Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
"Toshshahartransxizmat"ning 7,5 yilga qamalgan sobiq rahbari yarim yil o‘tib ozodlikka chiqdi
«Toshshahartransxizmat» sobiq rahbari Anvar Jo‘rayev va uning o‘rinbosari Abdujamil Azizov davlat mulkini talon-toroj qilishda aybdor deb topilib, 7,5 yildan ozodlikdan mahrum qilingandi. Apellyatsiya instansiyasi sudi jazoni o‘zgartirdi.

Foto: Toshshahartransxizmat
«Toshshahartransxizmat» AJ sobiq boshqaruv raisi Anvar Jo‘rayev va yana 19 kishiga oid jinoyat ishi apellyatsiya instansiyasi sudida ko‘rib chiqildi. Sud ajrimi bilan birinchi instansiya sudi hukmi o‘zgartirildi.
Anvar Jo‘rayevga 3 yil muddatga “Toshshahartransxizmat” AJ tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 4,5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Unga yashash joyini hukmning ijrosini nazorat qiluvchi organ ruxsatisiz o‘zgartirmaslik, O‘zbekistondan tashqariga chiqmaslik, ommaviy va boshqa tadbirlarda ishtirok etmaslik kabi taqiqlar yuklatildi. Anvar Jo‘rayevga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, u sud zalidan ozod qilindi.
Anvar Jo‘rayevning o‘rinbosari lavozimida ishlagan Abdujamil Azizovga ham 3 yil muddatga “Toshshahartransxizmat” AJ tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4,5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanildi. U ham sud zalidan qamoqdan ozod etilgan.
Shuningdek, sud ajrimi bilan jinoyat ishi doirasida ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan boshqa sudlanuvchilarga ham ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan.
2024 yil fevral oyida Kun.uz manbasi Anvar Jo‘rayev Toshkent shahar transport boshqarmasi boshlig‘i hamda «Toshshahartransxizmat» rahbarligidan ketgani, u hibsga olingan bo‘lishi ham mumkinligini xabar qilgandi. Ko‘p o‘tmay uning qamoqqa olingani tasdiqlangan.
JIB Olmazor tuman sudining 2025 yil 3 fevraldagi hukmi bilan Anvar Jo‘rayev va uning o‘rinbosari Abdujamil Azizov qator jinoyatlarda aybli deb topilib, 7,5 yildan ozodlikdan mahrum qilingandi. Anvar Jo‘rayev sudda bergan ko‘rsatmasida unga qo‘yilgan ayblovlarga umuman iqror bo‘lmagan, talon-toroj qilingan ehtiyot qismlari holatlaridan tergovda xabar topganini aytib o‘tgan.
Mavzuga oid

16:08 / 28.03.2025
«Toshshahartransxizmat»ning sobiq rahbari va 20 kishiga sud hukmi o‘qildi

18:27 / 15.01.2025
“Infokiosklarning qaytim bermaslik masalasini yechish imkonsiz” - “Toshshahartransxizmat” raisi o‘rinbosari

15:22 / 15.01.2025
“Avtobusga chipta xaridi uchun yangi infokiosklar tadbirkorlar tomonidan o‘rnatiladi” – Toshshahartransxizmat

18:17 / 22.11.2024