedi. Germaniya vazirlar mahkamasi rahbari Berlindagi yozgi matbuot anjumanida nutq so‘zladi.
Germaniya hukumati o‘t ochishni to‘xtatish va mintaqa aholisiga har tomonlama gumanitar yordam yetkazilishini talab qilmoqda. Mersning so‘zlariga ko‘ra, u bu borada Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan muntazam shaxsiy aloqada bo‘lib turibdi.
Germaniya mintaqada yashovchilarga gumanitar yordam ko‘rsatadi va agar Isroil hukumati bu sa’y-harakatlarga yordam bersa, ko‘proq narsani qilishga tayyor.
Shu bilan birga, Mers G‘azo atrofidagi vaziyat bilan bog‘liq holda Yevropa Ittifoqining Isroil bilan hamkorlik shartnomasini to‘xtatib qo‘yish imkoniyatini qo‘llab-quvvatlamasligini ta’kidladi. Germaniya vazirlar mahkamasi rahbari, shuningdek, Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini Rossiyaning Ukrainadagi agressiv urushi bilan tenglashtirishga qarshi chiqdi. Dpa agentligining Germaniya kansleri so‘zlaridan iqtibos keltirishicha, Moskvaning harbiy harakatlari xalqaro huquqqa zid, Isroil esa hujumga uchragan va o‘zining yashash huquqini himoya qilmoqda.
Avvalroq, 17 iyul kuni AFP va Reuters agentliklari Isroil G‘azo sektoridagi yagona katolik cherkovi – Muqaddas oila majmuasiga zarba bergani haqida xabar bergan edi. Quddus Lotin patriarxati ma’lumotlariga ko‘ra, kamida to‘rt kishi, jumladan cherkov rahbari Gabriel Romanelli jarohat olgan. Bino shikastlangan.