O‘zbekiston | 21:50 / 30.07.2025
2938
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda 1 milliard 200 million dollarlik 14 ta yangi loyiha shakllantirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga 30 iyul kuni Samarqand viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar yuzasidan axborot berildi.

Taqdimotda qayd qilinishicha, Samarqand – aholi soni va o‘sishi bo‘yicha respublikamizda eng yirik hudud hisoblanadi. So‘nggi 8 yilda viloyatda 1 ming 132 ta ko‘p qavatli uy qurilib, 56 ming oilaning turmush sharoiti yaxshilangan. Maktabgacha ta’lim qamrovi 21 foizdan 73 foizga, oliy ta’limda 10 foizdan 45 foizga yetgan.

Davlat rahbarining tashabbusiga muvofiq, Samarqand viloyatida «Islohotlar shtabi» tuzildi. Taqdimotda tadbirkorlarning takliflari asosida ishlab chiqilgan yangi loyihalar haqida axborot berildi.

Masalan, Nurobod tumanida 115 gektarda maxsus sanoat zonasi tashkil qilish taklif etilmoqda. U yerda 472 million dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 1 ming 200 ta ish o‘rni yaratiladi. Qo‘shrabot tumanida xitoylik investorning 40 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyasi hisobiga granit toshini qazib olish va qayta ishlash mo‘ljallangan.

Bulung‘urlik tadbirkor «in vitro» laboratoriya tashkil etib, kartoshka urug‘i bo‘yicha brend yaratishga kirishgan. Tumanda 100 million dollarlik biofarmatsevtika korxonasini ishga tushirish ham rejalashtirilgan.

Umuman, viloyatda 1 milliard 200 million dollarlik 14 ta yangi loyiha shakllantirilgan. Ularning natijasida 12 ming ish o‘rni, 82 million dollarlik eksport imkoniyati ochilishi ko‘zda tutilgan.

Prezident bu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Har bir tuman-shaharning investitsion jozibadorligi va eksport imkoniyatlarini tengma-teng oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Mavzuga oid