Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin uchun yangi dedlayn, ChatGPT rahbarining xavotirlari va Nyu-York markazida otishma – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Tramp G‘azoda oziq-ovqat markazlari tashkil qilinishini aytdi
AQSh Prezidenti Donald Tramp dushanba kuni G‘azoda ko‘plab odamlar ochlikdan aziyat chekayotganini aytib, Isroil insonparvarlik yordami masalasida ko‘proq ish qilishi mumkinligini bildirdi.
G‘azoda ochlik haqiqat ekanini ta’kidlagan Tramp bu borada Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan qarama-qarshi pozitsiyani egalladi. Netanyahu yakshanba kuni «G‘azoda ochlik yo‘q» deb bayonot bergan va HAMASga qarshi kurashni davom ettirishga va’da bergandi. Tramp esa Shotlandiyaga tashrifi chog‘ida shunday dedi:
«Isroil yordam oqimlari uchun katta mas’uliyatga ega. Juda ko‘p odamlarni qutqarish mumkin. Juda ko‘p odam ochlikda qolmoqda».
U chegaralarsiz oziq-ovqat markazlari tashkil etilishini va bu orqali insonparvarlik yordami — oziq-ovqat va sanitariya vositalarini yetkazishda boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilinishini aytdi. Oq uy vakili esa bu oziq-ovqat markazlari bo‘yicha «tez orada qo‘shimcha tafsilotlar e’lon qilinishini» bildirdi.
Tramp, shuningdek, HAMAS bilan oxirgi kunlarda muloqot qilish qiyinlashganini, ammo Netanyahu bilan garovdagilarni ozod etish bo‘yicha «turli rejalar»ni muhokama qilayotganini aytdi.
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi 24 soat ichida ochlik va yomon ovqatlanish sababli kamida 14 kishi vafot etganini ma’lum qildi. Shu bilan urush davridagi faqat ochlikdan o‘lganlar soni 147 nafarga yetdi, ulardan 88 nafari bolalar bo‘lib, ularning aksariyati so‘nggi haftalarda halok bo‘lgan.
Ikki nafar Isroil mudofaa rasmiysi bildirishicha, xalqaro bosim va vaziyatning yomonlashuvi ularni yangi choralar ko‘rishga majbur qilgan.
Nyu-York markazida otishma: 4 kishi halok bo‘ldi
Nyu-York shahri rasmiylari ma’lum qilishicha, avtomatik qurol bilan qurollangan shaxs dushanba kuni Manxattan markazidagi osmono‘par binoda to‘rt kishini otib o‘ldirgan va keyin o‘z joniga qasd qilgan.
Otishma osmono‘par binoning vestibyul qismida, ish kunining eng tig‘iz — kechki soatlarida boshlangan. Keyin, gumonlanuvchi lift orqali 33-qavatga – boshqaruv kompaniyasi joylashgan ofisga ko‘tarilib, yana o‘t ochgan. Komissar Tishning ma’lumotiga ko‘ra, u oxir-oqibat ko‘kragiga o‘q uzib, joniga qasd qilgan.
Ushbu binoda Blackstone, KPMG kabi yirik moliyaviy kompaniyalar va Milliy Futbol Ligasi (NFL) shtab-kvartirasi joylashgan.
Halok bo‘lgan to‘rt kishi orasida 36 yoshli Nyu-York politsiya xodimi Didarul Islom ham bor. U AQShga Bangladeshdan muhojir sifatida kelgan. Shaharning meri Erik Adams uni «haqiqiy fidoyi qahramon» deb ta’rifladi.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi tomonidan o‘ldirilgan boshqa uch jabrlanuvchi – ikki erkak va bir ayol bo‘lib, ularning shaxsi hozircha ochiqlanmagan. Yana bir erkak og‘ir yaralangan holda kasalxonada.
Nyu-York politsiyasiga ko‘ra, otishmani amalga oshirgan shaxs Las-Vegasdan bo‘lgan 27 yoshli Sheyn Tamura bo‘lgan. Uning ruhiy salomatligida muammolari bo‘lgani hujjatlar bilan qayd etilgan. Tamura yolg‘iz harakat qilgan va hozircha hodisa sabablari aniqlanmagan.
Tailand va Kambodja o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi
28 iyul kuni Tailand va Kambodja rahbarlari Malayziyada, bosh vazir Anvar Ibrohim mezbonligida — uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda tomonlar harbiy harakatlarni to‘xtatish va bevosita muloqotni tiklashga kelishib oldi.
Kambodja va Tailand yetakchilari so‘nggi o‘n yillikdagi yirik qonli to‘qnashuvni yakunlash maqsadida, yarim tun (soat 00:00) dan boshlab kuchga kiradigan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
«Bugun yarim tungi soatdan boshlab kuchga kiradigan, zudlik bilan va hech qanday sharsiz o‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilinadi. Bu — yakuniy qaror», dedi Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim Tailand va Kambodja yetakchilari bilan birga o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
«Bu muzokaralar insonlar halok bo‘lishiga, jarohatlar va ko‘plab odamlarning ko‘chirilishiga sabab bo‘lgan urushni darhol to‘xtatadi degan umiddamiz», degan Kambodja bosh vaziri Xun Manet. U, shuningdek, Prezident Tramp va Xitoyga jarayondagi yordami uchun minnatdorlik bildirdi.
Tailand muvaqqat Bosh vaziri Phumtam Vechayachay, muzokaralar arafasida Kambodjaning samimiyligiga shubha bildirgandi. Lekin, u keyinroq «Tailand sulhga rozi bo‘ldi va bu sulh har ikki taraf tomonidan yaxshi niyat bilan muvaffaqiyatli amalga oshirilishi»ni ta’kidladi.
Janubi-Sharqiy Osiyodagi qo‘shni davlatlar o‘rtasida boshlangan mojaro — og‘ir artilleriya zarbalari va Tailand havo hujumlari bilan 817 kilometrlik quruqlikdagi chegara bo‘ylab bir necha kun davom etdi. Qurbonlar soni 30 kishidan oshdi, shulardan 20 nafardan ortig‘i tinch aholi ekani aytilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 200 000 dan ortiq odam chegara hududlaridan evakuatsiya qilingan.
Xitoy tug‘ilishni rag‘batlantirmoqchi
Xitoy oilalarga uch yoshgacha bo‘lgan har bir bola uchun yiliga taxminan 500 dollar miqdorida pul to‘laydi. «Sinxua» agentligi xabar berishicha, bu Xitoyda bolalar uchun beriladigan birinchi umummilliy nafaqa bo‘lib, uning joriy etilishi «oilalarni qo‘llab-quvvatlash va bolalar tug‘ilishini rag‘batlantirishga» qaratilgan. Bunday nafaqani har yili 20 millionga yaqin oila olishi kutilmoqda.
Xitoy hukumati tug‘ilishni rag‘batlantirishga birinchi marta urinmayapti. Mamlakatda 1970 yillarda tug‘ilishni kamaytirish maqsadida joriy etilgan «bir oila — bir bola» siyosati 2015 yilgacha davom etdi. Shundan so‘ng Xitoy hukumati, aksincha, tug‘ilishni rag‘batlantirishni boshladi.
An’anaviy moddiy rag‘batlantirishdan tashqari, Xitoy hukumati mafkuraviy kampaniyalarni ham qo‘llamoqda: «uylanish va farzand ko‘rishga ijobiy qarashga» bag‘ishlangan partiya yig‘ilishlarini o‘tkazmoqda. Shuningdek, yolg‘iz odamlarni turmush qurishga, oilalarni esa ko‘proq farzand ko‘rishga chaqirmoqda. Shunga qaramay, 2024 yil yakunlariga ko‘ra, Xitoyda tug‘ilgan bolalar soni ketma-ket uchinchi yil kamayib bormoqda.
Ma’lumot uchun, milliy va xalqaro manbalarga ko‘ra, bugungi kunda Xitoy aholisi soni 1,4 milliard kishidan oshadi. Xitoy aholisi ilk marta 1980 yillarda milliarddan oshgan edi. Xitoyliklar 2023 yilda Hindistonga birinchilikni boy berib, aholi soni bo‘yicha ikkinchi o‘ringa tushdi.
ChatGPT bilan muloqotlar hukumatga topshirilishi mumkin
Tobora ko‘proq odamlar psixologik yordam uchun ChatGPT bilan muloqot qilmoqda, ammo bunday suhbatlar haqiqiy terapevtlar bilan muloqotda amal qiladigan huquqiy himoyaga ega emas, dedi OpenAI rahbari Sem Altman.
«Agar siz ChatGPT bilan eng nozik muammolaringiz haqida gaplashsangiz, keyin qandaydir sud jarayoni boshlansa, bizni bu ma’lumotlarni taqdim etishga majbur qilishlari mumkin va men buni juda noto‘g‘ri deb hisoblayman», dedi u.
OpenAI rahbarining ta’kidlashicha, shifokorlar, huquqshunoslar va psixoterapevtlar bilan suhbatlar professional sir saqlanadi, ammo sun’iy intellekt uchun bunday qoidalar hali mavjud emas. U sun’iy intellekt bilan suhbatlar uchun ham xuddi shunday maxfiylik konsepsiyasini zudlik bilan yaratish kerakligini aytdi.
Altmanning ta’kidlashicha, ayniqsa yoshlar ChatGPT platformasidan terapevt, hayot murabbiyi yoki munosabatlar bo‘yicha maslahatchi sifatida tobora ko‘proq foydalanmoqda. WhatsApp kabi shifrlangan messenjerlardan farqli o‘laroq, OpenAI foydalanuvchilarning ChatGPT bilan yozishmalarini o‘qiy oladi - kompaniya xodimlari bu ma’lumotlardan modelni takomillashtirish va suiiste’mollikni aniqlash uchun foydalanadi.
Tramp Putinga yangi dedlayn belgiladi
AQSh prezidenti Donald Tramp Vladimir Putinga Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish uchun bergan 50 kunlik muddatini qisqartirayotganini aytdi.
«Prezident Putindan juda hafsalam pir bo‘ldi. Men unga bergan 50 kunimni kamroq muddatga qisqartirmoqchiman, chunki nima bo‘lishini allaqachon bilaman, deb o‘ylayman», – dedi Tramp Britaniyaga tashrifi chog‘ida. U aynan nimani bilishini aytayotganini ochiqlamagan.
AQSh prezidenti Putin bilan bir necha bor telefon orqali gaplashgani, biroq bu suhbatlardan keyinoq RF qo‘shinlari Ukraina shaharlarini o‘qqa tutishda va «ko‘plab odamlarni o‘ldirish»da davom etganini ta’kidladi. «Biz buni hal qilishimiz kerak bo‘ladi», – dedi Tramp.
Bu bayonotidan taxminan bir soat o‘tganida Tramp yangi ultimatum muddatiga oydinlik kiritdi. «Bugundan hisoblanganda 10 yoki 12 kun muddatga yangi dedlayn belgilamoqchiman», – degan u.
Moskva birjasi indeksi AQSh prezidentining bayonotlaridan keyin pastga quladi. Rossiyada urushni yakunlash uchun 50 kun borligi haqida Tramp 14 iyul kuni e’lon qilgandi – shu bilan bir vaqtda u Ukrainaga yangi qurollar yetkazib berishni boshladi.
Tramp — o‘t ochishni to‘xtatishdan bosh tortadigan taqdirda Rossiyadan energetika resurslarini xarid qiladigan barcha mamlakatlarga AQSh bilan savdoda 100 foizlik bojlar joriy etilishini aytgan. Bunday cheklovlar ta’siriga tushishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar qatorida Xitoy va Hindiston ham bor.
Rossiya Trampning gaplarini jiddiy qabul qilishini aytgan, lekin hozircha ular bajarilmayapti.
Mavzuga oid

13:58 / 28.07.2025
G‘azoda boshlangan vaqtinchalik tinchlik rejimi, Yevropa bilan kelishib olgan Tramp va Malayziyadagi muzokaralar – kun dayjesti

14:36 / 26.07.2025
IShID yetakchilaridan birini o‘ldirgan AQSh, cho‘kib ketishiga sal qolgan Ramzon Qodirov va G‘azoda davom etayotgan fojia – kun dayjesti

13:59 / 25.07.2025
HAMAS bilan muzokaralardan chiqqan AQSh, Osiyoda yangi to‘qnashuv va Falastinni tan olmoqchi bo‘lgan Fransiya – kun dayjesti

13:30 / 24.07.2025